O‘zbek tili – o‘zligimiz timsoli
17-oktyabr, dushanba kuni «O‘zimpeksaloqa» mas’uliyati cheklangan jamiyatida O‘zbek tili bayrami kunini nishonlash bo‘yicha madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi O‘zbekiston xalqining milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgani hamda «Davlat tili haqida»gi qonun O‘zbek tilining go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar eshigini ochganligi ta’kidlandi.
Tadbir doirasida, shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, «Shuhrat» medali sohibi Botirjon Ergashev bilan ijodiy uchrashuv tashkillashtirildi.
Ushbu adabiy uchrashuv ham qizg‘in savol-javoblarga boy, ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lib o‘tdi.
Botirjon Ergashev ona tilimiz, uning kelgusidagi ravnaqi va muammolari to‘g‘risida to‘xtalib, bu haqida qayg‘urish – har bir millat kishisining o‘zligini anglashi, qolaversa, burchi ekanini ta’kidladi.
Tadbir so‘ngida Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari o‘z muallifligidagi va boshqa kitoblarni ishtirokchilarga taqdim etdi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yilning 21-oktyabrida Prezident Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ushbu sanani O‘zbekistonda «O‘zbek tili bayrami kuni» deb belgilashni taklif qilgan va 2020-yilning 10-aprelida bu boradagi tegishli qonun hujjatini imzolagan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter