O‘rta yosh inqirozidan qanday qutulish mumkin?
«Layfxaker» nashri «Guy Stuff Counseling & Coaching» maslahat markazi rahbari Kurt Smitning o‘rta yosh inqirozidan qutulishning 6 usuli haqida ma’lumot berdi.
1. Hech qachon kech bo‘lmaydi.
Har bir inson hayotida shunday davr bo‘ladiki, u ortga qayrilib, orzularining barchasi orzuligicha qolib ketganini anglab yetadi. Ehtimol, bularning amalga oshishiga endi kech deb o‘ylarsiz. Bu hissiyot sizni aldab qo‘yishiga yo‘l bermang.
Sizning hali biror kitob yozish, toqqa chiqish, safarga borish yoki boshqa narsalarni qilish uchun vaqtingiz ko‘p. Sizni yosh va harakatchan insonlar o‘rab olganini tushunish insonni ozgina ranjitadi. Ammo inqirozdan qochmoqchi bo‘lsangiz — yoshingiz orzularingizning amalga oshishiga to‘sqinlik qila olmasligiga ishonishingiz kerak.
2. Nima muhimligini anglang.
Hayotiy rejalar vaqt o‘tishi bilan o‘zgaradi va bu normal holdir. Amalga oshmaydigan orzu va istaklardan voz kechishdan qo‘rqmang. Agar siz qimmatbaho mashinani sotib olish o‘rniga pulni tejash haqida o‘ylay boshlagan bo‘lsangiz, bu o‘zingizga va o‘z qarashlaringizga zid ish qilayotganingizni anglatmaydi. Hayotning yangi bosqichiga o‘tishda qadriyatlarni o‘zgartirishning yomon tomoni yo‘q.
3. Qulay paytni kutishni bas qiling.
Biror narsa qilish vaqti keldi. Bu yillar davomida to‘plagan mablag‘ingizni qimorga sarflab yo‘q qilib yuborish kerak degani emas. Nima istayotganingizni belgilab oling, reja tuzing va uni amalga oshira boshlang. Kutish noqulaylik hissi va doimiy tashvishlarga olib keladi.
Maqsadlaringizga erishing, lekin ishingizga mas’uliyat bilan yoshdashing. Do‘stlaringiz yoki qarindoshlaringizdan maslahat so‘rashdan uyalmang, chunki chetdan qaraganlarga yutuq va kamchiliklar yaxshi ko‘rinadi.
4. O‘tmishdan afsuslanmang.
Hammamiz nimadandir afsuslanamiz. Bu tuyg‘usiz hayot kechirish mumkin emas. Lekin buni yengish kerak. Yordami tegishi mumkin bo‘lgan choralarni qo‘llang: kimgadir ozor yetkazgan bo‘lsangiz undan yoki bajarilmagan va’dalar uchun o‘zingizdan uzr so‘rang, keyin esa o‘tmishni unuting. Siz oldinga intilayotganingiz uchun yomon odam bo‘lib qolmaysiz.
5. Do‘stlar orttiring.
Agar sizning do‘stlaringiz bo‘lmasa, hozir do‘st orttirishning ayni vaqti. O‘rta yosh inqirozi vaqtida sizga maslahat beradigan kishilarning borligi muhimdir. Do‘stlar yaxshi kunda ham, yomon kunda ham suyanchiq bo‘lishadi.
6. O‘zingizni yaxshi saqlang.
Sport hayotning barcha bosqichlarida muhim ahamiyatga ega. U nafaqat tanani chiniqtiradi, balki ruhni ham toblaydi. Sport bilan muntazam shug‘ullanish aqlni charxlaydi, stressni yengishga yordam beradi. Bundan tashqari, sport zalida siz doimo kim bilandir tanishishingiz yoki yangi do‘stlar topishingiz mumkin.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter