Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Markaziy bank: Tijorat banklarida iste’molchilar huquqlari buzilgan

Markaziy bank: Tijorat banklarida iste’molchilar huquqlari buzilgan

Foto: Markaziy bank

O‘zbekiston Markaziy banki bank xizmatlari iste’molchilariga rasmiy axborot bilan chiqdi.

Qayd etilishicha, tijorat banklari bilan mijozlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarni o‘rganish jarayonida banklar tomonidan shartnomalarga ajratilgan kreditlar va qabul qilingan depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarini, shuningdek bank xizmatlari uchun belgilangan tariflarni bir tomonlama o‘zgartirishni nazarda tutuvchi shartlar kiritilganligi holatlari aniqlangan. Bu esa bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini buzilishi hisoblanadi.   

Bunday holatlarni bartaraf etish va takrorlanmasligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank tomonidan barcha tijorat banklariga tegishli ko‘rsatma berilgan (suratda xat nusxasi keltirilgan).

«Kredit yoki depozit shartnomangizda kreditlar va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarni, shuningdek bank xizmatlari uchun belgilangan tariflarni bir tomonlama o‘zgartirishni nazarda tutuvchi shartlar mavjud bo‘lsa, ushbu shartlarni bekor qilish yuzasidan xizmat ko‘rsatuvchi tijorat bankiga murojaat etishingiz mumkin», deyiladi Markaziy bank axborotida.

Shuningdek, shartnoma shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha bankka murojaat etganingizda muammolar yuzaga kelsa, u holda Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmatiga yozma ravishda yoki (71) 200-00-44 raqamli ko‘p kanalli yagona «Ishonch telefoni» orqali murojaat etishingiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring