Navoiyda murakkab operatsiya: ona — farzandiga, o‘g‘il — otasiga o‘z buyragini berdi
Navoiy viloyati hokimligi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida joriy yilning 22-fevral kuni ilk bor ikki nafar bemorda buyrak ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi amalga oshirildi. Bu haqda «Xabar.uz» muxbiri xabar bermoqda.
Buning uchun bir guruh mutaxassislar chet el klinikalarida malaka oshirdi. Tibbiyot markazida ushbu murakkab operatsiyalarni o‘tkazish uchun qo‘shimcha o‘rin joylar yaratildi va zaruriy moddiy texnik baza yanada takomillashtirildi.
Markaz bosh vrachi M.Ahmedov rahbarligida urolog-transplantolog A.Shodiyev, qon tomir jarrohi A.Safarov, nefrolog Sh.Muhammadiyevlardan iborat shifokorlar tomonidan bemorlar operatsiyaga tayyorlandi. Buyrak ko‘chirish amaliyoti akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yetuk transplantolog mutaxassislari professor Fazliddin Bahriddinov va ilmiy xodimlar Zohidjon Matkarimov, Ilyas Ablyalimov, Azamat Suyumovlar bilan birgalikda muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Jarayonda Surxondaryo viloyati Angor tumanida yashovchi 49 yoshli Dilorom Shodiyeva farzandi 21 yoshli Aliyev Sirojiddinga hamda Nurota tumanida yashovchi 27 yoshli To‘xtayev Abbos otasi 58 yoshli Baxtiyor aka Nazarovga donorlik qilib, o‘z buyragini hadya etdi.
Ma’lumot tariqasida qayd etish lozimki, bugungi kunda viloyatda 75 nafar bemor surunkali buyrak yetishmovchiligi sababli rejali gemodializ seansini olib keladi va tibbiy nuqtai nazardan ushbu bemorlarning barchasi buyrak ko‘chirib o‘tkazishga muhtoj.
Endilikda bu jarayon yanada rivojlantirilib, bu kabi murakkab texnologik operatsiyalarni o‘tkazilishi viloyat tibbiyoti rivojlanishi va aholi salomatligi uchun hissa qo‘shadi.
Bugun viloyat hokimi K.Tursunov ham bemorlar holidan xabar olgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter