Namanganlik o‘quvchi IT-loyihalaridan olgan daromadidan oilasi uchun «Jentra» olib berdi
Namangan shahridagi 2-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 9-sinf o‘quvchisi Umar Ulforiq Rustamov 10 yoshidan buyon kompyuter va axborot texnologiyalariga qiziqib keladi.
U 14 yoshidan dasturlar bo‘yicha ishlash va saytlar yaratish bilan professional faoliyat sifatida shug‘ullanib keladi.
Veb-saytlar ustida ishlash va dasturlar yaratish bo‘yicha o‘quv markazlarida bilim va salohiyatini oshirgan Umar Ulforiq hozirga qadar yaratgan saytlar soni yigirmadan ortadi. Bu haqda Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Unga asosan, Rossiya Federatsiyasidan buyurtmalar tushadi. Shuningdek, ayni paytga qadar AQShdan bitta, Janubiy Koreyadan 2 ta buyurtma tushgan.
Rossiyadagi turistik agentlik buyurtmasiga ko‘ra, u yaratgan muvaffaqiyatli loyiha uchun 6700 AQSh dollari miqdorida haq to‘langan.
— Har bir loyihani yaratish ustida hajmiga qarab 15 – 20 kundan, yiriklari bo‘yicha 2 – 3 oygacha ishlaymiz. Dasturlar, loyihalar, saytlarni yaratish va animatsiyalar bo‘yicha Adobe XD, Premiere Pro kabi dasturlardan foydalanamiz. Dastlabki paytlarda o‘zim mustaqil o‘rgangan bo‘lsam va saytlarni bir o‘zim yaratgan bo‘lsam, ayni paytda 6 kishilik jamoa bilan ish olib boryapmiz. Ularning barchasi 7-, 11-sinf o‘quvchilari, shuningdek onlayn qiziquvchilar ham loyihalarimizni yaratish borasida ishtirok etadilar va kuzatadilar, — deydi IT-loyihalar bo‘yicha muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan Umar Ulforiq Rustamov.
Frilansing bo‘yicha faoliyat yuritish barobarida startap loyihalar bilan shug‘ullanayotgan o‘quvchi oyiga 500 – 600 AQSh dollari miqdorida daromad qilmoqda. E’tiborlisi, u ayni paytgacha qilgan o‘z daromadi hisobidan oilasi uchun «Jentra» avtomashinasi ham oldi.
U rus, turk, arab, ingliz tillarini mukammal biladi. «O‘zbekiston uchun 100 g‘oya» va «Startap tashabbuslar» tanlovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgan Umar kelajakda o‘zining IT-sohasida biznes faoliyatini yanada rivojlantirib, yirik loyihalar, dasturlar bo‘yicha ish olib borishni maqsad qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter