O‘qituvchilarning oyligi yana oshiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi avlod o‘quv darsliklari taqdimotida nutq so‘zlamoqda:
«Mana bugun ta’lim sifatini oshirish, yangi darsliklar masalasida gaplashamiz. Xo‘sh, bu yangi darsliklarni farzandlarimizga kim yetkazadi? Albatta muallim! Men bekorga muallimning obro‘sini ko‘tarish haqida takror-takror gapirmayman. Bugungi globallashuv davrida ta’lim, kelajak avlod barkamolligi qay darajada muhimligini yanayam kuchliroq anglab yetyapmiz.
Bugun yoshlarimiz, bolalarimizning o‘zi «Bizga kechagi kun ta’limi kerak emas» degan talabni qo‘yishyapti. Hozirgi islohotlarimizni reajalashtiryapmiz, katta-katta marralarni qo‘yyapmiz. Ularni aytish oson, lekin bajarish azob. Lekin har qancha qiyin bo‘lmasin biz farzandlarimiz uchun bu islohotlarni amalga oshirish uchun harakat qilishimiz shart.
Bugungi intiluvchi bolalar kelajakda sizning oltin fondingizga aylanadi. Ularning yutuqlaridan faxrlanasiz. «Men jonajon vatanim uchun qanday hissa qo‘shyapman?!» degan savolga javob o‘z ustimizda ishlashimiz va farzandlarimiz kamoloti bo‘ladi.
Yilimiz nomini ham ta’limga bog‘laganimiz bejiz emas. Bu masala mening doimiy diqqat markazimda bo‘ladi. Maoshlaringizni oshirdik, lekin bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Imkoniyatimiz bo‘lishi bilan yana ko‘paytiramiz», deya qayd etdi davlat rahbari.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter