Mablag‘ berilgan, lekin muammo yechilmagan – Prezident videoselektor o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-iyul kuni hududlarda ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimini yaxshilash, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
2018 yil 30 noyabrda davlatimiz rahbarining «O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan edi. So‘nggi ikki yilda bu sohaga budjetdan 3,7 trillion so‘m ajratilgan. Bundan tashqari, 48 ta loyihaga 1,9 milliard dollar xorijiy kreditlar jalb qilingan.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, uch yil ichida 3 million 600 ming aholiga suv yetkazish rejalashtirilib, mablag‘ masalasi hal qilib berilgan bo‘lsa-da, barcha muammolar oxirigacha o‘z yechimini topmagan.
Loyihalarni tanlashda joylardagi holat, aholining talabi va mavjud suv manbalari to‘liq o‘rganilmayapti. Kredit qaytimi budjet zimmasiga tushayotgani tarmoq va hudud rahbarlarini jiddiy o‘ylantirishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni amalga oshirish va xorijiy kreditlarni qaytarishdagi muammolarni ko‘rsatib, yangi qurilgan suv tarmoqlaridan to‘liq foydalanish, kelgusi yildan boshlab barcha loyihalarda ichimlik suvini xonadonlargacha ulash zarurligini ta’kidladi.
Iste’molchilar suv tarmog‘iga ulanmagani sababli daromadlar olinmayotgani uchun mas’ul rahbarlarning ishi tanqid qilinib, «O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatiga yil yakuniga qadar jami 2,5 million iste’molchini tarmoqqa ulash vazifasi qo‘yildi.
Shavkat Mirziyoyev loyihalarni ishlab chiqishdan tortib, ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonni monitoring va nazorat qiladigan, natijadorlikka soha mutasaddilari bilan birga hokimlar ham javob beradigan tizim yaratish lozimgini ko‘rsatib o‘tdi.
Buning uchun hududiy suv ta’minoti korxonalarida kuzatuv kengashlari tuzilib, ularga viloyat hokimlarining shaxsan o‘zlari rahbarlik qiladi. Hokimlar loyihalar sifatli bajarilishiga, mablag‘ning maqsadli sarflanishiga va olingan kredit qaytimiga bir xilda javob beradi. «O‘zsuvta’minot» AJ loyihalarni har bir hududning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, hokimlar va aholi bilan maslahatlashib shakllantiradi.
Har bir loyihaning borishi viloyat va tuman kengashlari deputatlari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganib boriladi. Ichimlik suvi tariflarini tasdiqlash ham xalq deputatlari viloyat kengashlari vakolatiga o‘tkaziladi.
Sohada loyihalashtirish ishlarini to‘liq qayta ko‘rib chiqish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasiga suv va kanalizatsiya tizimini rivojlantirish sxemasini hududlar bosh rejalari hamda ichimlik suvi manbalariga uzviy bog‘lagan holda ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Prezident energiya tejamkor kichik loyihalarni amalga oshirish yaxshi samara berishini ta’kidladi.
Andijon viloyati Ulug‘nor tumanidagi tajriba loyihasi bunga misol. Unga ko‘ra, ichimlik suvi qudug‘iga 5 kilovattli quyosh elektr stansiyasi o‘rnatish orqali 2 ming nafar aholi suv bilan ta’minlanadi. 52 million so‘mlik bu loyiha yiliga 44 ming kilovatt elektr energiyasini iqtisod qilish evaziga uch yilga bormay o‘zini o‘zi qoplaydi.
Markazlashgan suv manbasidan uzoq, elektr tortib borish katta xarajat talab qiladigan hududlarda shunday loyihalarni ko‘paytirish kerakligi tayinlandi.
Sohada investitsiyalarni o‘zlashtirishda qoloqlikka yo‘l qo‘ymaslik uchun xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha xaridlar ochiq o‘tkaziladigan va ularning ijrosi muvofiqlashtirib, samarali monitoringi yuritiladigan yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Gidroinshootlarda suv o‘lchagichlar, iste’molchilarda hisoblagichlar o‘rnatish qamrovini kengaytirib, ulardagi ma’lumotlarni qayta ishlovchi raqamlashtirilgan markaz tashkil qilish bo‘yicha topshiriq berildi.
Suv quvurlaridagi yo‘qotishlar ham ko‘p, dedi davlatimiz rahbari. Ba’zi joylarda ichimlik suvi sifati standartga javob bermasligi aniqlangan. Bu muammolarni hal etishda Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyati sezilmayapti.
Shuning uchun sohaga xususiy sektorni faol jalb qilish, unga subsidiyalar va boshqa sharoitlar orqali jozibadorlikni oshirish mumkinligi qayd etildi. Tarifni belgilash hududlarning o‘ziga berilayotgani bunda katta imkoniyat.
Videoselektor yig‘ilishida uy-joylar, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’yektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Shirkatlarning muammoli qarzdorligini qisqartirish, ko‘p qavatli uylar boshqaruvini servis kompaniyalariga berish tajribasini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. Kuz-qish mavsumida uzoq hududlarga ko‘mir va suyultirilgan gazni kafolatlangan tarzda yetkazib berish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, takroriy ekinlarni ko‘paytirib, ularni xarid qilish va g‘amlash chora-tadbirlari belgilandi.
Kam ta’minlangan oilalar ahvoliga alohida e’tibor qaratish, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 30 mingta muhtoj oilani kuz-qish mavsumi uchun zarur oziq-ovqat va dori-darmon zaxirasi bilan ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda tarmoq va hududlar rahbarlari hisobot berdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter