Olis kon qa’ridagi yetmish million dollar
Hazil-mutoyiba hissi muvaffaqiyat sari yo‘l olganingizda boshga tushgan kaltaklar og‘rig‘ini yumshatishi mumkin. Agar siz tabiatan jozibali fe’l-atvorga ega bo‘lsangiz, omadim keldi, deb hisoblayvering. Aks holda bu fazilatni rivojlantirishga to‘g‘ri keladi.
O‘z-o‘zidan ayonki, yumorning shirin hissi sizni yanada maftunkor va diltortar shaxsga aylantiradi. Birgina shuning o‘zi bilan ham muvaffaqiyatga erishishingiz mumkin. Muhimi, u qisqa muddatli omadsizliklarni bartaraf etishga ko‘maklashishi bor gap.
Hazil-mutoyiba muvaffaqiyatsizliklar ustidan baland turishga va yangi harakat dasturini ishlab chiqishga madad beradi. Bu esa sizni yana zafar yo‘liga olib chiqadi.
Shiringina mutoyiba hissining asosi eng muhim tarzda murosaga kelishdan iborat. Agar Minni Li Stin hazil-mutoyibaning bu turidan foydalanmaganida to‘rt nafar bolasi bilan yanada dahshatli kunlarni boshidan kechirgan, Yuta shtatining kimsasiz maskanlarida uranni ajratgan eri Charlz yuz karra qiynalgan bo‘lardi.
Mashaqqatli ikki yil mobaynida Charlz va Minni Li Stin hazilkashlik hissini tark etishmadi. Ular farzandlari uchun «Birinchilar» nomli o‘yin o‘ylab topishdi. Mazkur o‘yin mazmuni qiyinchiliklar hisoblanar, ammo uni o‘ynab, rohat qilishardi. Nima bo‘lganda ham bu jasur oilani barbod etuvchi biror imkoniyat yuzaga kelmadi.
Nihoyat Stin g‘alaba qozondi. U uranli ruda konini topishga muyassar bo‘ldi. Uch yil ishlatilmay yotgan konni ishga tushirdi, u yerda esa... yetmish million dollar bor edi.
Charlz va Minni Li Stin qashshoqlik chohidan badavlatlik cho‘qqilariga ko‘tarildilar.
Stinlar oilasi nima ish qilgan bo‘lsa, buni siz ham bemalol uddalaysiz. Muvaffaqiyat va g‘alabalarni hisobga olishni o‘rganishdan avval muvaffaqiyatsizlik va muammolarni fikrlaringizda asosiy o‘ringa chiqarishga urining. Agar buni bajarish qiyin bo‘lsa, g‘alabalaringiz ro‘yxatini bitta qog‘ozga yozib chiqing. Har safar ishingiz yurishmagan paytda uni albatta o‘qing. Yodingizda bo‘lsin, g‘alabalarni yozar ekansiz, u xazinaning aynan o‘zi ekanligiga e’tibor bermaysiz. Bu tani joningiz sog‘lomligi, muhabbat yoki oilangiz nihoyatda qadrlagan faxr tuyg‘usi bo‘lishi mumkin.
Muammolardan cho‘chimang. Ularni muvaffaqiyat sari boradigan yo‘lingizdagi tosh deb faraz qiling, bittalab sanashni o‘rganing. Sizning yengib o‘tgan har bir to‘sig‘ingiz maqsadingiz sari yaqinlashtiradi. Esingizda bo‘lsin, har qanday noqulay vaziyatdan yanada yomoni bo‘lishi mumkin. Shoshilmang, aks holda oyog‘i yo‘q odamni ko‘rmaguncha poyafzali yo‘qligidan shikoyat qilib so‘kingan kimsaga aylanib qolasiz. Xudoga oz bo‘lsa-da, bergan ne’matlariga har kuni shukr qiling. Kun davomida boshqalarga yordam berish uchun, albatta, vaqt toping.
Shu bilan birga yodingizda tuting: har qanday muammo yangi va kamdan-kam uchraydigan hodisa emas. Siz zuddi shunday qiyinchiliklarga duch kelgan odamlardan maslahat yoki yordam so‘rashingiz mumkin. O‘zingizni yakka-yolg‘iz his etmang. Sizda hamisha ulug‘ kuch mavjud. Muammolarni yuzma-yuz, mardona, dadillik bilan va qat’iy tarzda qarshi olishni odat qiling. «Sarguzasht, bu ─ noqulaylik bo‘lmay, balki to‘g‘ri va tushunarli holatdir», ─ deganida Emanson naqadar haq bo‘lgan.
Unutmang, sizni ham yaqin atrofda millionlar kutib turibdi.
(Napoleon Xill kitobidan)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter