Kunni my.gov.uz bilan rejalashtiring (video)
XXI asr – fuqarolarning davlat xizmatlariga bo‘lgan talabi kundan-kunga ortib boryapti.
Buni inobatga olgan O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi qoshidagi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi qizg‘in ishga kirishib, soha rivojiga hissa qo‘shuvchi loyihalarni ishlab chiqmoqda. Ya’ni zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda davlat va fuqarolarni bog‘lovchi raqamli ko‘prik vazifasini bajaryapti.
Muvaffaqiyat tarixi
Shu o‘rinda tarixga bir nazar tashlaylik. 2004-yil O‘zbekistonda “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingan edi. Vaqt o‘tgan sari rivojlanish hamda ehtiyojlar ortishi tufayli bu sohaga e’tibor kuchaytirishni davrning o‘zi taqozo etdi. Yaqin 3 yil ichida davlat rahbari tomonidan Elektron hukumat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan bir qator farmonu qarorlar imzolanib, izchil islohotlar amalga oshirila boshlandi. Bugungi kunga kelib barcha soha va tarmoqlarga hamda davlat xizmatlariga daxldor ko‘plab loyihalar yo‘lga qo‘yildi.
Tejalgan vaqt va mablag‘
Sir emaski, davlat xizmatlaridan odatiy hamda elektron ko‘rinishda foydalanish mumkin. Odatiy usul aholi va tadbirkorlardan juda ko‘p hujjatlar to‘plashni, ularni davlat organlariga olib borishni, navbatda turish va ariza yozishlarni talab qiladi. Bunda fuqaroning ishi to‘liq bitish-bitmasligi ham so‘roq ostida qolishi mumkin. Elektron usulda esa ortiqcha ovoragarchilikdan ozod bo‘lib, faqat elektron tarzda ariza yuboriladi va qisqa vaqt ichida xizmatdan foydalanish imkoniyati qo‘lga kiritiladi. Eng asosiysi, vaqtingiz va mablag‘ingiz tejaladi.
My.gov.uz – milliy xizmat
Elektron hukumat doirasida asosiy yutuqlardan biri – Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, ya’ni my.gov.uz. U fuqaro va tadbirkorlar uchun davlat xizmatlaridan elektron tarzda foydalanish, shuningdek, ular to‘g‘risidagi eng zarur ma’lumotlarni olish manbasi hisoblanadi.
Eng muhimi, kerakli xizmatlar bir joyga jamlangan va ishlash jarayoni foydalanuvchi uchun qulay tashkil etilgan bo‘ladi.
My.gov.uz manzili orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kirib, ro‘yxatdan o‘ting va 200 dan ortiq davlat xizmatlaridan uyingiz yoki ishxonangizdan turib beminnat foydalaning.
Endi my.gov.uz bilan kunni rejalashtirish ancha qulaylashdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter