Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Milan devori – Maldini»ning buyuk faoliyat xotirasi

«Milan devori – Maldini»ning buyuk faoliyat xotirasi

Paolo Maldini – futbol tarixidagi eng kuchli himoyachilardan biri, butun faoliyatini «Milan»ga bag‘ishlagan afsona. U nafaqat maydondagi o‘yini, balki sodiqligi, yetakchiligi va xotirjamligi bilan ham e’tirof etiladi. Bugun «II Capitano» laqabi bilan tanilgan o‘tmish afsonamizning faoliyatiga nazar tashlab o‘tamiz.

Hayoti

Maldini 1968-yil 26-iyun sanasida Milan shahrida mashhur futbolchi Chezare Maldini oilasida dunyoga kelgan. Otasi ortidan kichik Maldini ham bolalikdan futbol bilan shug‘ullanib, 10 yoshida «rassoneri» maktabida tahsil ola boshlaydi.

Paolo professional futboldagi debyutini 1984-85 yilgi mavsumda boshlaydi. Dastlabki o‘yini 1985-yilning 20-yanvarida «Udineze»ga qarshi bo‘ladi. Ona shahri jamoasiga sodiq qolgan futbolchi «Milan» tarkibida 2009-yilga qadar to‘p tepib, barcha musobaqalarda jami 902 ta bahsda maydonga tushib 33 bor raqiblari posbonini ranjitgan. 1997-yildan to faoliyati so‘ngiga qadar jamoada sardor bo‘ladi.

Terma jamoadagi faoliyati

19 yoshida terma jamoaga chaqirilgan futbolchining ilk o‘yini 1988 yilning 31-mart sanasida Yugaslaviyaga qarshi bo‘ladi va uchrashuv 1:1 hisobida yakunlanadi. Terma jamoada 14 yil davomida 126 ta bahsda maydonga tushgan himoyachi 2002-yilgi mundialdan so‘ng «ko‘klar» safidagi faoliyati yakunlanganini e’lon qiladi. Klubdagi sardorlikdan so‘ng terma jamoada ham sardor bo‘lgan kichik Maldini «Skuadra Adzurra» tarkibida 7 ta gol kiritgan.

Erishgan yutuqlari

  • Yevropa Chempionlar Ligasi g‘olibi: 1989, 1990, 1994, 2003, 2007.
  • Italiya A Seriyasi g‘olibi: 1988, 1992, 1993, 1994, 1996, 1999, 2004.
  • Italiya kubogi g‘olibi: 2003
  • UYeFA Superkubogi g‘olibi: 1989, 1990, 1994, 2003.
  • Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi: 1989, 1990.
  • Italiya Superkubogi g‘olibi: 1988, 1992, 1993, 1994, 2004.
  • Undan tashqari Jahon chempionati finalchisi: 1994.
  • Yevropa chempionati finalchisi: 2000.

Shaxsiy yutuqlari

  1. 1978-yilda «Guerin Sportivo» jurnali tomonidan har yili 21 yoshgacha bo‘lgan eng yaxshi futbolchiga beriladigan «Bravo» mukofotining 1989-yilgi g‘olibi.
  2. «World soccer» jurnali tomonidan har yili o‘tkaziladigan «Dunyoda yilning eng yaxshi futbolchisi» mukofotini qo‘lga kiritgan birinchi himoyachi.
  3. UYeFA yilning eng yaxshi himoyachisi: 2007
  4. «Golden Foot» mukofoti sovrindori: 2012 (afsonaviy futbolchilar uchun beriladigan mukofot)
  5. A Seriyaning eng yaxshi himoyachisi: 2004.

O‘rnatgan rekordlari

  1. UYeFA musobaqalari tarixida eng ko‘p finalda o‘ynagan futbolchi: 8 marta.
  2. Jahon chempionatlarida eng ko‘p daqiqa harakat qilgan futbolchi: 2217 daqiqa.
  3. Chempionlar Ligasi finalida eng tezkor gol muallifi: 2005-yil, 51 soniya.
  4. «Milan» safida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan futbolchi: 902.

Qiziq fakt

Maldini faoliyatini tugatgandan so‘ng, klub unga sodiqligi uchun hurmat ma’nosida uning raqami bo‘lgan 3-raqamni abadiy muzlatgan. Ammo kelajakda Paoloning o‘g‘li «Milan» safida o‘ynasa, 3-raqamni olishi mumkin, buni Maldinining o‘zi aytib o‘tgan.

Faoliyatini tugatgandan keyingi hayoti

To‘qqiz yillik tanaffusdan so‘ng 2018-yili yana jonajon jamoasi «Milan»ga qaytadi va sport direktori lavozimida ishlaydi. Oradan bir yil o‘tib, texnik direktor lavozimiga ko‘tariladi. 2023-yilga qadar ushbu lavozimda faoliyat yuritgan Maldini klub egalari bilan kelishmovchilik sababli jamoadan ketgan. Uning davrida «rassoneri» 11 yillik tanaffusdan so‘ng A Seriya g‘olibi bo‘ldi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring