Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ortiqxo‘jayevning birinchi o‘rinbosari mahalla raisiga kuch ishlatdi

Ortiqxo‘jayevning birinchi o‘rinbosari mahalla raisiga kuch ishlatdi

Foto: «Gazeta.uz»

Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi «Usta Normat» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Alisher Ikromovni turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlab, unga nisbatan jismoniy kuch ishlatgan. Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi xabar berdi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati mas’ul xodimlari hamda Toshkent viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi rahbariyati voqeaga aniqlik kiritish maqsadida Alisher Ikromov bilan bog‘lanib, holat bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni olgan.

Qayd etilishicha, Baxtiyor Rahmonov mahalla raisini uning xizmat vazifasiga aloqador bo‘lmagan boshqa masalani bajarmagani uchun uni haqoratlagan va kuch ishlatgan.

«Joriy yilning 9 may kuni u «Usta Normat» mahallasi Dehqonobod ko‘chasida joylashgan, B.Rahmonovning ota uyiga chaqirtiriladi. U bu yerda o‘zining xizmat vazifasiga aloqador bo‘lmagan, umuman boshqa bir masalaning bajarilmaganligi bo‘yicha B.Rahmonov tomonidan turli nojo‘ya so‘zlar bilan haqoratlanadi, hatto unga nisbatan jismoniy kuch ishlatiladi», deyiladi xabarda.

Ayni vaqtda mazkur holat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri nazoratiga olingan hamda vazirlik ishchi guruhi tomonidan voqea tafsilotlari batafsil o‘rganilmoqda.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ishchi guruh xulosasi asosida A.Ikramovning, umuman, mahalla tizimidagi barcha xodimlarning huquqiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha qonunchilikda belgilangan hamda o‘z vakolati doirasidagi barcha choralarni amalga oshirishini ma’lum qilgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, 2013 yil 22 aprelda yangi tahrirda qabul qilingan, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga ko‘ra, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Baxtiyor Rahmonov 2021 yil yanvarida Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring