Musulmonlar idorasi Umra safari to‘lovi qimmatlashganiga izoh berdi
Bir necha kun avval O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra safari bilan bog‘liq muhim tafsilotlarni e’lon qilgandi.
Shuningdek, idora matbuot xizmati qo‘shilgan narxlar borasida tushuntirish bilan ham chiqdi.
Qayd etilganidek, pandemiyadan oldin, ya’ni 2020 yil fevral oyiga qadar umra ziyorati uchun oxirgi belgilangan to‘lovlarni amalga oshirganlar qo‘shimcha ravishda 4.770.000 so‘m mablag‘ to‘laydilar.
«Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoq yurituvchilari pandemiyadan avval, ya’ni 2020 yil fevral oyiga qadar qilingan umra to‘lovi miqdoriga qo‘shilgan qiymat borasida turli mulohazalar bildirmoqda.
Shu bois, qo‘shimcha to‘lov tafsilotini quyidagi jihatlar orqali bayon qilamiz:
Birinchi, koronavirus pandemiyasi umra xizmatlari ko‘rsatishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Avval qayd etganimizdek, mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 nafar ziyoratchi, 50 o‘rindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirish kabi talablar o‘rnatildi.
Har bir fuqaroning safarga chiqqandan to Vatanga qaytib kelgunga qadar epidemiologik me’yorlarga javob beradigan tashkiliy va tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari maxsus qadoqlangan holda tarqatiladi, tibbiy xizmat ko‘rsatishda qo‘shimcha shifokorlar va maxsus dori-darmonlar bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ikki yil avvalgi holatga nisbatan narx-navo ko‘tarildi. Buning ustiga qirollikda 15 foiz qo‘shimcha qiymat solig‘i ham joriy etildi.
Ikkinchi, tabarruk zaminda ziyoratchi har bir daqiqasini g‘animat bilib, faqat toatu ibodatga sarflashi uchun Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin bo‘lgan mehmonxonalar buyurtma qilindi. Masjidi Nabaviyga yaqin bo‘lgan 5 yulduzli «Pulman zam-zam» va Baytulloh atrofidagi «Jabal Umar» hududida joylashgan 5 yulduzli mehmonxona olindi. Qiyos uchun, oldingi yillarda ziyoratchilarimiz Makka shahrida Haram masjididan chamasi 1,2 km. bo‘lgan mehmonxonada istiqomat qilishgan.
Bular ziyoratchilarga besh mahal namozni Harami shariflarda ado etish, duoyu iltijolar bilan band bo‘lishda yengillik beradi. Yo‘l, taomlanish va boshqalar uchun ketadigan vaqtni tejaydi. Shuningdek, mehmonxonalarda tibbiyot va ishchi guruhlari xizmat ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Saudiyada umra safarini tashkil qilish bo‘yicha bir necha shirkat imkoniyatlarini o‘rganganini avval ham xabar qilgan edik. Bunda Saudiya haj va umra vazirligi talabiga asosan umrani tashkil etish bo‘yicha litsenziyaga ega bo‘lgan shirkatlar bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Shu kunlarda, ijtimoiy tarmoqlarda muqobil taklif bilan chiqayotgan ba’zi shirkatlar umra xizmatini ko‘rsatish uchun yangilangan ruxsatnomaga ega emasligini bildirish bilan kifoyalanamiz.
Oldingi uzoq yillik hamkor shirkat ham pandemiyadan keyin litsenziya ololmagani uchun boshqa, imkoniyati kengroq «Abu Sarhad» shirkati bilan shartnoma imzolanganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Qo‘shimcha to‘lovlar yuzasidan yana bir jihat. Har bir Haj yoki umra mavsumi to‘lovlari uchun alohida hisob raqam ochiladi va sarf-xarajatlar amalga oshiriladi. Mablag‘lar bankdagi maxsus hisob raqamda saqlanadi. Mablag‘lardan muborak safarga tegishli yo‘nalishlardan boshqa maqsadda foydalanishga imkoniyat mavjud emas. 2020 yil fevral oyiga qadar umra uchun to‘lov amalga oshirgan, pandemiya sabab borish istagidan qaytgan fuqarolarning murojaatiga asosan to‘lovlari qaytarib berildi. Qolgan fuqarolarning mablag‘lari o‘z ixtiyorlariga ko‘ra, umra hisob raqamida saqlanmoqda.
Mo‘min-musulmonlarni umra ibodatiga boshchilik qilishda ko‘p yillik tajribaga ega, diniy mutaxassislar bilan ta’minlaydigan va bu borada vakolatli, rasmiy tashkilot hisoblangan O‘zbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarni xavfsiz ado etishga chaqiramiz»,— deyiladi munosabatda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter