Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Kuniga 23 gramm qo‘shimcha yog‘ yiliga 8 kilogramm ortiqcha vaznga sabab bo‘ladi

Kuniga 23 gramm qo‘shimcha yog‘ yiliga 8 kilogramm ortiqcha vaznga sabab bo‘ladi

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 30 yilda dunyoda semiz odamlar soni uch baravar ko‘paygan. Eng yomoni, 2030-yilga borib Yer yuzi aholisining qariyb 45 foizi semirib ketishi mumkin. Xo‘sh, bu holatning oldini olish uchun mutaxassislar qanday tavsiyalar beradi?

Olmazor tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, shifokor Azizbek Nizamov bu haqda ma’lumot berdi:

— Semizlik tana vazni belgilangan me’yorga nisbatan 20 foiz va undan ko‘proq ortishi bilan namoyon bo‘ladi. Bu, eng avvalo, noto‘g‘ri ovqatlanish, ya’ni yuqori kaloriyali oziq-ovqatlar, shakarli va spirtli ichimliklarni ortiqcha iste’mol qilish, uyqu buzilishi va kam harakatlilik oqibatida yuzaga keladi.

Ovqat qancha yog‘li bo‘lsa, unda shuncha ko‘p kaloriya mavjudligini yodda tutish lozim. Odatda 1 gramm yog‘ 9 kkalga, 1 gramm oqsil yoki uglevodlar esa 4 kkalga teng.

Kuniga atigi 23 gramm qo‘shimcha yog‘ iste’mol qilgan odam, yiliga 8 kilogramm ortiqcha vazn to‘plashi mumkin. Agar taomda 10-15 foiz oqsil va 30-35 foiz yog‘ bo‘lsa, ratsion muvozanatli hisoblanadi. Uglevodlar esa 50-75 foizni tashkil etishi kerak.

Shakar, non va shirinliklardan 10 foizdan ko‘p energiya olmaslik kerak. Qolgan quvvatni meva, sabzavot va don mahsulotlari yordamida to‘ldirish mumkin.

Semizlikdan xalos bo‘lish uchun ko‘proq jismoniy harakat va parhez zarur. Har ikkisi uyg‘unlikda olib borilsa, natija yanada yaxshiroq bo‘ladi. Biroq yo‘qotilgan vazn noto‘g‘ri ovqatlanish tufayli qisqa muddatda ikki barobar ko‘proq qayta yig‘ilishiga olib keladi.

Shu sababli ozish asta-sekinlik bilan amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.

Hozir semizlikni dori-darmonlar bilan davolash ommalashmoqda. Ammo o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, bu noxush asoratlarni keltirib chiqarishi bilan birga, samarasiz amaliyot hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, semizlik bevaqt o‘lim xavfini uch marta oshiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring