Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Narkotik bilan bog‘liq jinoyatlarning chorak qismi yoshlar tomonidan sodir etilgan – Senat

Narkotik bilan bog‘liq jinoyatlarning chorak qismi yoshlar tomonidan sodir etilgan – Senat

2019–2023 yillarda respublikamizda giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bog‘liq sodir etilgan jinoyatlarning 22-25 foizi yoshlar (30 yoshgacha) tomonidan sodir etilgan. Mazkur ko‘rsatkich joriy yilning o‘tgan 8 oyida esa 33,4 foizni tashkil etgan.

Bu haqda 27-noyabr, chorshanba kuni Senatda ushbu mavzuda bo‘lib o‘tgan jamoatchilik eshituvida aytib o‘tildi.

Qayd etilishicha, yoshlar orasida kuchli ta’sir qiluvchi preparatlar va tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan dori vositalari keng tarqalmoqda.

Jumladan, 2021–2023 yillarda o‘tkazilgan tadbirlarda bu kabi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish borasida zaruriy chora-tadbirlar olib borilgan, natijada 13,8 tonna giyohvandlik vositalari musodara qilingan.

Shu bilan birga, so‘nggi vaqtlarda onlayn platformalar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi uchun qulay axborot maydoniga aylanib bormoqda.

Ta’kidlanganidek, Internet makonida giyohvandlik vositalari va psixoaktiv moddalar savdosiga ixtisoslashgan 52 ta axborot manbai aniqlangan. Ularning 14 tasi veb-saytlarda, 38 tasi esa telegram messenjeri orqali faoliyat yuritgan.

Telegram messenjerida shu mazmunda 38 ta axborot manbai aniqlangan. Ularning umumiy auditoriyasi 119 671 nafar foydalanuvchini tashkil etgan.

Eshituv davomida mutasaddilar tomonidan bunday salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar va ko‘rilayotgan choralar haqida axborot berildi.

Shuningdek, jamoatchilik vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar oldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring