Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Muqanna ozodlik kurashchisimi yoki zolim firibgar?

Muqanna ozodlik kurashchisimi yoki zolim firibgar?

Har bir xalq o‘zining milliy qahramonlari, erksevar farzandlari, jasur sarkardalari bilan faxrlanadi. Vatanimiz tarixida ham bunday sheryurak, jasoratli bahodirlar, xalq qahramonlari ko‘p o‘tgan. Ammo, afsuski, ular orasida turli davru davronlar, evrilishlar tufayli, mavjud siyosiy qarashlar nuqtai nazaridan «yaratilgan» qahramonlar, soxta «erkparvar fidoyilar» ham yuzaga kelgan. Vaqt o‘tib, mafkuraviy hukmronlik barham topsa-da, ayrim «qahramonlar» xalq ongu tafakkurida hali ham «mardlik va jasorat» timsoli bo‘lib yashab kelmoqda. Ulardan biri Muqanna nomi bilan xalq ichida tanilgan, kelib chiqishi eroniylarga borib taqaladigan Hoshim ibn Hakimdir.

«Men aslo o‘lganim yo‘q...»
Ma’lumki, sobiq sovet mafkurasi xalqlar tarixini soxtalashtirish, milliy o‘zligidan, teran tomirlaridan yiroqlashtirishga qaratilgan edi. Mafkura talabi bilan millatning asl farzandlari chetga surilib, aksariyat hollarda xoinlar, o‘z millatiga, diniga, xalqiga qarshi bosh ko‘targan soxta «qahramonlar» yaratilgandi.

Sovet hukmronligi yillarida diniy qadriyatlar oyoqosti qilindi. Din xalq uchun afyun ekani ochiq-oshkora targ‘ib qilindi. Tarixda yashab o‘tgan, o‘zining bema’ni da’volari, shafqatsizligi, maishatparastligi bilan dong taratgan Hoshim ibn Hakim «erk va ozodlik kurashchisi»ga aylandi. U haqida she’rlar dostonlar yaratildi. Tarix darsliklarida Muqannaning qahramonliklari yosh avlod uchun ibrat namunasiga aylandi. Uning nomidan aytilgan she’riy misralar minglab adabiyot ixlosmandlariga yod bo‘lib ketdi:

Xalqqa ayting, men aslo o‘lganim yo‘q,
Yov qo‘liga taslim ham bo‘lganim yo‘q;
Men elimning yuragida yashayman,
Erk deganning tilagida yashayman!

Afsuski, bugungi kunda ham ko‘pchilik uni yurtimiz, vatanimiz ozodligi uchun kurashgan, arab bosqinchilariga qaqshatqich zarba bergan yurtparvar sifatida biladi. Aksincha, hanuzgacha uning xalqimizga na jug‘rofiy, na milliy, na diniy jihatdan aloqasi borligi haqida deyarli gapirilmaydi.

Hoshim ibn Hakim kim edi?
«Buxoro tarixi» asarining muallifi Abu Bakr an-Narshaxiy Muqanna va uning faoliyati haqida eng ishonchli tafsilotlarni yozib qoldirgan tarixchilardan biridir.

Unda yozilishicha, Muqanna Marv (Hozirgi Turkmaniston) yaqinidagi Koza qishlog‘ida tug‘ilgan, dastavval kudunggarlik (matoni to‘qmoq bilan urib tekislash) hunari bilan shug‘ullangan, abbosiylarning yetakchi sarkardalaridan biriga aylangan. Keyinchalik o‘zini payg‘ambar deb e’lon qilgan va odamlarni o‘zining g‘ayrioddiy xislatlariga ishontirishga uringan.

Uning boshi kal, bir ko‘zi ko‘r, yuzi juda xunuk bo‘lgani uchun yuzida oltin niqob taqib yurgan va shu taxlit «muqanna’» (niqobli) degan daqab olgan. O‘zi esa «menda Allohning husni tajaliy etadi, agar yuzimni ochsam, uning nuri ko‘zlaringizni ko‘r qiladi» deb odamlarni ishontirgan.

Shu bois uni Marvdan Bag‘dodga olib kelib, bir muddat zindonga tashlashadi. Zindondan chiqqach. Yana Marvga qaytib, odamlarni yo‘ldan urishga, o‘zining payg‘ambarligiga ishontirishda davom etdi. Uning ta’limotiga ko‘ra, Alloh dastlab Odam atoni yaratib o‘zi uning tanasida zuhur etgan. Keyin uning ruhi Nuh, Ibrohim, Muso va boshqa payg‘ambarlar jismga ko‘chib o‘tgan. «Ayni paytda Xudo menman, Xudo mening tanamdadir» deb da’vo qila boshlagan.

Shundan so‘ng u o‘z atrofiga muridlarini to‘plab, atrofdagi qal’a va shaharlarga elchilarini yuboradi. Uni tan olmaganlarga qarshi urush e’lon qiladi. Xuroson va Movarounnahrda uning tarafdorlari ko‘paya bordi. Ular 777 yilda «Oq kiyimlilar» nomi ostida arab xalifaligiga qarshi isyon ko‘taradilar. Muqanna Kesh va Naxshab (Qarshi va Shahrisabz) viloyatlarini o‘zining tayanch maskanlariga aylantiradi. Shu yerda, baland tog‘dagi bir qal’ani o‘ziga harbiy istehkom qilib belgilaydi.

Abbosiylar xalifasi Muhammad Al-Mahdiy (775-785) unga qarshi katta qo‘shin jo‘natadi. Biroq, Muqannaga ko‘r-ko‘rona bo‘ysungan tarafdorlari tish-tirnog‘i bilan musulmonlarga qarshi kurashadilar.

Narshaxiy, Tabariy, Beruniy singari buyuk olimlar Muqanna xalqning boshiga katta balolar solgani, buzuqlik va fahshni targ‘ib qilgani, musulmonlarni talab, o‘zlarini o‘ldirgani haqida ma’lumotlar yozib qoldirishgan. Muqanna qayerda chiroyli ayol yoki qiz borligini eshitsa, o‘z qal’asiga keltirar, ular bilan istagancha ko‘ngilxushlik qilardi. Uning o‘zi tobelari uchun zino, besoqolbozlik, talonchilik, bosqinchilik singari qabih ishlarga ruxsat bergandi.

Narshaxiyning guvohlik berishicha, Muqanna o‘z tasarrufida bo‘lgan har bir qishloqqa o‘zining vakillarini tayinlar, shu qishloqda turmushga uzatilgan har bir bokira qiz bir kechani o‘sha vakil bilan o‘tkazishi majbur edi.

«Yaratgan»ning «jamoli»

Muqanna haqidagi to‘qima afsonalar turli viloyatlarga yoyilgan, ayrim sodda odamlar bu cho‘pchaklarga laqqa tushib, uni ko‘rmasdan imon keltirishardi.

Kunlarning birida Muqannaning yuzlab «muridlari» uning diydorini ko‘rish umidida u yashaydigan tog‘ etagiga kelib, uni ko‘rmoqchi ekanliklarini aytadilar. Muqanna o‘z siri ochilib qolishidan qo‘rqib, mulozimlariga «qullarimga chiqib ayt, ular mening nurimga toqat qilolmay, kul bo‘lishadi» deb buyuradi. Ammo, odamlar «parvardigorlari»ni ko‘rish uchun hatto o‘limga ham rozi ekanlarini aytishadi. Shunda Muqanna bir hiyla ishlatib, «banda»larga ko‘rinish beradigan kunni tayin qiladi. O‘zi esa, o‘sha belgilangan kunda qal’asidagi ayollarga tog‘ning kungay tarafida turib, qo‘llaridagi kumush ko‘zgu parchalarini quyoshga tutib turishni buyuradi. Quyosh Sharqdan tushishi bilan uning turi tog‘da turgan ayollar qo‘lidagi ko‘zgu parchalarida aks aks etib, hamma yoq charog‘on bo‘lib ketadi. Buni «ilohiy karomat» o‘rnida qabul qilgan odamlar Muqannaga sajda qiladilar.

Bu kabi soxta «mo‘’jizalar» Muqannaning shon-shuhratini tobora orttirardi.

Muqannaning o‘limi
Tabiiyki, Muqanna tarafdorlarining kundan-kunga ortishi Abbosiylarni tashvishga solishi aniq edi. Ammo, Muqannaning tarafdorlari uning himoyasi uchun jonlaridan kechishga shay turishardi. 783 yilda Abbosiylarning Hirotdagi noibi Sa’id Xarashiy katta lashkar bilan Muqanna qal’asini qamal qiladi. Tog‘ tepasidagi qal’aga biror bir askar tirmashib chiqa olmas edi.

Biroq, uzoq vaqtlik qamalga dosh berolmagan Muqannaning ko‘plab xos soqchilari qal’adan chiqib, arablar musulmonlarga taslim bo‘ladilar. Muqanna esa, qal’a ichida faqat ayollar bilan qolgandi. Muqanna o‘sha onda avval ayollarini, keyin o‘zini o‘ldirishni niyat qiladi. U avvaliga xizmatkorlariga qal’a ichidagi tandirga olov yoqib qizitishni buyuradi. Uch kun tandir obdon qiziydi.

U ayollariga sharob tutib, ularga yashirincha zahar soladi. Faqat birgina ayol sharobni ichmasdan yoqasining ichiga to‘kib yuboradi. Ayollar bari sharobni ichishi bilan yerga yiqiladi. Haligi ayol ham o‘zini o‘lganga soladi. Muqanna tirik qolgan xizmatkorini ham o‘ldirib, o‘zini qizib turgan tandirga tashlaydi.

Shunday so‘ng haligi ayol qal’a eshigini ochib, musulmonlarni ichkariga kiritadi va bo‘lgan voqealarni aytib beradi. Shu tariqa, xalqni o‘n to‘rt yildan ziyod vaqt mobaynida aldab kelgan Muqannaning firib va nayrangdan iborat hayoti intiho topadi.

U kim uchun kurashdi?
Uning tarafdorlari uzoq vaqt musulmonlarga qarshi kurash olib borishadi. Chunki ular Muqannaning boshqa qiyofada qaytib kelishiga ishonishardi. Oradan yillar o‘tib, Muqannaning fitnalari fosh bo‘ldi. Tarixchilar uning qilmishlarini kelgusi avlodlarga ibrat bo‘lishi uchun o‘z kitoblarida yozib qoldirdilar.

Muqanna asrlar davomida dahriylik, murtadlik, makr va nayrang timsoli bo‘lib keldi. Faqatgina sovet hukmronligi yillarida, islom dini keskin ta’qib va ta’qiq ostida olingan yillarda firibgar, talonchi Muqannadan qahramon yasab, uni xalq ongiga singdirishga urinishdi.

Aslida aniq manbalardan ko‘rinib turibdiki, uning o‘zi ham dastlab arablarga xizmat qilgan. Uning asl maqsadi xalqni arablar zulmidan ozod qilish emas, aksincha o‘zining soxta dinini yoyish, odamlarni makr-hiyla bilan o‘ziga bo‘ysundirish, hukmronligini mustahkamlash edi. Ammo, tarix hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi. Muqannaning ishonchli manbalarda aks etgan kirdikorlari uning kim ekanini e’tirof etish uchun kifoyadir.

Rustam JABBOROV, O‘zA

Manba: uza.uz

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring