Messi oltinchi bor La Liga to‘purari bo‘ldi va tarixiy rekordni takrorladi

«Barselona» yetakchisi Lionel Messi Ispaniya chempionatining so‘nggi turida «Eybar» darvozasiga ikkita to‘p kiritdi va mavsum yakuniga ko‘ra La Ligada urilgan gollari sonini 36taga yetkazdi. Shu tarzda u oltinchi bor Pichichi sovrinini qo‘lga kiritdi.
Argentinalik hujumchi bu borada Telmo Sarraning tarixiy rekordini takrorladi. «Atletik»ning afsonaviy hujumchisi o‘z faoliyatida olti bor eng yaxshi to‘purar bo‘lgan (1944/45, 1945/46, 1946/47, 1949/50, 1950/51, 1952/53 yillarda).
Shuningdek, Messi bu mavsumda o‘zining oltinchi «Oltin butsa»ni ham qo‘lga kiritishga yaqin turibdi. Bu natija ham yaqqol rekord hisoblanadi (ta’qibchisi Krishtianu Ronaldu hisobida 4 sovrin bor). Ushbu sovrin Yevropaning eng yaxshi to‘purariga topshiriladi.
Hozirda «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappe hisobida 32 gol bor va u Messidan o‘zib ketishi uchun Fransiya chempionatining so‘nggi turida 5ta gol urishi lozim.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter