Majburiy sug‘urta to‘lovi 2,2 barobarga oshishi mumkin. Siz bunga rozimisiz?
2017-yilning 13-oktyabrida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 24-iyundagi 141-sonli «Transport vositalari egalarining fuqarolik javbgarligini majburiy sug‘urta qilish» to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi» qarori loyihasi joylashtirilgan edi. Ushbu qaror loyihasi jamoatchilikda hech qanday qiziqish uyg‘otmadi. Vaholanki, mazkur hujjat har bir atomobil egasining manfaatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Gap shundaki, ushbu hujjat loyihasiga ko‘ra, avtomobil egalari tomonidan majburiy sug‘urtaga to‘lanadigan to‘lovlar qariyb ikki barobar oshirilishi rejalashtirilmoqda. Xalq orasida ushbu sug‘urta turi odatda «OSAGO» deb nomlanadi.
Xo‘sh, OSAGO bo‘yicha to‘lovning bunday qimmatlashishi sababi nimada?
Bugungi kunda OSAGO bo‘yicha sug‘urta kompaniyasining maksimal javobgarligi chegarasi (sug‘urta summasi) 12 mln. so‘mni tashkil etadi. Undan 4,2 mln. so‘mi (35 foiz) mulkka (sh.j. jabrlanuvchining avtotransportiga) yetkazilgan zararni qoplash uchun va 7,8 mln. so‘mi (65 foiz) yo‘l-transport hodisasida jabrlangan shaxsning sog‘lig‘i yoki hayotiga yetgan zararni qoplash uchun mo‘ljallangan. Ya’ni, YTH yuz berganda jabrlanuvchining moddiy zararini qoplash chegarasi bor-yo‘g‘i 4,2 mln. so‘mni tashkil etadi, uning hayoti va sog‘lig‘iga yetgan zarar bo‘yicha chegara, jabrlanuvchilarning soni necha nafar bo‘lishidan qat’i nazar, 7,9 mln. so‘mni tashkil etadi.
Ravshanki, mulkka (shu jumladan avtotransportga) yetkazilgan zararni qoplash chegarasining 4,2 mln. so‘m qilib belgilanishi bugungi kunning talablariga umuman javob bermaydi, inson sog‘lig‘i va hayotiga yetkazilgan zarar bo‘yicha belgilangan to‘lov summasini gapirmasa ham bo‘ladi.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, YTH natijasida avtotransportga yetadigan zararning o‘rtacha statistik hajmi 8 mln. so‘m atrofida bo‘ladi. Ya’ni, amaldagi sug‘urta himoyasining summasi kerakli bo‘lgan summadan qariyb ikki baravar kam. Bu o‘z navbatida, avtotransport egalari tomonidan zararni qoplash uchun sug‘urta kompaniyasiga murojaat etish xohishini yo‘qqa chiqaradi.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, OSAGO bo‘yicha sug‘urta qoplamasining chegaraviy hajmini 3,3 barobar, ya’ni 12 mln. so‘mdan 40 mln. so‘mgacha oshirish nazarda tutilmoqda. Tegishli ravishda moddiy zararni qoplash uchun — 14 mln. so‘m va jabranuvchining sog‘lig‘i va hayotiga yetgan zararni qoplash uchun — 26 mln. so‘m. Mazkur raqamlar bugungi kun holatida ancha haqiqatga yaqin hisoblanadi.
Lekin bunday hajmdagi sug‘urta himoyasiga ega bo‘lish uchun avtotransport egalari OSAGO uchun ko‘proq pul to‘lashlariga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kunda OSAGO bo‘yicha to‘lov o‘rtacha 50 ming so‘mni tashkil etsa, hujjat loyihasiga ko‘ra to‘lovni o‘rtacha 110 ming so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Natijada, OSAGO uchun to‘lov 2,2 marta, sug‘urta himoyasining hajmi esa 3,3 marta oshiriladi.
Shu sababli, avtotransport egalaridan quyidagi ikki savolga javob olishni istardik:
— avtotransport egalari OSAGO bo‘yicha sug‘urta himoyasi hajmini kengaytirishdan manfaatdormi?
— avtotransport egalari 3,3 marta kattaroq sug‘urta himoyasiga ega bo‘lish maqsadida 2,2 marta ko‘proq sug‘urta to‘lovini to‘lashga tayyormi?
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter