Mahalliychilik: «Bizdanmas», «ulardan ekan» yoxud yoshlarni g‘o‘r desak, ziyolilarimizga nima bo‘lyapti?
Gapning indallosidan boshlay qolay: O‘n besh sutkaga qamalgan qizning ota-onasi viloyatdan ekanligi (garchi o‘zlari ta’kidlashgan bo‘lsa-da aslida bu aniq emas, bir darcha bo‘lishi ham mumkin...) ko‘pchilikni quvontirib yuborgani aniq bo‘lib qolyapti tobora.
Qizning sudidan lavhalarni, yig‘lab uzr so‘raganlari, otasining gaplarini tinmay aylantirishyapti. Anglashmayaptiki, bu ham mahalliychilikning qon-qonimizga singib ketganiga bir dalolat. «Bizdan emas ekan...», deb quvonish qanchalik o‘rinli? Viloyatliklarni «asl toshkentlik» (aslida ularning ham ota-bobolari qachonlardir qayerlardandir kelib o‘rnashib qolganku Toshkentga) haqorat qildimi, «Toshkentda tug‘ilgan»mi – nima farqi bor?! Ikkala tomondan qaralganda ham millatparvarlikning yo‘qligini, o‘z millatdoshini yomon ko‘rishni anglatadiku bu.
Shunday postlar ostiga yozilayotgan izohlardan ko‘ngil behuzur bo‘ladi. O‘n besh sutkagamas, o‘n besh yilga tortadigan izohlar bor. Maylida, bu ham ularning saviyasini bildiradi, demak, odamning tarbiyalilik, madaniyatlilik darajasi yetti pushti qayerlik bo‘lishi bilan o‘lchanmas ekan.
Jurnalist Nasriddin Asriddinov (lentamda chiqib qoldi) ham o‘z postida mavzuni o‘tkazib yubormagan. Onasi «QAShQADARYo»lik va otasi «QO‘QON»lik, o‘zi esa «TOShKENT»lik bo‘lgan bechora qizaloqning ko‘z yoshlari yoxud uzrlari...», deb nomlangan sarlavhadagi qo‘shtirnoqqa olingan so‘zlardan u qizning asli toshkentlik emasligi muallifni zavqlantirib yuborganini anglab olish qiyinmas...
Va odatdagidek, izohlarda ayrimlar asl yuzini ochib qo‘yishdan uyalishmagan. «O‘zini toshkanlu degan bilan bashara viloyatga tortyaptiyu» deya qoldirilgan izoh muallifi N. M. profiligi kirib qo‘rdim qiziqib: zamonamizning o‘qimishli ayoli ekan, jurnalist, ziyoli... O‘zini zamonaviy, madaniyatli hisoblovchi bu ayolning bunday fikrlashi juda dahshatli! Qonunan olib qaralsa, nafosatsiz yozilgan bu izohi bilan o‘ziga o‘n besh sutkani naqd qilib qo‘ygan aslida bu ayol.
«BIZDAGI MA’LUMOTLARGA KO‘RA VILOYaTLIKLARNI HAQORAT QILGAN «HURLIQO»NING OTA-BOBOLARI ASLIDA QAShQADARYoLIK EKAN», deya izoh qoldirgan A.Shoburxon hurliqo so‘zini qo‘shtirnoqqa olish orqali qizni tashqi ko‘rinishini nishonga olgan ko‘rinadi va buning uchun ham qonunchiligimizda javobgarlik belgilanganini unutgan go‘yo! Xayrulla Qilichevning umuman bu mavzuga daxlsiz posti ostiga yozilgan bu izohga bo‘lgan munosabatlar yanada haqoratli. Shulardan biri F. Jo‘rayev qoldirgan izoh juda qo‘poldan qo‘pol. Kompyuter stoliga paxtagulli choynak-piyola qo‘ygancha kreslosiga yastanib rasmga tushgan bu shaxs yosh bola yoki g‘o‘r yigit emas. Balki tadbirkordir, ehtimol biror idorada boshliq, xullas, oq-qorani tanigan yetuk shaxs... Ammo uning munosabati qizning aybidan kam emas. O‘lganning ustidan tepish qilgan u – jazolangan qizni yengiltabiatlikda ayblagan. Sudlashadigan masala!
E.Xojimatov do‘stligimda bor ekan. Profilini ko‘zdan kechiraman: «Toshkent» telekanalida to‘lqinlanib she’r o‘qiyapti. Demak, shoir yigit, ziyoli, ma’rifatli... Ammo o‘zining #UZR #Video rukni ostida qo‘ygan qizning pushaymonligi haqidagi videoni shunday izohlagan: «Jon deb viloyatga turmushga chiqaman (xo-xolagan smaylk) Viloyatliklarni haqorat qilgan befarosat qiz 15 sutkaga qamaldi YIG‘LAB UZR HAM SO‘RADI (yana xoxolagan smayl) Qamoqxonada juda ko‘p viloyatlik jigitlar ishlaydi oma:)»
Men ko‘rganimda 184 ta layk va xo-xo bosilgan bu izohi bilan nima demoqchi bo‘lyapti, xo‘sh? Sutkaga qamaladimi, yillargami, har bir mahkum ayol-qizning sha’ni, qadr-qimmati yetarlicha himoyalansa kerak. Har holda men shunday hisoblayman. Qizku aqlsizlik qilib tiliga erk berdi. O‘zini o‘qimishli hisoblaydiganlar bunday fikrlashi nimadan dalolat?! Yoki shoirona hissiyotga berilish sifatida qabul qilib qo‘yaveraylikmi, a?..
Uning o‘zicha «Feysbuk»ni portlatgan bu postiga yozilgan izohlar axlatga otilgan kesakdek bo‘lgan, go‘yo: «Effektsiz bir ko‘rgim bor shu qizzi» deb izoh yozgan H.Sherzodova. Unga E.Hojimatovning o‘zi juda xunuk javob qaytargan... O‘zganing tashqi qiyofasidan kulmang, naqshning emas, Naqqosh (Olloh)ning ustidan kulgan bo‘lasiz, ma’nosini beruvchi hadis bo‘lsa kerak, o‘qiganim bor. Ayniqsa, qilmishiga yarasha jazosini olgan odam, ayniqsa, qiz bolaga bu tarzda «ta’rif» berish, bilmadim endi, qaysi qolipga sig‘arkan? Mukammal shaxsning o‘zi yo‘qku... «aslida Alloh naqqosh yaratgan bandalari ustidan kulishga xaqqim yo‘q, basharasiga qarab gapirganda yaxshiroq bo‘lardi» tarzida H.Sherzodovaga javobi bilan aslida Naqqoshni masxaralash ulog‘ini olib ketadi M.Toshpo‘latova ismli foydalanuvchi…
Ayniqsa, olovga kerosin sepishga usta trollar avjida (haqoratli izohlar yozgan ayrim profillarga kirib, egalarilari haqida hech qanday ma’lmot topa olmadim, demak trollar) «Faqat viloyatliklarni ichiga tashlanglar, iltimos! (qamoqxonani nazarda tutyapti shekilli) Endi jahling chiqsa dadang bilan onangni haqorat qil! Chunki senday la’natini dunyoga keltirgani uchun har qancha haqorat kam ularga!», deya butun nafratini to‘kib soladi M. Rashidova. D. Radjapova: «bu toza toshkenli emas basharasidan aytib turibdiku». T. Ganiyev: «Bu qizni Toshkentga aloqasi yuq basharasini o‘zi etib turibdiyu dala hayvoni...». S.Xan: «Qattan bo‘sayam toza Toshkentlikmasde asl Toshkentni aholisi mongol bashara bo‘miydi. Basharasi aytib turibdi kimligini» (mo‘g‘ul bosqinchilari Toshkentni chetlab o‘tganligini bilmasligimdan hayron bo‘lgancha, qachonlardir ommaga berilgan «viloyatbashara, viloyatliklarga o‘xshab kiyingan»... qabilidagi bayonot esimga tushdi) «Qayerdan ekani muxim emas, muhimi shunday munosabat borligi», deya real muammoga e’tibor qaratadi T. Ganiyevga javoban Shahnoza Ro‘ziyeva.
Qizga achinganlar, uning hatti-harakatini aqlsizlikka, e’tibortalablikka yo‘yganlar ham bo‘lgan izohlarda. Hatto ustozimiz Muhtor Xudoyqulovni ham befarq qoldirmagan: «Baribir yosh qizchaga 15 kunlik qamoq berilishi juda qattiq va ortiqcha jazo! Jarima solinsa yetarli edi va ota-onasini chaqirib, jarimani undirib, qizining tarbiyasiga e’tibor berish yuklatilishi kerak edi». Tabiiyki, ustoz jurnalistga, balog‘atga yetgan odam o‘zi javob beradi, qiz yosh emas... qabilida e’tirozlar bo‘lgan. Nima ham derdim, yoshing o‘tgani sari nevaralaring tengilar o‘n sakkizdan oshsa ham yosh boladek tuyulaverar ekanda...
Rustam Zoir: «Bu ish yaxshimas. Aytdi-yu o‘zi, bir necha bola xirapashshalik qildi deb. Adashgandir, holatini tushunish kerak. Biz shunchalar yovuzmizmi? Shu bilan bir qizning hayotini barbod qilish nohaqlikdir. Jarima qo‘llash lozim edi. U bo‘lajak ona. Adashish bandaga xos. Kechirim so‘radi, pushaymonman dedi. Yig‘ladi. Kechirimli bo‘lish kerak».
G. Safarova: «Hamma qilgan huquqbuzarligi uchun bitta kechirim so‘rash bilan qututlib qolaversa, bunaqa ishlarni davom ettiraveradi. Jazosini olsa qaytib qilmaydi.»
Odamlar jamiyatdagi voqea-hodisalarga befarq emas. Ijtimoiy tarmoq orqali kuzatib, tahlil qilib borishadi. Bir voqeaga ikkinchisini taqqoslash, xulosa chiqarish imkoniyatiga ega. Rustam Zoirning G.Safarovaga javobidan ham buni anglash mumkin: (izoh xatolari tahrirlandi) «Jazoni nega murg‘ak go‘dak qizchalarni zo‘rlaganlarga qo‘llashmadi? Qamoqxonada yovuz odamlar bor. Ularning ta’sirida yovuz bo‘lib qaytadi. Shu kerakmi?»
...Har narsada hikmat bor deganlaridek, bir tomondan shu qizning «chiqishi» yaxshi ham bo‘ldi. Hamma kerakli saboqni chiqarib oldi. Bu masalada nafaqat ijtimoiy tarmoqda «jasorat ko‘rsatish», balki o‘zaro gurunglarda, pana-pastqamlarda ham o‘z millatdoshini haqorat qilish oqibatini o‘ylaydi endi ko‘pchilik. O‘zaro g‘iybat qilsak nima bo‘pti, deysizmi? Axir devorning ham qulog‘i bor!
«Bizdanmas», «ulardan ekan», degan taskin bilan ish bitmaydi. Mahalliychilik illatini faqat tillardanmas, miyalarimizdan, ongimizdan ham batamom o‘chirib olsakkina biz toloto‘p zamon makrlariga turib bera oladigan BUYuK MILLATga aylana olamiz. Aks holda bo‘linaveramiz, yem bo‘laveramiz.
P/S:Agar rostdan ham adolat oxirigacha g‘alab qozonishini istasak, bu qiz o‘ziga otilgan haqoratlarni bitta-bitta «yig‘ib» kerakli joylarga murojaat qiladi. Va o‘zi kabi xato qilganlarga ham munosib jazo berilsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Chunki uni haqorat qilib yozgan ko‘pchilik bu qizdan tarbiyasi bilan zarra ortiq emas.
Usmonjon Yo‘ldoshev, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter