Nega bosh og‘rig‘i yozda ko‘proq kuzatiladi?
Oramizda bosh og‘rig‘i nima ekanini bilmaydigan odam bo‘lmasa kerak. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoning 90 foiz aholisi bir marta bo‘lsa-da, bosh og‘rig‘i bilan to‘qnash kelgan. Yonida doim og‘riq qoldiruvchi dori olib yuradiganlar safi kengayib borayotgani, uydagi dori qutida bosh og‘rig‘ini qoldiruvchi vositalarning kamida ikki turi zaxirada turishi ham statistikani tasdiqlaydi.
Bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaruvchi sabablar ko‘p. Aksariyat kasalliklarning birinchi belgisi yoki stress, uyqusizlik, charchoq ham bosh og‘rig‘ini paydo qiladi. Hatto og‘riq faslga qarab, o‘zgarib turishi ham mumkin. Masalan, yozda odamlar bosh og‘rig‘idan ko‘proq shikoyat qiladi. Buni bir nechta sabablari bor.
1 Yoz kunlarida bosh og‘rishining asosiy sababi – organizmning suvsizlanishi. Suyuqlik yetishmasligi sababli miyada qon aylanishi yomonlashadi. Katta odam tanasining 70 foizini suv tashkil qiladi, miya xujayralarining 90 foizi esa suvdan iborat. Shuning uchun issiq havoda tanamiz normal ishlashi uchun yetarli miqdorda suv ichish muhim. Yetarli miqdor deganda, sog‘lom odam 2-2.5 litr toza suv ichishni tushunish kerak. Biroz charchoq va bosh og‘rig‘i boshlanayotganini sezsangiz, darhol 2-3 piyola toza suv iching. |
2 Issiq havoda kislorod kam bo‘ladi, kislorod yetishmasligi esa bosh og‘rig‘ini paydo qiladi. Bu faqatgina ko‘chadagi issiq harorat bilan bog‘liq emas. Masalan, xona ichida konditsioner yoqib, havo o‘tkazmaydigan plastik eshik-derazalarni zich yopib bir necha soat o‘tirsangiz yoki tuni bilan uxlasangiz ham sizni charchoq, lanjlik va bosh og‘rig‘i yenga boshlaydi. Chunki xonada kisloroddan ko‘ra karbonat angidrid miqdori oshib, nafas olinganda qon bilan miyaga ham yetib borgan bo‘ladi. Bir guruh amerikalik olimlar karbonat angidridning yuqori konsentratsiyasi insonning kognitiv funksiyalari (bosh miyaning idrok bilan bog‘liq murakkab vazifalari)ga ta’sirini o‘rganishdi. Ma’lum bo‘ldiki, CO2 konsentratsiyasi oshishi axborotni qayta ishlash, tashabbuskorlik, qaror qabul qilish va boshqa ongli funksiyalarni bajarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ish faoliyatini sezilarli pasaytiradi. Mutaxassislar xonani tez-tez shamollatib turishni, issiq kunlarda ertalab yoki kechki salqinda ishlashni tavsiya qiladi. |
3 Oftob yoki issiq urishida bosh og‘rig‘i birinchi belgi sifatida kuzatiladi. Kun ayni qizigan mahal bosh kiyimsiz yurish, quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushmasa-da, yopiq va issiq joyda (masalan, oftobda qizib turgan mashina ichi) 20 daqiqadan uzoq qolish bosh og‘rig‘ini paydo qiladi. Shifokorlar yozda bosh kiyimsiz yurmaslikni, avtomobilni iloji boricha soya joyda qoldirishni, havo yaxshi aylanmaydigan yopiq va issiq xonada uzoq qolmaslikni tavsiya qiladi. |
4 Yozda organizm kaliy va magniyga ko‘proq ehtiyoj sezadi. Chunki issiq haroratda odam ko‘p terlaydi va ter bilan kaliy, magniy mikroelementlari ham chiqib ketadi. Natijada bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi ko‘proq kuzatila boshlaydi. Mikroelementlar tanqisligining oldini olish uchun meva va sabzavotlar, ayniqsa, pomidor, karam, ko‘katlar va lavlagidan ko‘proq iste’mol qilish tavsiya qilinadi. |
5 Issiq-sovuq ham organizm uchun stress va bosh og‘rig‘ini paydo qiladi. Masalan, ko‘chada 35-38 gradus issiqda yurib, birdan harorati 20 gradus bo‘lgan xonaga kirdingiz. Birinchi taassurot, albatta, yoqimli: qizib turgan tana birdan yayradi. Lekin organizm haroratning bunday tez o‘zgarishiga moslashishi qiyin. Ayniqsa bolalar va qariyalarda bu yaqqol seziladi. Bosh aylanishi, og‘rishi va hatto hushdan ketishgacha borishi mumkin. Eng yaxshi yechim – haroratning keskin farq qilmasligi (5-6 gradusdan oshmasligi) va yoki bosqichma-bosqich moslashish. |
Xabar.uz yozni bosh og‘riqlarisiz, yoqimli o‘tkazishingizni tilaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter