Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon Eron borasida Isroilga so‘rov yo‘lladi

Ozarbayjon Eron borasida Isroilga so‘rov yo‘lladi

Isroilning Eronga qarshi havo hujumlari davom etayotgan shu kunlarda Ozarbayjon yahudiy davlati rahbariyatiga murojaat yo‘lladi.

Trend agentligi xabariga ko‘ra, Boku o‘z so‘rovida Isroildan Eronning ozarbayjon millatiga mansub aholisi istiqomat qilayotgan hududlariga zarba bermaslik, tinch aholi va fuqaroviy infratuzilmalarga ziyon yetkazmaslikni so‘ragan.

Turkiya nashrlari yozishicha, Ozarbayjon hukumati o‘z so‘rovini Isroil ma’muriyatiga rasmiy diplomatik kanallar hamda do‘st davlatlar orqali yetkazgan.

Ta’kidlanishicha, Isroilning fuqaroviy ob’yektlar, jumladan, maktab, shifoxona, masjidlar va ozarbayjonlar yashaydigan turarjoylarga hujumi ko‘plab insoniy talafotlarga olib kelishi mumkin.

Boku Eronning Sharqiy va G‘arbiy Ozarbayjon, Ardabil, Zandjon viloyatlarida millionlab etnik ozarbayjonlar yashashini eslatgan. 

“Biz ziddiyat tomonlarini vazminlik ko‘rsatishga, xalqaro huquq me’yorlariga rioya etishga hamda milliy va diniy mansubligidan qat’i nazar, tinch aholi vakillarini himoya qilishga chaqiramiz”, – deyiladi Ozarbayjon tashqi siyosat mahkamasi bayonotida. 

Ekspertlarga ko‘ra, ham Isroil, ham Eron bilan iliq munosabatlarga ega Ozarbayjon urush sharoitida betaraflikni saqlash va o‘z millatdoshlari xavfsizligini himoya qilishga urinmoqda.

Turli ma’lumotlarga qaraganda, Eronda 25 milliondan 35 millionga qadar etnik ozarbayjonlar istiqomat qiladi. Bu Eron aholisining qariyb 40 foizi demakdir. Ya’ni Eronda Ozarbayjondagidan ham bir necha baravar ko‘proq ozarbayjon millatiga mansub aholi yashaydi. 

Xabaringiz bor, 13 iyun tongida Isroil “Eron yadro quroliga ega bo‘lishga yaqin kelib qoldi” degan iddao bilan poytaxt Tehron va viloyatlar bo‘ylab harbiy uchoqlar orqali zarbalar berdi. Jug‘rofiy joylashuvga ko‘ra Erondagi etnik ozarbayjonlar yashayotgan hududlar ham Isroil zarbalariga nishon bo‘lishi mumkin.

Eron ham hujum ortidan Isroilga qarshi javob zarbalari yo‘llagan.

BMT, Xalqaro Qizil yarimoy jamiyati kabi xalqaro tashkilotlar tinch aholi vakillari orasida qurbonlar ko‘payishi yuzasidan xavotir izhor qilgan va tomonlarni jangovar harakatlarni to‘xtatishga undagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring