«Obbo, MIBchilar-yey, shunaqa qildik, deng?!»

Majburiy ijro byurosining (MIB) Bag‘dod tuman bo‘limi to‘rtta sektor rahbarlari bilan bahamjihat ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tadbir o‘tkazdi. Ya’nikim, tumandagi aliment to‘lovchi va undiruvchilar o‘rtasida sport musobaqasi tashkil etdi.
Alimentchilar va undiruvchilarning aksariyati, ta’bir joiz bo‘lsa, taqdir ikki tomonga tirqiratishi natijasida biri «qochqoq»qa, biri «quvloq»qa aylanlagan shaxslar. (Turmushi o‘xshamaganiga yarasha ikki o‘rtada tug‘ilgan farzandlar ta’minotida muammo tug‘dirmayotgan alimentchilar bu toifaga kirmaydi) Undiruvchilar manfaatidan (to‘g‘rirog‘i, sud qarori ijrosi sabab) MIBchilarning alimentchilar orqasidan chopishini-ku, aytmang... Shunga qaramay MIBchilar har ikki toifani bir joyga jamlab (35 nafar), yana deng sport (shaxmat, shashka, mini futbol va stol tennisi) musobaqasini o‘tkazishning uddasidan chiqqanini ayting?! Bunaqasi doim ham uchrayvermaydi.
Musobaqadagi g‘oliblig-u mag‘lublik o‘z yo‘liga. Ammo sog‘lom hayotga da’vat va bunga amaliy ko‘mak sog‘lom fikrlashga ham turtki bo‘larkan-da. Mana isbot: MIB markaziy apparati matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovning mamnuniyat bilan qayd etishicha, tadbir jarayonida 6 ta oila yarashtirildi, bu 9 nafar voyaga yetmaganlar o‘z ota-onalari bag‘rida ulg‘ayishini anglatadi.
Shuningdek, tadbir jarayonida mehnat yarmarkasi ham tashkil etilib, ishsiz alimentchilarning o‘ttiz nafardan ko‘prog‘ining bandlik masalasi ham hal etilibdi.
...Musobaqa g‘olib va sovrindorlari quruq qo‘l bilan qaytishmaganini yozmasak ham sezayotgan bo‘lsangiz kerak.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter