Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navoiyda axborot xizmati xodimlari va blogerlar o‘qitilmoqda

Navoiyda axborot xizmati xodimlari va blogerlar o‘qitilmoqda

Navoiy viloyati yuridik texnikumida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi hamkorlikda jurnalist, axborot xizmati xodimlari hamda blogerlarning huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida malaka oshirish kursi tashkil etildi.

Ochiqlik va erkinlik tamoyillariga asoslangan seminarda jamiyatda amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘siq bo‘layotgan omillarni bartaraf etishda jamoatchilik nazoratining roli, bu borada foydalaniladigan usul va shakllar, bunda jurnalist va matbuot xizmatlarining pozitsiyasi haqida so‘z bordi.

— Oshkoralik sharoitida har kim ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga, kamchilik va muammolarga o‘z fikrini bildirishi mumkinligini esdan chiqarmasligimiz kerak, — deydi yuridik fanlar nomzodi Shuhrat Rahmonov. — Jamoatchilik fikrini shakllantirishda, shuningdek, insonning sha’ni, qadr-qimmati va obro‘yiga putur yetkazmasdan xolis va haqqoniy materiallar tayyorlashda jurnalistlarning huquqiy bilimi, o‘zing haq-huquqlaridan qonunda belgilangan tartibda foydalana olishiga bevosita bog‘liq. Shu ma’noda har bir jurnalist, bloger va matbuot kotiblari sohadagi qonun hujjatlaridan xabardor bo‘lishi va uni amaliyotda keng qo‘llashi foydadan xoli bo‘lmaydi.

Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazining tajribali huquqshunoslari Shuhrat Rahmonov va Mahkam Vohidovlar axborot va so‘z erkinligi, axborot maydonidagi huquqbuzarliklarni tahlil qilish hamda ularga o‘z vaqtida munosabat bildirishda qaysi jihatlarga e’tibor qaratish, amaliy natijalarni ko‘rsatish zarurligi haqidagi fikrlari ishtirokchilarni befarq qoldirmadi.

Axborot olish hamda uni tarqatishdagi huquq va majburiyatlarga bag‘ishlangan ushbu o‘quv kursi davom etmoqda.

Baxtiyor Toshnazarov,
Navoiy viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar
boshqarmasi bosh mutaxassisi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring