Muvaffaqiyat formulasi: bu qanday sir?
Kurash shunday kuchli vositaki, uning yordamida tabiat insoniyatni unib-o‘sishga majbur etadi. Bu og‘ir sinovmi yoki birinchi toifadagi tajribami? Hammasi unga qanday munosabatda bo‘lishga bog‘liq. Kurashsiz muvaffaqiyatga erishish qiyin.
Tug‘ilishdan o‘limga qadar bo‘lgan hayot bu, adabiy tilda aytganda, tobora o‘sib boradigan muqarrar kurashdan iborat to‘xtovsiz maqsaddir. Biz kurash davomida muyassar bo‘ladigan tajriba yaxlitlik bo‘lib, hayotiy tajribalarimiz kam-kamdan to‘planib boradi.
«Ishni qilavering, ─ degan edi Emerson, ─ va siz tobora kuchga to‘lib boraverasiz».
«Kurash bilan yuzma-yuz keling va uni egallab oling, ─ deydi Tabiat, ─ ana shunda sizda kuch-quvvat va donishmandlik paydo bo‘ladi, bu esa ehtiyojlaringizni yetarli darajada qoplaydi. O‘rmondagi eng katta daraxtlar yaxshi himoyalanmagani bois emas, balki har tomondan bo‘ladigan tabiat hodisalari va boshqa daraxtlarga duch kelib kurashgani va ularni yenggani bois kuchlidir».
Mening bobom arava yasash bilan shug‘ullangan. U o‘z yeridan hosilni yig‘ishtirib olgach, hamisha dala o‘rtasida bir necha dub daraxtlarini qoldirardi. Jazirama oftobi qizdiradigan bu daraxtlar hamma tomonga – shamollarga bag‘rini ochgandi. O‘z hayoti uchun kurashgan daraxtlar, ayniqsa kuchli edi. Injiq daraxtlar esa o‘rmon bag‘riga biqinib yashiringandi. Aravaga g‘ildirak yasashda aynan shu daraxtlardan foydalanilar va bobom ularni g‘ildirak shakliga qarab alohida-alohida kesar ekan, sinib ketishidan aslo qo‘rqmasdi. Chunki bu daraxtlar doimiy ravishda yashab qolish uchun kurashgan, eng og‘ir mashaqqatlarga chidash berib, yetarlicha kuchli bo‘lib o‘sgan edi.
Xuddi shunday kurash inson irodasini toblaydi. Aksariyat odamlar hayot yo‘lida qarshilikka duch kelmaslikka harakat qiladi. Ular bunday falsafa daryolarning o‘z oqimini o‘zgartirishga qodir bo‘lgan kuchga teng ekanligini anglay olmaydi, ayrim hollarda esa shunday ta’sirni inson hayotida ham ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Kurashlarda o‘sib chiqadigan axloqiy kuchlarsiz biz hayotda maqsadsiz va rejasiz qalqib, kuchli ravishda uloqib yurardik.
Nihoyat hayotdagi maqsadimizni anglab, bir jarayondagi omil bilan murosa qilamiz, ya’ni bizni kurashga majbur etuvchi vaziyat hamisha mavjud. Natijada kurashni ayni holatda zarurat sifatida qabul qila boshlaymiz.
Kurash bizni olg‘a harakat qilishga majbur etadi, aks holda tepsa-tebranmaslarga aylanib qolgan bo‘lardik. Va u muvaffaqiyat faqat kurash orqali yuzaga kelishini anglatuvchi haqiqatni to‘la-to‘kis fahmlashga olib keladi: hayotda hech narsaga kurashsiz erishib bo‘lmaydi. Agar bu oson bo‘lganida, hamma erishardi. Qayerda muvaffaqiyat qozongan kishini ko‘rsangiz, u erkakmi, ayolmi, hamma vaqt kurashlar girdobida yurganiga amin bo‘lasiz. Hayot bu kurashlardan iborat va kimki qiyinchiliklarga yuzma-yuz kelib, uni yengsa va taqdirning navbatdagi chaqirig‘iga tomon oshiqsa, mukofotga muyassar bo‘ladi.
Kamina biznes kollejni tugatgach, birinchi xo‘jayinim – chuqur huquqiy amaliyotga ega Rufus A.Eyrs bilan ish olib bordim. Unga kechqurunlari hamda ta’til davrida yordam berishimga to‘g‘ri kelardi. Har safar ishni tugatganimizdan so‘ng Eyrs majburan ishlatdim, degandek mendan kechirim so‘rardi. Ammo: «Siz menga katta yordam berdingiz, hammadan ko‘proq o‘zingizga ko‘maklashdingiz, biz bugun kechqurun yaxshigina hayotiy tajribaga ega bo‘ldik», ─ deb qo‘shib ham qo‘yardi.
Men Genri Fordning yordamchilaridan biriga: «Muvaffaqiyat formulasi qanday bo‘ladi?» ─ deb savol berganman. Uning javobini hanuzgacha unutmayman: «Men yo‘limda janob Ford kabi kishilar turgani uchun ishni bemalol uddalayman. Umid qilamanki, bunday insonlar biror ishni amalga oshirishni istagan paytlarida, menga murojaat qilishadi».
Agar siz ham kurashga otlanmoqchi bo‘lsangiz, o‘zingizni aslo chetga olmang. U o‘rganish, o‘sish va muvaffaqiyat qozonib, o‘zib ketishingizga yordam beradi.
(Napoleon Xill kitobidan)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter