Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Biz o‘n besh yil taslim bo‘lmadik» — mashhur Seka-vayner mashaqqatli yo‘llari va yillari haqida

«Biz o‘n besh yil taslim bo‘lmadik» — mashhur Seka-vayner mashaqqatli yo‘llari va yillari haqida

Ko‘rinishi ajabtovur, hayratlanganda ko‘zlari katta-katta bo‘lib ketadigan bu qahramon ko‘pchilikda kulgi uyg‘otadi. U – mashhur vayner. Millionlab muxlislariga ega. Lavhalari o‘ziga xos, hammaning kayfiyatini ko‘tarib yuboradi. Qozog‘iston Instagramining eng mashhur odami Sergazi Toktarbek boshqa mamlakatlarga Sekavines – Seka-vayner sifatida tanish. Quyida uning hayoti haqida o‘qiysiz...

– Men uzoq vaqt intervyu bermadim, chunki o‘zimni ancha yosh, tajribasi kam hisoblardim. Mana endi boshimdan o‘tkazganlarim va ijodda qandaydir yutuqlarga erishganimni aytish vaqti keldi, deb his qilyapman, – deya kamtarlik qiladi Seka.

– Eng avvalo, mutoyibachilar va vaynerlar o‘rtasida qanday qilib eng mashhur bo‘lish siriga hamma qiziqadi.

– Bu shunchaki tajriba. Sen ko‘plab muvaffaqiyatsizliklarni boshdan o‘tkazasan: har gal yiqilasan va har gal qaddingni rostlaysan. Muhimi, nimadir bo‘lmaganda, hamma senga qarshi turganida sinib qolmaslik kerak. Meni majaqlab tashlashdi, ammo sindirisholmadi. Xuddi ana shu narsa natija berdi.

– Qiziq, muvaffaqiyatsizlik va mashaqqatlar haqida Qozog‘iston Instagramida eng ko‘p obunachilarga ega odam gapiryaptimi?

– Men oddiy ko‘cha bolasiman, chiroyli gapirishni bilmayman, biroq umid qilamanki, meni tushunib olasiz. Mening ijodim yo‘rgaklik vaqtimdan boshlangan: har doim bolalar bog‘chasida chiqish qilardim. KVNda esa Almatidagi 36-gimnaziyada o‘qib yurganimda o‘ynab boshladim. Keyin universitet uchun «Turon» hamda boshqa oliy o‘quv yurtlari uchun chiqardim. Bizning «Ochiq liga»mizni, ayniqsa «Superliga»ni Qozog‘istonga kelganida to‘ng‘ich Maslyakovning o‘zi maqtagan. Bundan tashqari men maktab yillaridan tanilgan raqqos bo‘lib, hatto musobaqalarda g‘alabani qo‘lga kiritganman. Biroq takliflarimiz bilan telekanallarga borganimizda bizni mutlaqo tan olmay, haydab yuborishardi. Sababi, kamgina pul evaziga sifatli mahsulot tayyorlaydigan va shu tariqa u yerda qadimdan ishlaydiganlarning nonini olib qo‘yadigan yosh yigitcha hech kimga yoqmasdi. Yoki prodakshn-kompaniyaga boraman, menga arzimagan chaqa berishadi, ammo u yerda har kuni xuddi la’natlangan kabi ishlayman. Bu ham anchadan buyon o‘tirib qolgan odamlarga yoqmaydi va oyog‘imdan chalib boshlaydilar. Shu tariqa 15 yil taslim bo‘lmadik va nihoyat Xudoyim bizga orzu qilganimiz – mashhurlikni berdi!

– «Biz» deb kimlarni aytyapsiz? Kimlarni komandangizda deya hisoblaysiz?

– Bu – vaynerlar tilida «sik-sik spat» deyiladigan Nurik yoki «daydi Borya» hisoblangan Rusik. Biz shu odam bilan boshlaganmiz va hozirgacha harakat qilyapmiz. Uning haqiqiy ism-sharifi Nurgali Sesengaliyev. Yana mening yonimda avval boshdan Oybek Amirgaliyev, Timur Aytikiyev, Kuanish Davlatbekov ham bor. Ularning ayrimlari bilan tumanda, ammo, asosan, universitetda, KVNda o‘ynaganimizda tanishganmiz.

– Men bilishimcha, siz universitetda moliya bo‘yicha o‘qigansiz. Yana «oshpaz» mutaxassisligi bo‘yicha razryadingiz bor. Ijod odami uchun shunday bo‘lishi mumkinmi?

– Mening txekvondo bo‘yicha qora kamarim ham bor, ma’lum vaqt qoidasiz janglarda qatnashganman. Eh, yo‘limni topishim uchun men qaysi sohalarda o‘zimni sinab ko‘rmadim, deysiz! Professional aktyor bo‘lishni esa hech qachon xohlamaganman, chunki yoshligimda bemaqsad ichib kayfu safoga berilgan artistlarni ko‘rdim. Maktabni tugatayotganimda zo‘r KVNchi sifatida mendan umid qilib, hatto Jurgenev nomidagi san’at akademiyasiga grant bo‘yicha taklif qilishgan. Onam u yerda o‘qishimni judayam xohlagandi, biroq men o‘smirlik yoshidagi talabchanligimga ko‘ra, «O‘g‘lingiz ichishni boshlashini istaysizmi?» – dedim. Mana endi aktyorlik kasb, ish sifatida ta’limsiz ham meni quvib yetdi. Qolaversa, bolaligimdan o‘zim haqimda «Artistning naq o‘zi» deganlarini eshitganman. Aftidan bu qonimda bor.


«...bizda ta’limdagi islohotlar haqida ko‘p qichqirishadi va yoshlarga o‘qishni majburlash mumkin emasligini sira tushunishmaydi. Men esa, qichqirish emas, ularning e’tiborini tortish, ular uchun qiziq bo‘lgan tizimni o‘ylab topish kerak, deb hisoblayman. Masalan, hozir yoshlar kompyuter o‘yinlari va vaynlarni yaxshi ko‘rishadi, kelinglar, ularni sindirmaylik, o‘yinlar orqali qalblariga kiraylik, ishonchlarini qozonaylik».


– Ekrandagi bekorchi Seka obrazi hayotdagi «men»ingizga muvofiq keladimi?

– Men hayotda jiddiy yigitman, ammo shu bilan bir vaqtda judayam quvnoqman! Nokamtarlik bo‘lsayam aytay, yana mehribonman. To‘g‘ri, ba’zida qizishib ketaman, chunki jo‘shqinman. Jo‘shqinligim esa ijodkorligim tufayli... Hayotda jiddiy bo‘lishimga sabab esa oilada hammani men ta’minlayman: onam, qizim, xotinim, opam va uning qiziga g‘amxo‘rlik qilaman. Uyda yagona erkak ekanligimni ota-onam ajrashib ketganidan keyin his qilganman, o‘shanda hali birinchi sinfda o‘qir edim. Men onam va mendan bir yosh katta opam bilan Chilikdan Almatiga ko‘chib o‘tganmiz. O‘shanda yuklarimizni olib kelgan mashina haydovchisiga so‘nggi pullarimizni berib, keyin esa bir oy deyarli yeguliksiz yashaganimiz esimda. Otam Chilikda qoldi, o‘zining hayoti bor edi uning, men o‘n sakkiz yoshga to‘lganimda vafot etdi. Dafn marosimiga bordim, xayrlashdim va otamdan hech nimaga o‘rganmaganini tushunib yetdim. Meni bolaligimdan hayotning o‘zi o‘qitgan: xuddi onam va opam kabi doimiy ishlash va faqat oldinga harakat qilish kerakligini bilardim. Shaxsan men harakat qildim va oltinchi sinfdan ishladim.

– Ammo bugun Instagramdagi mashhur insonlarning daromadi haqida gap ketganda afsonalar yuradi va sizni boy-badavlat deyishadi...

– Agar boylik bu – pullar bo‘lsa, men boy emasman. Biroq menda inson va yaqinlari me’yorida yashashi uchun nima talab qilinsa, hammasi bor. Bundan tashqari jamoamizning yarmi yashash joyiga ega, mashinalarimiz ham yetadi. Instagramdagi daromadga kelsak, meni sotib olish oson emas, biz boshqalarga o‘xshab ko‘p pul berganiga qarab hammani ketma-ket reklama qilmaymiz – banklar, alkogolni namoyish etmaymiz. Lombardlarni ham reklama qilmaganmiz, chunki uning ortida qandaydir makruh ishlar bor deb shubhalanganmiz. Bizga, sizlar bilan ishlash qiyin, deyishadi. Men esa o‘zimni omadim chopgan deb hisoblayman – jamoam manfaatparast emas. Ko‘proq daromad ko‘rishni xohlaymiz, albatta, ammo or-nomus va qadr-qimmat biz uchun yuqori turadi. O‘ylaymanki, boyligimiz sal keyinroq keladi. Men, hatto biz boyib ketishimizga ishonaman! Ijodiy loyihalar, biz orzu qilgan kino alal-oqibat huzur-halovatimizga aylanadi, ertami-kechmi esa haqiqiy mahsulot uchun ishga kirishamiz. Men kelgusida o‘zimizning zavodimiz bo‘lishini judayam xohlayman. Biroq hozircha hamma qartalarni ochib tashlolmayman, shuning uchun nima ishlab chiqarishimizni aytmayman.

– Darvoqe, sizning uylanganingiz va qizingiz borligi – ko‘plab muxlislar uchun yangilik...

– Ha, men band qilingan erkakman. Go‘zal-malika qizim Ameli hali go‘dak. Sevimli rafiqam Bibigul bilan turmush qurganmizga ko‘p bo‘lmadi.

– Uni eng sodiq muxlisalaringiz orasidan tanlagan bo‘lsangiz kerak?

– Yo‘q, u mening ijodimni mutlaqo yoqtirmaydi. Rafiqam mening biznesmen yoki boshqa soha egasi bo‘lishimni xohlaydi, Seka-vayner bo‘lmasam bas. U aslida mening qandayligimni bilmaguncha vayner sifatida mutlaqo yoqtirmagan. Xuddi siz kabi meni boshdan-oyoq bekorchi deb o‘ylagan. Axir faqat juda yaqin odamlarimiz jamoamizning yarmi namoz o‘qishini biladi, xolos. Biz hech qanday giyohvand moddalar iste’mol qilmaymiz, vaholanki, men bilishimcha, ko‘pgina ijod odamlari usiz turolmaydi. Aksariyat KVN jamoalari chekib olib, hazillar yozganini ko‘rganman. Biz agar shunday qilsak, ertaga ham davom ettirishimiz va bu yaramas matohsiz hech bir ishimiz yurishmasligini avval boshdan tushunganmiz. Biz har doim hammasini hushyor kalla bilan yozganmiz (kuladi).

– Agar Bibigul sizni bekorchi deb o‘ylagan bo‘lsa, qanday qilib uning yuragini zabt etdingiz?

– Men unga rosmana yordam, erkakning qo‘llashi kelish fursatini kutdim va shunchaki ko‘maklashdim, qo‘llab-quvvatladim. Bu uning botinidagi sir, shu bois nima ekanligini ochib berolmayman. Shunisini ayta olamanki, u mening aslida qandayligimni ko‘rdi va birinchi uchrashuvdan so‘ng Sergazi vaynlarda chiqadigan bekorchi Seka emasligini angladi. Men uni uy sotib olayotganimda ko‘rgan edim. Bibigul ko‘chmas mulk sotadigan taniqli kompaniyada ishlardi. Men u yerdan uy sotib olmadim, biroq Bibigulni ko‘rdim va judayam qattiq sevib qoldim.

– Deyarli har doim haqiqiy bomba bo‘ladigan vaynlaringiz mavzusini qayerdan olasiz?

– Bugun katta miqdorda vaynlarni suratga oladigan bolalar KVNchi ham, ssenariynavislar ham emas. Ular hazillarni hayotdan olishadi, tezgina yozishadi va ijodi to‘xtaydi. Biz esa mutoyiba hayotiy voqealar, quvlash (shunchaki haydab solish) va klassika (Chaplin yumori va sovet davrining beozor komediyachlari)dan iborat ekanligini bilamiz. Va ularning barchasini – bo‘sh, o‘rta va kuchli hazillarni bitta qilib beramiz. Bu shunaqa maxsus formula. Bundan tashqari, biz hozirgi vaqtda yoshlarga qiziq bo‘lgan narsani o‘rganamiz va qo‘llaymiz, ya’ni hamisha ularning tilida so‘zlaymiz.

Darvoqe, bugun bizda ta’limdagi islohotlar haqida ko‘p qichqirishadi va yoshlarga o‘qishni majburlash mumkin emasligini sira tushunishmaydi. Men esa, qichqirish emas, ularning e’tiborini tortish, ular uchun qiziq bo‘lgan tizimni o‘ylab topish kerak, deb hisoblayman. Masalan, hozir yoshlar kompyuter o‘yinlari va vaynlarni yaxshi ko‘rishadi, kelinglar, ularni sindirmaylik, o‘yinlar orqali qalblariga kiraylik, ishonchlarini qozonaylik. Men garov o‘ynashim mumkin: bolangizga beo‘xshov shapka kiymasligini yuz martalab takrorlamang, sizga quloq solmaydi, ertaga men Instagramda shu shapkani kiyib chiqsam, darhol yoqtirib qoladi va eng urfdagi va kerakli bosh kiyim deb hisoblaydi. Hozirgi yoshlarning qalbiga yo‘l ularning qiziqishlari, e’tibor qozongan odamlari orqali topiladi.

– Sizning e’tibor qozongan odamlaringiz kim?

– Yerbol Baygozov degan odam bor, she’rlar bilan gapiradi, 35 mingta qo‘shiqni yoddan biladi, «Abay jo‘li» va boshqa durdonalarni xohlagan joyidan aytib berishi mumkin. Men uchun mana shunday insonlar qiziq. Do‘stim va hamkasbim Nurikni ham katta odam hisoblayman. U, hatto eng og‘ir daqiqalarda ham meni tashlab ketmagan. O‘zining shaxsiy muammolari borligiga qaramay, oilamning ijara haqini to‘lash uchun kredit olgan paytlari bo‘lgan. Ya’ni odamlarni insoniy sifatlariga qarab baholash kerak – ular oddiy bo‘lishlari mumkin, ammo aslida harakatlari buyuk. Va aynan shu kabi insonlar men uchun e’tiborli odamlar hisoblanadi.

Oksana VASILENKO
(internetdan olindi)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring