Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Navalniyning jasadini topish muammo bo‘lmoqda

Navalniyning jasadini topish muammo bo‘lmoqda

Aleksey Navalniyning oilasi kun bo‘yi marhum siyosatchining jasadini topishga urindi, ammo natija bo‘lmadi. Jazoni ijro etish federal xizmati bir kun avval uning o‘limi haqida xabar bergan edi.

Bugun, 17 fevral kuni tushdan keyin Navalniyning onasi va uning advokati u jazoni o‘tagan koloniyaga yetib bordi. U yerdan ularni o‘likxonaga yuborishdi — ammo ular Navalniyning jasadi yo‘qligini da’vo qilmoqdalar. Tergov qo‘mitasi esa muxolifatchi yaqinlariga siyosatchining o‘limi sabablarini aniqlashda davom etishlarini va keyingi haftagacha tergovni yakunlamasliklarini aytgan.

BBS xabariga ko‘ra, marhumning yaqinlari uning jasadini «zudlik bilan» oilasiga topshirishni talab qilmoqda.

Koloniya xodimi Lyudmila Navalnayaga siyosatchining jasadi Tergov qo‘mitasi tergovchilarining so‘roviga ko‘ra Salekxarddagi o‘likxonaga olib ketilganini aytgan.

Shundan so‘ng, Navalniyning onasi va uning advokati Salekxard o‘likxonasiga borishdi. Ammo, o‘likxona yopiq bo‘lib chiqdi. Advokat eshikda ko‘rsatilgan telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilgan. Unga bugun qo‘ng‘iroq qilgan yettinchi odam ekanligini aytishgan. Ular o‘likxonada Alekseyning jasadi yo‘qligini ma’lum qilishgan.

Jurnalistlar Navalniyning jasadi qayerda ekanligini aniqlashga harakat qilishdi. «Mediazona» muxbiri Salekxard tuman kasalxonasi patologiya bo‘limi mudiri Sergey Ivchenkoga qo‘ng‘iroq qilgan. U Navalniyning jasadi qayerda ekanligi haqidagi savolni eshitib, go‘shakni qo‘yib qo‘ygan. Reuters jurnalistlari ham o‘likxonaga qo‘ng‘iroq qilishgan va ularga jasad ,u yerda yo‘qligini aytishgan.

Navalniy tarafdorlarining aytishicha, birgina shanba kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi siyosatchi bilan sodir bo‘lgan voqea va unga nima bo‘lgani haqidagi versiyalarni bir necha bor o‘zgartirgan.

Marhumning advokatlaridan biri 17 fevral kuni tushdan keyin Tergov qo‘mitasining Salexarddagi idorasiga borgan. U yerda unga Navalniyning o‘limi sabablari aniqlanmagani va «qayta gistologik tekshiruv o‘tkazilgani» haqida ma’lum qilingan.

Tergovchilar advokatlarga tekshiruv yakunlangani va ekspertlar hech qanday «jinoyat» topmaganligini aytishgan. Ammo keyin Tergov qo‘mitasi yana tekshiruv davom etayotganini ma’lum qilgan va u tugamaguncha Navalniyning jasadi qarindoshlariga berilmasligini aytgan.

«Ochig‘i, qotillar o‘z izlarini yashirishni istaydi, shuning uchun ular Alekseyning jasadini bermayaptilar va hatto onasidan ham yashirmoqdalar», — deya ijtimoiy tarmoqlarda bayonot berdi Navalniy jamoasi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring