Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘g‘irlangan bolalik badali... 1-maqola

O‘g‘irlangan bolalik badali...  1-maqola

Yo‘l-yo‘l pijama kiygan bola haqidagi filmni ko‘pchilik ko‘rgan bo‘lsa kerak. Ikkinchi jahon urushi. Lager. Unda bir xil yo‘l-yo‘l kiyimdagi odamlar va bolalar yashaydi. Og‘ir ahvolda. Fashizm va uning dahshatli oqibatlari ushbu filmda sodda, xurofotdan xoli, mehribon, samimiy bola – Bruno ismli konslager qo‘mondonining sakkiz yoshli o‘g‘li dunyoqarashi orqali ko‘rsatilgan.

Nemisning o‘g‘li Bruno bu g‘alati fermadagi bir xil kiyimdagi odamlar kimlar ekanini tushunmaydi. Ammo u o‘sha yerda o‘z tengdoshidan o‘rtoq topadi. Ikki dushman tomonning bolalari uchun dushmanlik va urush begona. Ular hech qanday g‘arazlarsiz va manfaatlarsiz do‘stlashadi. Nemisning o‘g‘li tutuni chiqib turgan anavi xonalarda bir kunda yuzlab odamlar yoqilishini tasavvuriga ham sig‘dira olmaydi. Shuningdek, yo‘l-yo‘l zebra kiyim kiygan bolakay ham bu vahshiylikdan xabarsiz. Ikki farishta xuddi urush bo‘lmayotgandek do‘stlashadilar, har kuni biri simning bu tomonida biri u tomonida suhbatlashadi, o‘ynaydi... Ammo o‘rtasini sim to‘siq to‘sib turgan, qarama-qarshi tomonda yashovchi bolalar o‘rtasidagi kattalar mantig‘iga ko‘ra «mumkin bo‘lmagan» do‘stlik qanday tugaydi?...

Foto: istokirb.ru

Maqola kino haqida emas – urushda bola dushman bo‘lolmasligi, urushni bola boshlamasligi, ammo eng ko‘p qurbon bo‘lishi haqida. Maqola bola urushda faqatgina o‘lmasligi, balki o‘ldiruvchi bo‘lib ishtirok etishida. Maqola nafaqat bola urush dahshatlari tufayli ruhiy jarohat olmasligi, balki uning askar bo‘lishi va umrining oxirigacha urush maydonida qolib ketgan bolaligini izlash haqida. Urushda bola nafaqat jisman o‘ladi, balki ruhan o‘lib hech qachon hayotga qayta olmaydi. Maqola shu haqda.

Qizil qo‘l kuni

Har yili 12 fevral Qizil qo‘l kuni urushlar va qurolli mojarolarda qatnashishga majbur bo‘lgan askar bolalarni xotirlash kuni sifatida nishonlanadi. Bu kun voyaga yetmaganlarni harbiy xizmatga chaqirish amaliyotiga qarshi, o‘z vatanidagi harbiy mojarolar tufayli oddiy bolalikdan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirishdir.

 Foto: ru.wikipedia

Kongo Demokratik Respublikasi, Ruanda, Uganda, Sudan, Myanma, Filippin, Kolumbiya va Falastinda bolalardan askar sifatida foydalaniladi, jumladan, qurolli mojarolarda. 2009 yilda faqat rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 250 mingga yaqin bola harbiy xizmatda bo‘lgan va ularning uchdan bir qismi qizlar edi.

Qurolli to‘qnashuvlarda omon qolgan askar bolalarda ko‘pincha ruhiy kasalliklar, savodxonlik va hisob-kitoblarning yomonligi, shuningdek, tajovuzkorlikning kuchayishi kabi xulq-atvor muammolari paydo bo‘ladi, shuningdek, balog‘at yoshida ishsizlik va qashshoqlik xavfini oshiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, o‘smir bolalarni harbiy xizmatga jalb qilish va o‘qitish, hatto ular urushga yuborilmagan bo‘lsa ham, ko‘pincha o‘z joniga qasd qilish xavfi,  stress, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish va zo‘ravonlik harakati kuzatilgan. 

 Urushda bola yo‘q

Siyosatshunos Valeriy Ryazanskiy 2015 yil 7 mayda ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida shunday deydi:

«Urushda bola yo‘q», degan naql bor. Bu to‘g‘ri, chunki bu tushunchalarning bir-biriga yaqinlashishi g‘ayritabiiydir. Urushda tug‘ilganlar bolalikdan voz kechishlari kerak edi. Har bir inson hayotining bir lahzasini xotirasida saqlaydi, bu unga ikkinchi tug‘ilish, butun kelajak taqdirida burilish nuqtasi bo‘lib tuyuladi.

Hozirgi kunda bolalar huquqlari va xalqaro konvensiyalarning qabul qilinishi haqida gapirilayotgan bir paytda bolalik deyarli daxlsizlik maqomidan mahrum. Bolalar tobora ko‘proq harbiy mojarolarga jalb qilinib, og‘ir jinoyatlarning qurboni yoki sheriklariga aylanishmoqda. Ruandada deyarli barcha bolalar yetim qolgan, ularning 16 foizi yaqinlarining jasadlari ostida yashirinib tirik qolgan. Ruandadagi Tutsi xalqining qirg‘in qilinishidan so‘ng, so‘rovlarda bolalar katta bo‘ladimi yoki o‘ldimi, ularga ahamiyat bermasliklarini aytishdi. Yaqinda, 10 yil oldin, Chechenistonda o‘n yoshli o‘g‘il bolalar g‘urur bilan pulemyotlar bilan yurishgan.

Bir necha yil oldin Checheniston Respublikasida bolalar, asosan, qizlar orasida katta ruhiy epidemiya bo‘lgan. Vaqti-vaqti bilan ular qisqa muddatli bo‘g‘ilish, konvulsiyalarni boshdan kechirdilar va dahshatdan qichqirdilar. Jabrlanganlar orasida psixologik yuqumli kasallikning ta’siri qayd etilgan. Bir bolada tutqanoq bo‘lganida, yaqin atrofdagi boshqa bola hushidan ketib, keyin talvasa qila boshlaydi. Ular urush paytida tug‘ilgan va uzoq vaqt stressni boshdan kechirgan odamlar qurshovida o‘sgan. To‘satdan ular orasida bo‘g‘ilish, talvasa kabi sirli kasallik epidemiyasi paydo bo‘lganda, ularning ruhiy holatini tasavvur qilishning iloji yo‘q. Ular menga bir voqeani aytib berishdi: o‘tgan yozda ota-onalari tomonidan Ukrainaning janubi-sharqidan Qrim lageriga dam olish uchun yuborilgan bir necha o‘n to‘rt yoshli o‘g‘il bolalar qochib ketishdi. Ular Simferopol vokzalida qo‘lga olindi: yigitlar uylariga borib, o‘z yerlarida jazo kuchlariga qarshi kurashishni rejalashtirishgan.

Bu bolalar kattalar tomonidan to‘xtatilishi mumkin, lekin bir necha yil ichida ular katta bo‘ladi va hech kim ularni qo‘lidagi avtomatni olib, «xunta»ga qarshi kurashishga to‘sqinlik qila olmaydi. Ruhiyati endi rivojlanayotgan bolani qo‘ya turaylik, urush va majburiy qochib ketish kattalar ruhiyatiga kuchli zarba bo‘ladi.

«Bonus» sifatida bu bolalarning barchasi kelajakdagi hayotiga xalaqit beradigan eng keng fobiyalarni oladi. Ba’zilar o‘z qo‘rquvlarini mustaqil ravishda yengishadi, ba’zilariga psixologlar yordam beradi, kimdir esa yordamsiz qoladi va e’lon qilinmagan fuqarolar urushining yana bir bilvosita qurboniga aylanadi. Kimdir musofir yurtda kattalarning tinch, adashgan yurt haqidagi hikoyalarini tinglab o‘sadi. Kimdir qurol shovqini, otishma ovozi va ogohlantirish tizimining qichqirig‘i ostida o‘sishi kerak bo‘ladi. Lekin ikkalasi ham katta bo‘ladi va bir kun kelib o‘g‘irlangan bolaligi uchun badal so‘rashadi...»

Falastin va Ugandada olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, sobiq askar bolalarning yarmidan ko‘pi ruhiy jarohatdan keyingi stress buzilishi alomatlarini ko‘rsatgan va Ugandadagi har o‘ninchidan to‘qqiztasida ruhiy tushkunlik holati bo‘lgan. Falastinlik tadqiqotchilar, shuningdek, qurolli to‘qnashuvlarda yuqori darajadagi zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan bolalar boshqa bolalarga qaraganda tajovuzkorlik va anti-ijtimoiy xulq-atvorni ko‘rsatish ehtimoli ko‘proq ekanligini aniqladilar.

12 yoshli Muhammad Adan Ugas. Foto: pikabu ru 

Nafaqat urush, hatto harbiy askarlikka tayyorlaydigan armiyada askarlar aziyat chekadi. Misol uchun, Buyuk Britaniyadagi harbiy o‘quv markazlarida zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha 62 ta rasmiy shikoyatni qayd etdi.

2014 yilda 17 yoshli Jo Turton mashg‘ulotlar davomida xodimlar tomonidan zo‘ravonliklarni eslaydi: «Kaprallar biz uxlayotgan angarga kirib kelishadi va ular vahshiy ko‘zlari bilan qichqirib, askarlarni itarib yuborishadi. Katta serjant askarni havoga ko‘tarib devorga uloqtiradi. Kapral boshimga qattiq urdi – dubulg‘amni kiyib olgan bo‘lsam-da, men yiqilib tushdim. Biroz vaqt o‘tgach, biz loyda sudralib o‘tmoqdamiz, bir kapral meni ushlab, dalada yarim yo‘l bo‘ylab sudrab ketdi. U qo‘yib yuborgach tanam shunchalar qaqshab og‘ridiki ingrab yubordim. Yana bir boshqa kapral esa yerda yig‘layotganimni ko‘rib, menga ishora qilib, kuladi».

Jinsiy zo‘ravonlikning yuqori ko‘rsatkichlari harbiy sharoitlarga, jumladan, mashg‘ulot muhitiga xosdir. Masalan, 2015 va 2020 yillar oralig‘ida Britaniya qurolli kuchlarida 16 yoki 17 yoshli qizlar jinsiy zo‘rlash yoki boshqa jinsiy tajovuzlar haqida o‘z tengdoshlariga qaraganda ikki baravar ko‘p xabar berishgan. Eng yomoni esa urushning madaniy normallashuvi. Urushda katta bo‘lgan bolalar qasoskor bo‘lib voyaga yetadi, masalan, do‘stlar va qarindoshlarning o‘ldirilganini ko‘rgandan keyin. Yoki «jangchi» bo‘lish yetuklikka o‘tishni belgilaydi, degan qarashlarning mavjudligi...

Kattalarga qaraganda xavf-xatarni sezmaydi

Bu haqda mutaxassislar ta’kidlaganidek, kattalarga nisbatan, bolalarning, shu jumladan, o‘smir bolalarning nevrologik rivojlanmaganligi ularni urushga ko‘proq moyil qiladi, shuningdek, xavf-xatarlarni hisobga olmasdan keyingi qarorlar qabul qilish ehtimoli ko‘proq.

Germaniya, Buyuk Britaniya va AQShda olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, urushga yollovchilar kam ta’minlangan bolalarni nishonga olishadi. 1990 yillarda Kambodja qurolli kuchlari tomonidan yollangan bolaning quyidagi guvohligiga e’tibor bering: «Men ota-onamning ochligi va maktabim yo‘qligi sababli qo‘shildim. Meni minalar qo‘rqitardi, lekin nima qilishim mumkin – old safda yurish, bu buyruq. Bir kuni yonimdagi bola minani bosib oldi – u yaralanib vafot etdi. Uning o‘lganini ko‘rdim... Har bir bo‘linmada yosh bolalarni ko‘raman. Ishonchim komilki, yana kamida bir-ikki yil askar bo‘laman. Harbiy bo‘lishni to‘xtatsam, hech qanday mahoratim yo‘qligi uchun ishim qolmaydi. Men nima qilishimni bilmayman...»

Serb maqolida aytilganidek: Urushda siyosatchilar o‘q-dori beradi, boylar ovqat beradi, kambag‘allar esa bolalarini beradi.

Urush tugagach, siyosatchilar qo‘l berib ko‘rishadi, boylar oziq-ovqat narxini ko‘taradi, kambag‘allar o‘z farzandlarining qabrini qidiradi...

Bolalarga kattalarga qaraganda har qanday g‘oyani – din, sha’n, obro‘-e’tibor, qasos va burch kabi tushunchalar osonroq singdiriladi.

Ba’zi qurolli guruhlar rahbarlarining ta’kidlashicha, bolalar kichkina bo‘lsa-da, ular ko‘pincha ajoyib darajada qo‘rqmas, chaqqon va chidamli.

Dunyo bo‘ylab qancha bola askarlar bor?

1814 yilda Napoleon o‘z qo‘shinlariga ko‘plab o‘smirlarni chaqirgan. Minglab bolalar Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarining barcha tomonlarida qatnashdilar. Ikkinchi jahon urushida biz qahramon, darajasiga ko‘targan bolalar ham aslida qo‘liga qonga botgan odamchalardir. Faqat ming yillikning boshidan boshlab bolalardan harbiy foydalanishni cheklash va kamaytirish bo‘yicha xalqaro harakatlar boshlandi. Shunga qaramay, 2018 yil holatiga ko‘ra, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar hali ham 46 ta davlatda harbiy maqsadlarga jalb qilinmoqda va o‘qitilmoqda, bu barcha mamlakatlarning to‘rtdan bir qismini tashkil qiladi.

Askar bolalar, Janubiy Sudan. Foto: Yunisef

Keyingi paytlarda ayrim qurolli guruhlar aniqrog‘i 1999 yildan buyon 60 ga yaqini bu amaliyotni kamaytirish yoki tugatish to‘g‘risida kelishuvga erishgan.  Masalan, 2017 yilda Filippindagi Moro Islom Ozodlik harakati o‘z saflaridan 2000 ga yaqin bolani ozod qildi va 2016 yilda Kolumbiyadagi partizan harakati bolalarni yollashni to‘xtatishga rozi bo‘ldi.

Boshqa mamlakatlarda teskari tendensiya kuzatilmoqda, xususan, Afg‘oniston va Suriyada islomiy jangarilar, ularga qarshi bo‘lgan guruhlar bolalardan foydalanishni kuchaytirdilar. 2003 yilda hisob-kitobga ko‘ra, davom etayotgan mojarolarning to‘rtdan uch qismida bola askarlar ishtirok etgan. O‘sha yili BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi bu bolalarning ko‘pchiligi 15 yoshdan oshgan, ba’zilari esa yoshroq bo‘lganini taxmin qilgan. 2003 yilda YuNICEF ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 30 dan ortiq mojarolarda 300 000 ga yaqin bolalar qatnashgan. 2017 yilda Save the Children dunyo bo‘ylab bir necha o‘n minglab bolalar, ehtimol 100 000 dan ortiq bolalar davlat va nodavlat harbiy tashkilotlarda bo‘lganini xabar qildi.

2023 yilda BMT Bosh kotibi hisobotida 23 mamlakatda qurolli mojarolarda bolalarni yollash va ulardan foydalanishning 7622 ta tasdiqlangan holatlari taqdim etilgan. Ilgari qurolli kuchlar yoki guruhlarga aloqador bo‘lgan 12 460 dan ortiq bolalar 2022 yil davomida himoya yoki reintegratsiyada yordam oldi. Qurolli guruhlar tomonidan yollangan yoki foydalanilgan barcha bola askarlarning 12,3 foizini qizlar tashkil qiladi. Suriyadagi fuqarolar urushi davomida ko‘plab ommaviy axborot vositalari, jumladan Human Rights Watch tashkiloti ishchilar partiyasiga aloqador tashkilot bola askarlarni yollaganini tasdiqladi. Livandagi fuqarolar urushida turli tomonlar bola-askarlardan foydalangan.

Suriyada davom etayotgan fuqarolar urushi paytida bolalar Bashar Asadga qarshi guruhlarga qo‘shilishdi. 2012 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga isyonchilar bola askarlardan foydalangani haqidagi da’volar kelib tushgan, biroq ular buni tasdiqlay olmaganliklarini aytganlar. 2014 yil iyun oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotida aytilishicha, muxolifat bolalarni harbiy va yordamchi rollarga yollagan. Hisobotda aytilishicha, bunday qilish siyosati yo‘qdek tuyulgan bo‘lsa-da, yoshni tekshirish tartiblari yo‘q edi.

Human Rights Watch tashkilotining 2014 yilda bildirishicha, isyonchi guruhlar bolalarni qo‘llab-quvvatlash va jangovar rollarda, ya’ni jang maydonlarida yaradorlarni davolash, o‘q-dorilar va boshqa yuklarni olib borishdan tortib, janglar avj olgan paytda frontga olib borish, snayperlar rolini bajarishgacha bo‘lgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar va qurolli mojarolar bo‘yicha maxsus vakili Radhika Kuomarasvami 2010 yil yanvar oyida Yamandagi qabila o‘rtasidagi janglarda «ko‘p sonli» o‘smir o‘g‘il bolalar yollanganini aytdi.

Nodavlat notijorat tashkiloti faoli Abdul-Rahmon al-Marvoniyning hisob-kitoblariga ko‘ra, Yamanda har yili qabilalar o‘rtasidagi janglarda 500-600 ga yaqin bola halok bo‘ladi yoki yaralanadi. O‘ttiz yil davomida Afg‘onistondagi fuqarolar urushi paytida  minglab askar bolalar yetishib chiqdi. Ko‘pchiligi hali ham Tolibon uchun kurashmoqda. Kamuflyaj kiyimida va shahidlik shiorlari bilan yurgan o‘g‘il bolalar aks etgan targ‘ibot videosi 2009 yilda Afg‘oniston Toliboni rahbariyati tomonidan e’lon qilingandi. Amerikalik askarni o‘ldirgan 14 yoshli tolibon jangchisi eslang...

(Davomi bor)

                                                                                                          Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring