Navoiyda 9 yoshli qizning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchilar qamoqqa olindi
Joriy yilning 1 iyul kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida 9 yoshli qizchaning o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Viloyat IIB YHXBning voqea tafsilotlarini yozishicha, o‘sha kuni fuqaro N.A. o‘zining boshqaruvida bo‘lgan «BYD SONG» rusumli avtomobilini Xatirchi tumani hududidan o‘tuvchi 4R48 avtomobil yo‘lidan «Zarafshon-Yangirabod» yo‘nalishi bo‘yicha boshqarib borayotib, o‘zi bilan bir yo‘nalishda ketayotgan fuqaro F.A. boshqaruvidagi «BYD» rusumli avtomobil bilan bir-biridan quvib o‘tishga harakat qilib, o‘zaro quvishib, ushbu avtomobil yo‘lining 127-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir etgan. Ya’ni fuqaro F.A. avvaliga tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyidan yo‘lning o‘ng tomonidan chap tomoniga piyoda kesib o‘tayotgan, 2016-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan Sh.Sh.ni turtib yuborgan. So‘ngra, fuqaro F.A. o‘z boshqaruvidagi avtomobil bilan urib-bosib o‘tgan.
Natijada, voyaga yetmagan Sh.Sh. mazkur yo‘l-transport hodisasi oqibatida olgan tan jarohatlari sababli hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur xolat yuzasidan fuqarolar N.A. va F.A.larga nisbatan o‘sha kuniyoq Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi yuzasidan 4 iyul kuni fuqarolar N.A. va F.A.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan ayblov e’lon qilinib, shu kuni Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan va ertasi kuni ularga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Viloyat IIBning ma’lum qilishicha, haydovchi N.A. so‘nggi bir yil davomida 12 marotaba tezlikni oshirish, 1 marotaba yo‘l chizig‘i talablariga rioya qilmaslik qoidabuzarliklarini sodir etgan. Haydovchi F.A. esa so‘nggi bir yil davomida bir ish marotaba transport vositasini boshqarish huquqi bo‘lmagan shaxsga topshirish qoidabuzarligini sodir etgan.
Rasmiy ma’lumotda, shuningdek, YTH natijasida vafot etgan voyaga yetmagan Sh.Sh. haqida ham ma’lumot beriladi.
Unga ko‘ra, Sh.Sh. 2016 yilda Xatirchi tumanida tug‘ilgan. Tumandagi 14-sonli maktabning 2-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Onasi M.Sh. «Yangirabod» MFYda yashovchi bobosinikiga bir kun oldin qizaloqni olib kelib, o‘zi Toshkent shahriga ishlash uchun ketgan.
Bobo hamda buvi 2010 yilda tug‘ilgan o‘g‘li, tumandagi 14-maktabning 7-sinf o‘quvchisi N.T. hamrohligida qizaloqni istirohat bog‘iga sayrga borib kelishiga ruxsat bergan.
Holatga ko‘ra, 2010 yilda tug‘ilgan N.T. avval o‘zi piyodalar o‘tish joyidan o‘tgan va biroz ortda qolgan, hali o‘tishga ulgurmagan qizaloqni chaqirgan. Qizaloq transport vositalarining harakatiga e’tibor bermasdan, piyodalar o‘tish joyiga yugurib chiqqan va ko‘ngilsiz hodisa sodir bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter