Nogironlikni belgilashdagi VKK tizimidan voz kechiladi

Nogironlikni belgilashda VKK – vrachlik-maslahat komissiyalari degan korrupsion tizimdan to‘liq voz kechilishi belgilandi. Endilikda nogironlik oilaviy shifokor rasmiylashtirgan hujjat asosida tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Prezident mutasaddilarga bu tizimni 1-iyundan Toshkent shahri va Navoiyda, 1-sentyabrgacha qolgan hududlarda to‘liq joriy qilish topshirildi.
Shu bilan birga, kasalliklarni barvaqt aniqlash va asoratlarini kamaytirish bo‘yicha ham yangi mahallabay tizim bo‘ladi.
Masalan, Ishtixondagi poliklinikaga va mahallalarga viloyatdagi kardiologiya, endokrinologiya va ona-bola markazlari, markaziy shifoxona vrachlari biriktiriladi. Ular mahallalarda yurib, aholini to‘liq diagnostikadan o‘tkazadi, biriktirilgan oilaviy shifokorlarga kasalliklarni erta aniqlash va davolashni joyida o‘rgatadi, davolash va diagnostika bo‘yicha yangicha yondashuvlarni poliklinikada joriy qiladi.
Samarqand tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari, magistratura bitiruvchilari ilmiy ishlarini shu yerga kelib yozadi.
Yil yakunida natija bo‘lsa, mahallaga biriktirilgan ushbu mutaxassislar oyligining 2 karra miqdorida mukofotlanadi.
Prezident aytilgan yangi tizimni joriy yilda Ishtixon bilan birga Samarqand shahri, Bulung‘ur tumani va qolgan viloyatlarning 1 tadan tumanida, keyingi yildan to‘liq Samarqand viloyatida, 2027 yildan esa bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy qilishga topshiriq berdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga yil oxirigacha tibbiyot oliygohlari bilan 15 ta tumandagi 4 ming 700 nafar oilaviy shifokor va hamshirani «Oila salomatligi» dasturi bo‘yicha, rahbarlarni esa menejerlikka o‘qitish topshirildi.
15 ta tumandagi poliklinika va shifoxonalar faoliyatini yangi tizim asosida tashkil qilish uchun bu yil 285 milliard so‘m, bunga qo‘shimcha viloyat hokimlari tomonidan ham kamida 10 milliard so‘mdan ajratilishi belgilandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter