Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nobel mukofoti sohibi qamoq jazosiga hukm qilindi

Nobel mukofoti sohibi qamoq jazosiga hukm qilindi

Bangladeshlik taniqli olim, Nobel mukofoti sohibi, Grameen Telecom shirkati raisi Muhammad Yunus mehnat qonunchiligini buzishda aybdor deb topilib, 6 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Dhaka Tribune nashri xabariga ko‘ra, sud Muhammad Yunusni garov evaziga ozodlikka chiqarishga qaror qilgan.

83 yoshli iqtisodchi olim bilan birga Grameen Telecom shirkatining uch nafar rahbari ham mahkamaga tortilgan.

Sudlanuvchilar Dakka shahri sudi hukmi ustidan Oliy sudga shikoyat qilishi kutilmoqda.

Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti professor Muhammad Yunusga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanganini qoralagan.

«Muhammad Yunus va uning hamkasblariga fuqarolik va ma’muriy masalalarda jinoiy ish qo‘zg‘atilgani mehnat qonunchiligi va odil sudlovning suiiste’mol qilinishi, uning faoliyati va erkin fikri uchun siyosiy qasos sanaladi», – deyiladi tashkilot nomidan tarqatilgan bayonotda. 

Muhammad Yunus va uning hamkasblariga nisbatan tergov ishi bir necha yildan buyon davom etmoqda. Bangladesh huquq idoralari Muhammad Yunus boshchiligidagi Grameen Telecom shirkati faoliyatida mehnat qonunchiligi talablari buzilgan deb hisoblaydi. Olimning o‘zi ayblovlarni rad etgan.

O‘tgan yili jahonga taniqli 100 dan ziyod arboblar, jumladan, AQSh sobiq prezidenti Barak Obama va BMT sobiq bosh kotibi Pan Gi Mun Muhammad Yunusning sud-tergov idoralari tomonidan muttasil ta’qib etilishini qoralab bayonot bergan edi. Bir qator Nobel mukofoti sohiblari ham iqtisodchi olimning hayoti va xavfsizligi xavf ostida ekanidan xavotir bildirgan.

«Nochorlar bankiri», «Mikromoliya otasi» degan nomlarga sazovor bo‘lgan Muhammad Yunus 2006 yilda iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni quyidan boshlashga qaratilgan sa’y-harakatlari uchun tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Uning mikromoliya va ijtimoiy tadbirkorlik sohasidagi faoliyati dunyo bo‘ylab kambag‘allikni bartaraf etish amaliyotiga keng qamrovli ta’sir o‘tkazgani aytiladi.

Professor Muhammad Yunus ikki haftacha avval Toshkentda Central Asian University taklifiga ko‘ra ma’ruza qilgan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring