Namanganda 64-Xalqaro gullar festivali bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 25-mayidan 29-iyuniga qadar Namanganda 64-Xalqaro Gullar festivali o‘tkaziladi. Turizm qo‘mitasi va Namangan viloyati hokimligining turizm boshqarmasi hamkorligida tashkil etilayotgan festivalga 300 mingdan ortiq xorijiy, 8 million nafar mahalliy sayyoh tashrifi kutilmoqda.
Har yili nafaqat yurtimiz, balki xorijdan ham minglab sayyohlarni jalb etadigan mazkur festivalga tayyorgarlik doirasida shaharga 100 milliondan ortiq, jumladan, ko‘cha-xiyobonlarga 45 million, Bobur, Afsona va Yangi O‘zbekiston bog‘lariga 65 million tup gul ekildi.
Bayram an’anaviy avtoparad bilan boshlanadi. Tabiiy gullar bilan bezatilgan 200 dan ortiq turli rusumdagi avtomashinalar viloyat markazining asosiy ko‘chalari bo‘ylab Namangan xalqaro aeroporti oldidan Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i oldigacha bo‘lgan 10 kilometrdan ziyodroq yo‘lni bosib o‘tadi.
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘ida festival mehmonlariga xorijiy va mahalliy ishtirokchilar tomonidan maxsus maydonlarda tabiiy gullardan yaratilgan turli kompozitsiyalar, dizayn va dekoratsiyalar namoyish etiladi. Har bir gul kompozitsiyasi nafaqat go‘zallik va estetik zavq bag‘ishlaydi, balki hududning betakrorlik va madaniy yuzini namoyon etuvchi ramziy ma’no kasb etadi.
Festival kunlari 100 dan ortiq madaniy tadbirlar – jahon va milliy estrada yulduzlari ishtirokida konsertlar, Fashion week 2025 – yirik modalar haftaligi, xalqaro va mahalliy sport musobaqalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar va seminarlar, kattalar va bolalar uchun spektakllar va sirk tomoshalari, xalqaro hunarmandchilik ko‘rgazmalari, kulgu kechalari, “Dunyo taomlari Namanganda” – gastronomik turizm tadbirlari, "Lavanda sayli" va dron-shoular o‘tkaziladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter