Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Muhim topshiriq, tig‘iz uchrashuvlar» — Sherzod Shermatov nega AQShga bordi?

«Muhim topshiriq, tig‘iz uchrashuvlar» — Sherzod Shermatov nega AQShga bordi?

Foto: MITC

20-iyun kuni AKT vaziri Sherzod Shermatov AQSh bilan AKT sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, IT sohasidagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda qator kompaniyalar bilan hamkorlik o‘rnatish maqsadida Amerikaga bordi.

Xabaringiz bor, prezident Shavkat Mirziyoyev AKT vazirligiga O‘zbekistonni mintaqaviy IT-xabga aylantirish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi. Soha rahbari ushbu topshiriqni amalga oshirish yo‘lida okeanorti mamlakatida shu kunning o‘zida qator uchrashuvlarni o‘tkazdi.

Reytinglarda yuqorilash masalasi

Tashrifning ilk kunida Sherzod Shermatov BMT Bosh kotibining iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Liu Jenmin bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida BMT Bosh kotibi o‘rinbosari O‘zbekiston jahonning qator reytinglarida yuqorilayotgani hamda kelajakda amalga oshirilayotgan ishlar natijasida mintaqada yirik IT-xabga aylanishini ta’kidladi.

AKT vaziri BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti tomonidan har 2 yilda e’lon qilinadigan Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida yana yuqori pog‘onalarni egallash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

Mastercard Inc. kompaniyasi bilan hamkorlik

20-yun kuni Nyu-York shahrida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov va «Mastercard» to‘lov tizimi vitse-prezidenti Sami Lahud o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda tomonlar Mastercard bilan elektron tijorat ekotizimini rivojlantirishda ko‘maklashish, kichik va o‘rta biznes salohiyatini oshirish, shuningdek, hamkorlik platformasini yaratish, jumladan, onlayn to‘lovlar va boshqa sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar.

Vazir Shermatov Mastercard Inc. global to‘lov innovatsiyalarini yaratishda yetakchi ekanligini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida Mastercard Inc. kompaniyasi bilan ta’lim loyihalari va kichik hamda o‘rta biznes sub’yektlari uchun salohiyatni oshirish bo‘yicha hamkorlik, Entrepreneurs Odyssey, MasterCard Academy va boshqa onlayn platformalarni o‘zbek tilida ishga tushirish masalalari muhokama qilindi. Qolaversa, O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznes sub’yektlariga o‘zlarining elektron tijorat portallarini yaratishda ko‘mak berish hamda OTM talabalari uchun mahorat darslari va ma’ruzalar tashkillashtirish ham muhokama markazida bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida AKT vazirligi va Mastercard Inc. kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

O‘zbekistonni mintaqaviy «ayti» markazga aylantirish masalasi

Shu kuni Nyu-York shahrida AKT vaziri Sherzod Shermatov va «EPAM Systems» kompaniyasi asoschisi, prezidenti va direktorlar kengashi raisi Arkadiy Dobkin o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tomonlar O‘zbekistonda malakali IT-kadrlar tayyorlash va iste’dodlarni rivojlantirish, shuningdek, «ayti» sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv doirasida «EPAM Systems» kompaniyasi asoschisi Arkadiy Dobkin mamlakatimizda yaratilgan sharoitlarni e’tirof etdi.

Shu bilan birga, A. Dopkin tomonidan nima uchun aynan O‘zbekiston kompaniya rahbariyati tomonidan relokatsiya uchun tanlangani, mamlakatimizda IT-kompaniyalar va IT-mutaxassislar uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda sohaga bo‘lgan e’tiborni inobatga olib, ushbu relokatsiya qisqa vaqtlarda amalga oshirilganligini alohida ta’kidladi.

U O‘zbekiston yaqin kelajakda «ayti» yo‘nalishida nafaqat Markaziy Osiyodagi, balki butun mintaqadagi yirik markaz bo‘lishiga ishonishini bildirdi.

O‘z navbatida, AKT vaziri Sherzod Shermatov «EPAM Systems» kompaniyasini har tomonlama qo‘llab-quvatlashga tayyorligini bildirdi.

AKT vaziri xorijiy mutaxassislarning O‘zbekistonda faoliyat olib borishi qulay bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinishini alohida ta’kidladi.

Xususan, AKT vazirligi xorijlik IT-mutaxassislarni ko‘chirish jarayoni uchun quyidagi qulayliklarni taqdim etadi:

  • O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish doirasida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish, IT-vizani rasmiylashtirish va taqdim etishda yordam ko‘rsatish;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish doirasida ijaraga beriladigan uy-joy topish va taqdim etishda ko‘maklashish;
  • oila a’zolarini (yaqin qarindoshlarini) ta’lim muassasalarida (bolalar bog‘chasi, maktab va boshqalar) joylashtirish;
  • tarmoq va aloqa vositalari (mobil aloqa, Internet va boshqalar) bilan ta’minlash;
  • O‘zbekiston Respublikasi hududida turistik sayohatlarni tashkil etish.

Arkadiy Dobkin, shuningdek, yaqin bir necha yil ichida O‘zbekistonda EPAM tizimlarini keng miqyosda rivojlantirish niyatida ekanligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ayrim mamlakatlarda kompaniyaning to‘liq rivojlanishi uchun 10 yil sarflangan, O‘zbekistonda esa bu 3-5 yil ichida sodir bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekistonda har yili o‘tkaziladigan «EPAM Global» konferensiyasini tashkil etish, uning doirasida «EPAM Systems» kompaniyasining yetakchi mutaxassislari uchun O‘zbekistonda ishlash uchun sharoit va imkoniyatlar bilan tanishish maqsadida IT-tur o‘tkazilishiga to‘xtaldilar.

Tomonlar ushbu loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Venchur fondi vakillari O‘zbekistonga taklif etildi

Kunning ikkinchi yarimida Nyu-York shahrida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov va «Reface and Roosh Ventures Investment Fund» rahbari Sergey Tokarev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda axborot texnologiyalari va tibbiyot sohasidagi loyihalar muhokama qilindi.

AKT vaziri Sh.Shermatov O‘zbekistonda «ayti» kompaniyalar uchun qanday qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilayotgani va joriy yilning oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan AKT haftaligi haqida gapirib berdi hamda kompaniya vakillarini ushbu haftalikda ishtirok etish uchun taklif qildi.

Vazirning AQSh safari shunday tig‘iz taqvimda davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring