Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘tgan yilgi YTHlarning 200 dan ortig‘i bolalar o‘limi bilan tugagan

O‘tgan yilgi YTHlarning 200 dan ortig‘i bolalar o‘limi bilan tugagan

2023-yilda 9 839 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 9 209 nafar fuqaro jarohatlangan va 2 282 nafar fuqaro halok bo‘lgan.

Bu haqda 28-fevral kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida o‘qib eshittirilgan IIVning hisobot-axborotida ma’lum qilindi.

Eng achinarlisi, 2023-yilda bolalar bilan bog‘liq 1 794 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 1 568 nafar bola jarohatlangan va 263 nafar bola halok bo‘lgan.

Shuningdek, Senat majlisida avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi sababli, o‘tgan yili jami 16 mln dan ortiq qoidabuzarlik qayd etilgani, jumladan 13 mln dan ko‘p qo‘pol qoidabuzarlik, 42 mingga yaqin  transport vositasini mast holda boshqarish, 300 mingdan ortiq  piyodalar qoidabuzarligi sodir etilgani aytib o‘tildi.

Bundan tashqari Senatga aholidan kelayotgan ichki ishlar organlari faoliyati bilan bog‘liq murojaatlarning aksariyati xodimlarning, ayniqsa, yo‘l-patrul xizmati xodimlarining tarbiyasiz harakatlari, yo‘l harakati qatnashchilari bilan qo‘pol muomalasi ustidan e’tiroz ekanligi ma’lum qilindi.

Shu bois Qo‘mita yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha aholini noroziligiga sabab bo‘layotgan omillar, xususan avtomobil yo‘llarida o‘rnatilayotgan radarlar holati, ularni o‘rnatish me’yorlari, qonun va qonunosti hujjatlardagi tafovutlarni batafsil o‘rganishni rejalashtirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring