Nur-Sultonda buyuk o‘zbek allomasi haykali o‘rnatiladi
Qozog‘iston Prezidenti ikki xalqning ma’naviy yaqinligi va ko‘p asrlik do‘stligi ramzi sifatida Nur-Sulton shahrida Alisher Navoiy haykali o‘rnatilishini ta’kidladi.
Bugun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev keng doirada muzokaralar o‘tkazdi. Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligini yanada mustahkamlashning istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, tranzit va logistika, energetika, suv va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish choralari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, global va mintaqa kun tartibida turgan hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
– Bugun tarixiy qaror qabul qilyapmiz, hamkorligimizni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘taryapmiz. Ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va keng ko‘lamli sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi intilishimiz qat’iy. Buning uchun barcha imkoniyat va resurslarni ishga solamiz, Maqsadimiz – birodar xalqlarimizning ko‘p qirrali hamkorligini aniq mazmun bilan boyitish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikki mamlakat yetakchilari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining Davlatlararo Oliy Kengashi, Parlamentlararo hamkorlik kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etishga kelishib oldilar.
Hududlararo aloqalar hamkorlikni kengaytirishda drayver bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, yaqinda o‘tgan Hududlar forumi natijasida qator kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi.
Ikki mamlakatning chegaraoldi hududlariga o‘zaro mahsulot yetkazib berish va yangi kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga topshiriq berildi.
Transport sohasi muhim yo‘nalish sifatida belgilab olindi. Avtomobilda va temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi ortib bormoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar to‘liq tiklandi, yangi yo‘nalishlar ochildi.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz va uchinchi davlatlar bozorlariga chiqishni ta’minlaydigan yangi yo‘laklarni shakllantirish muhim ekanini qayd etdi. Yetakchilar “Uchquduq-Qizilo‘rda” temir va avtomobil yo‘lini hamda “Turkiston-Chimkent-Toshkent” yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘l qurilishi loyihalarini jadallashtirishga kelishib oldilar.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Shu maqsadda o‘zaro manfaatli hamkorlikning barqaror, uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqish va ikki mamlakat o‘rtasida suv munosabatlarining barcha yo‘nalishlariga oid takliflar tayyorlash bo‘yicha Ishchi guruh faoliyatini davom ettirishga kelishib olindi. Suv tejaydigan yangi texnologiyalarni jadal joriy etish bo‘yicha birgalikda amaliy ishlash, Orolbo‘yida daraxtzorlar barpo etish borasida qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatlar va mintaqaviy yaqinlashuv g‘oyalarini ilgari surgan holda tashqi siyosat sohasida yaqindan hamkorlik qilish istagini bildirdilar. Prezidentlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini ishtirokchi davlatlar manfaatlariga qat’iy hurmat asosida mavjud salohiyatlardan maksimal darajada to‘liq foydalanish maqsadida takomillashtirish yo‘lida maqsadli ish olib borishga kelishib oldilar.
Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter