Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olmonlarning Asosiy qonunga ishonchi qanday?

Olmonlarning Asosiy qonunga ishonchi qanday?

Germaniya Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 75 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Drezden texnika universiteti huzuridagi «Migratsiya va demokratiya» markazi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov olmonlarning Asosiy qonunga ishonchi kuchli ekanini ko‘rsatdi.

«Turli siyosiy qutblarning fikr, nuqtai nazar borasidagi ixtiloflariga qaramay, Asosiy qonun demokratiyaning mustahkam tayanchi bo‘lib qolmoqda», – deydi «Migratsiya va demokratiya» markazi rahbari Hans Forlender.

Respondentlarning 81 foizi Germaniya Konstitutsiyasi hayotbaxshligini isbotladi deb hisoblaydi. Faqat 6 foiz ishtirokchigina bunga zid fikrda.

Aholining Asosiy qonunni saqlashga bo‘lgan intilishi ham yuqori: 78 foiz respondent Konstitutsiyani unga qarshi sa’y-harakatlardan himoya qilishga shayligini bildirgan.

Ijtimoiy so‘rov davomida germaniyaliklar uchun so‘z erkinligi, inson qadr-qimmati daxlsizligi, tabiiy boyliklarning davlat tomonidan muhofaza etilishi, yig‘ilish va namoyishlar erkinligi o‘ta muhim ekani ma’lum bo‘ldi.

Hukumat va parlamentdan farqli o‘laroq aholining federal Konstitutsiyaviy sudga ishonchi baland ekani aniqlandi.

Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan to‘rt yil o‘tib, 1949 yilning 23 mayida imzolangan Asosiy qonun Germaniya Federativ  Respublikasining huquqiy poydevori vazifasini o‘tagan.

1948 yilning avgustida Bavariya qiroli Lyudvig II ning qarorgohi – Herrenkimze qasrida Konstitutsiyaviy kengash majlislari bo‘lib o‘tgan. G‘arbiy hududlar vakillaridan iborat Kengash Ikkinchi jahon urushi xatolaridan saboq chiqargan olmon davlatining Asosiy qonuni tamoyillarini ishlab chiqishi lozim edi.

Konstitutsiyaviy kengashning tarixiy ahamiyati shundaki, ikki hafta ichida nafaqat Germaniya, balki butun taraqqiyparvar G‘arb kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etgan hujjat tarhi tayyorlangan.

Bahs-munozaralar jarayonida federal hukumatning keng vakolatlarga ega bo‘lishi, federal prezidentning betarafligi kabi masalalarda mushtarak xulosaga kelingan. Mamlakat demokratik-huquqiy yo‘lni tanlagani belgilangan.

Germaniya o‘sha vaqtda ikki lagerga bo‘lingani sabab Konstitutsiya muvaqqat ravishda Asosiy qonun deb atalgan. Ya’ni «Konstitutsiya otalari» mamlakatning sharqiy hududlari – Germaniya Demokratik Respublikasining birlashuvi omilini ham nazardan qochirmagan. 1990 yil 3 oktyabrda g‘arbiy va sharqiy hududlar birlashganidan keyingina ushbu hujjat butun olmon xalqining Konstitutsiyasi deb e’tirof etilgan.

Asosiy qonun «Inson qadr-qimmati daxlsizdir. Uni hurmat qilish va muhofaza etish davlat hokimiyatining majburiyatidir» degan modda bilan boshlangani bejiz emas. O‘tgan yillar mobaynida ushbu hujjatga ko‘plab o‘zgartirishlar kiritilgan bo‘lsa-da, inson qadr-qimmati va asosiy erkinliklariga doir moddalar o‘zgarishsiz qoldi.

«Asosiy qonunda mamlakatimizni yashash uchun jozibador qilgan, barqaror demokratiyamizni g‘animlardan himoya qilishga qaratilgan barcha qadriyat va qoidalar mujassamdir», – deydi Germaniya kansleri Olaf Shols 75 yillik sana munosabati bilan chiqishida.

Olmon hukumati rahbari Konstitutsiyani himoya qilish har bir fuqaroning burchi ekanini ham urg‘ulagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring