Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oliy sud: «Ayrim davlat ijrochilari alimentdan qarzi yo‘q shaxslarga chetga chiqishda sun’iy cheklov qo‘ymoqda»

Oliy sud: «Ayrim davlat ijrochilari alimentdan qarzi yo‘q shaxslarga chetga chiqishda sun’iy cheklov qo‘ymoqda»

Foto: AOKA

Ijro hujjati bo‘yicha qarzi yo‘q va aliment to‘lashdan bo‘yin tovlamagan shaxslarga mamlakatimizdan chetga chiqishda sun’iy cheklov qo‘yishdek salbiy holatlar uchrab turibdi. Bu haqda, 11 oktyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov aytib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, sudlar tomonidan joriy yilning birinchi yarimida ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 7 ming 704 ta ma’muriy ish ko‘rib chiqilgan. Xususan, davlat ijrochisining aliment to‘lovchi shaxsni mamlakatimizdan chiqishini vaqtincha cheklash haqidagi qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi ishlar ham shular sirasiga kiradi.

Qonunchilikka ko‘ra, qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga ko‘ra ijro hujjati belgilangan talablar muddatida ijro etilmaganda davlat ijrochisi undiruvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdor jismoniy shaxsning mamlakatdan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli.

«Voyaga yetmagan bolalar ta’minoti uchun alimentlar oldindan to‘langan yoki garov shartnomasi tuzilgan bo‘lsa davlat ijrochisi tegishli hujjat olingan kunning ertasidan kechiktirmasdan tegishli idoralarga qarzdor jismoniy shaxsning mamlakatimizdan chiqishga oid cheklovi olib tashlangani to‘g‘risida yozma ravishda xabardor qiladi», — dedi Aziz Obidov.

Oliy sud vakilining qo‘shimcha qilishicha, amaliyotda ayrim davlat ijrochilari ushbu qonun talablarini noto‘g‘ri talqin qilgan holda ijro hujjati bo‘yicha qarzi yo‘q va aliment to‘lashdan bo‘yin tovlamagan aliment to‘lovchi shaxslarga ham mamlakatdan chetga chiqishda sun’iy cheklov qo‘ymoqda.

«Ular bundan norozi bo‘lib, ma’muriy sudlarga murojaat qilganda ularning talablari rad etilayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi. Chunki qayd etilgan ushbu qonun talabi umumiy qoida bo‘lib, »Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan barcha ijro hujjatlari bo‘yicha amal qiladi. Qonunda sanab o‘tilgan ijro hujjatlaridan faqat aliment undirish haqidagi ijro hujjati bo‘yicha maxsus qoidalar boshqa qonun va me’yoriy hujjatlari bilan belgilangan», — dedi u.

Qo‘shimcha qilinishicha, ba’zan aliment to‘lovchi shaxslar o‘zlarining tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun mamlakatdan chetga chiqib, turli shartnomalarni tuzib kelishiga zarurat tug‘ilishi, alimentni biryo‘la to‘lashga imkoniyati bo‘lmasa-da, aliment ta’minoti sifatida garovga qo‘yishga mulki borligi, lekin undiruvchi atay garov shartnomasini tuzishdan bosh tortib kelayotganini ma’lum qilingan.

Aziz Obidov qonun talablarini noto‘g‘ri qo‘llagan davlat ijrochilari soni va ularga nisbatan qanday chora ko‘rilgani haqida axborot bermagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring