Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ozarbayjon Armanistonga talab qo‘ydi

Ozarbayjon Armanistonga talab qo‘ydi

Ozarbayjon Armanistondan Qorabog‘ hududiga noqonuniy ravishda o‘q-dori, mina va askarlar olib kirishni to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda mamlakat TIV bayonotida so‘z boradi.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, 2020 yil 10 noyabr kuni imzolangan uch tomonlama bitimga zid ravishda Armaniston Xonkendi–Xalfali–Turshsu yo‘li bo‘ylab Rossiya tinchlikparvar kontingenti nazorat qilib turgan Ozarbayjon hududiga qurol-aslaha, mina va shaxsiy tarkibni olib o‘tishda davom etmoqda. 

Jumladan, 5 mart kuni Ozarbayjon Qurolli kuchlari tezkor bo‘linmasi hududga transport vositalarini tekshirish uchun yuborilgan. Tekshiruv chog‘i qarshi tomon o‘t ochgan, oqibatida Ozarbayjon QK bo‘linmasi talafot ko‘rgan. Javob zarba bilan qarshi tomonning o‘t ochishiga chek qo‘yilgani xabar qilingan.

Rasmiy Bokuga ko‘ra, bu kabi provokatsiyalar qo‘shni davlat okkupatsiya siyosatidan voz kechmagani va tinchlik borasidagi bayonotlari samimiy emasligini ko‘rsatadi.

2020 yilning kuzida bo‘lib o‘tgan 44 kunlik urush yakunida Ozarbayjon Qorabog‘ mintaqasidagi qariyb 30 yil ishg‘ol ostida bo‘lgan hududlarini qaytarib olgan. Ayni choqda, Boku qo‘shni davlat mina va o‘q-dori tashishda davom etmoqda deb hisoblaydi.

«Bu kabi harbiy provokatsiyalarning oldini olish uchun Ozarbayjon tomoni uch tomonlama bitimga rioya qilish, qurol-aslaha, o‘q-dori, mina va shaxsiy tarkibni noqonuniy tashishni bas qilish, shuningdek, Ozarbayjon hududidan Armaniston qurolli kuchlarini zudlik bilan olib chiqishni talab qiladi», – deyiladi TIV bayonotida.

Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, 5 mart kungi to‘qnashuvda Ozarbayjon QK harbiy xizmatchisi Shahriyor Alibeyli halok bo‘lgan.

Avvalroq Ozarbayjon ombudsmani ishg‘oldan ozod qilingan hududlarda mina portlashi oqibatida qurbonlar soni oshib borayotgani yuzasidan bayonot bergan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring