Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ko‘p bolali oilalarga qanday imtiyozlar berilgan?

Ko‘p bolali oilalarga qanday imtiyozlar berilgan?

Avval «ko‘p bolali oila» atamasi turli normativ hujjatlarda turlicha talqin qilinardi. Shu tufayli huquqni qo‘llash amaliyotida birxillik mavjud emas edi, ijtimoiy adolat tamoyili buzilar edi.

2020-yil 5-oktyabrdagi 640-sonli Qonuni bilan «ko‘p bolali oila» terminining yagona tushunchasi kiritildi, ayrim imtiyozlar va kafolatlar aniqlashtirildi. Oila kodeksi 4-1-moddasiga ko‘ra, to‘rt nafar va undan ortiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan bolasi bo‘lgan oila ko‘p bolali oiladir. Bunda, agar to‘rt nafar va undan ortiq bolalaridan bir nafari yoki undan ko‘prog‘i ta’limning kunduzgi shaklida (o‘rta maxsus va professional, oliy ta’lim) ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan hamda yigirma ikki yoshga to‘lmagan bo‘lsa, bu oila ham ko‘p bolali oila deb hisoblanadi.

Davlat ko‘p bolali oilalarga turli imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini ta’minlaydi.

Xususan, ko‘p bolali oilalarning ota-onalariga ishga joylashishda kafolatlar nazarda tutilgan. Mehnat kodeksi 68-moddasiga ko‘ra, davlat ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan shaxslarga, shu jumladan o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz otaga yoki onaga, shuningdek ko‘p bolali oilalarning ota-onalariga qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlaydi.

Ish beruvchi ish joylarining belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga joylashtirish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda mahalliy mehnat organlari va boshqa organlar tomonidan yuboriladigan shaxslarni ishga qabul qilishi shart. Mazkur shaxslarni ishga qabul qilishni asossiz rad etgan ish beruvchi va uning vakolatli shaxslari belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 50-moddasi (Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) 2-qismiga ko‘ra, mahalliy mehnat organlari tomonidan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga ishga yuborilgan shaxslarni ishga qabul qilishni bo‘sh ish o‘rinlari (vakant lavozimlar) mavjud bo‘lgani holda asossiz ravishda rad etish, shuningdek ish o‘rinlarining belgilangan eng kam soni hisobidan ish o‘rinlariga ishga joylashtirishni asossiz ravishda rad etish, xuddi shuningdek avval talabnoma berilgan, kasbga tayyorlashga, qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga yuborilgan shaxslarni ishga qabul qilishni asossiz ravishda rad etish, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha (6 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Agar ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha (9 million so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

«Aholi bandligi to‘g‘risida»gi Qonunning 38-moddasida ham davlat aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlarni ta’minlashi mustahkamlangan. Qonunga ko‘ra ko‘p bolali oilalarning ota-onalari aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari jumlasiga kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 5-dekabrdagi 965-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra ham ko‘p bolali oilalar muhtojlar toifasiga kiradi.

Muhtojlar uchun ish o‘rinlarining eng kam soni tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan belgilanadi, shuningdek, tashkilotlar tomonidan zaxiraga qo‘yiladi. Ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash xodimlarining ro‘yxatdagi o‘rtacha soni yigirma nafar kishidan ortiqni tashkil etadigan tashkilotlar uchun nazarda tutiladi.

Tashkilotlar ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslar toifalarini (shu jumladan, ko‘p bolali oilalarni ham) muhtojlar uchun tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan belgilangan zaxiraga qo‘yilgan ish o‘rinlari sonidan kelib chiqib ishga joylashtirishi shart.

Bunda, bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari bajarilishini birga qo‘shib olib borish imkonini beruvchi ishning moslashuvchan jadvaliga ega bo‘lgan ish o‘rni yaratiladi.

Soliq kodeksi 436-moddasi 1-qismi 5-bandiga ko‘ra, boquvchisini yo‘qotgan ko‘p bolali oilalar (ota va onadan biri yoxud ota-ona vafot etgan ko‘p bolali oilalar) jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi. Ushbu imtiyoz O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limining ma’lumotnomasi asosida beriladi.

«Davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqalar tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 26-bandiga ko‘ra, qaramog‘ida 16 yoshga (o‘quvchilar 18 yoshga) yetmagan uch yoki undan ortiq bolalari bo‘lgan xodimlarga vaqtincha mehnatga qobiliyasizlik nafaqasi ish stajining davomiyligidan qat’i nazar ish haqining 100 foizi miqdorida to‘lanadi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 12-bandiga ko‘ra, ko‘p bolali oilalar aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladigan fuqarolar toifasiga kiradi.

Aniq maqsadli kommunal uy-joy fondi — mahalliy davlat hokimiyati organlari ixtiyorida bo‘lgan, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan barpo etilgan, shuningdek, xususiy, munitsipal, idoraviy uy-joy fondidan olib ularning balansiga berilgan, fuqarolarning ijtimoiy jihatdan himoyalanmagan, kam ta’minlangan toifalari uchun xususiylashtirish huquqisiz ijara shartlari asosida foydalanish uchun berilgan uy-joy fondi.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 16-yanvardagi 14-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan ko‘p bolali oilalar ko‘p kvartirali uylardan imtiyozli kreditlar asosida uy-joy olishi, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlari hamda xotin-qizlarga ajratiladigan arzon uy-joylardan uy (kvartira) olishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 319-son qaroriga ko‘ra, ko‘p bolali oilalarning bolalari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega. Bolalarni imtiyozli ro‘yxat bo‘yicha qabul qilish davlat-xususiy sheriklikka asoslangan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan reglamentga ko‘ra, imtiyozli ro‘yxatga kiritiladigan, shuningdek, maxsus kontingentga kiruvchi bolalarning hamda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar bolalarining so‘rovnomalari davlat xizmatlari markazlariga borib, ustunlik huquqini yoki tegishli kontingentga kirishini tasdiqlovchi hujjatning aslini nusxasini ko‘rsatgan holda rasmiylashtiriladi.

Imtiyozli ro‘yxatga kiritiladigan, shuningdek, maxsus kontingentga kiruvchi bolalar va ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning bolalariga berilgan yo‘llanmalar hamda ularning ustunlik huquqini yoki tegishli kontingentga kirishini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari bolalarni tashkilotga qabul qilish uchun asos hisoblanadi.

«Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan loyihalari bo‘yicha moliyaviy yordam ko‘rsatiladigan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining ro‘yxati»ga ko‘ra, ko‘p bolali oilalarga tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirishda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan moliyaviy yordamlar ko‘rsatiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-martdagi 257-son qaroriga ilova «Ijtimoiy ehtiyojmand oilalarning iqtidorli farzandlarini uzluksiz ta’lim olishini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga ko‘ra, ko‘p bolali oilalarning iqtidorli farzandlari Yoshlar masalalari bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar idoralararo kengashlari qarori bilan quyidagilarni amalga oshirish orqali moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi:

  • zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash;
  • asosiy turdagi o‘quv qurollari bilan ta’minlash;
  • badiiy kitoblar bilan ta’minlash;
  • bolalar gazeta va jurnallariga obuna qilish;
  • respublika oromgohlarida dam olishini tashkil etish;
  • respublika bo‘ylab sayohatga borish va kelish xarajatlarini qoplash.

Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 21-apreldagi 67-son qaroriga 2-ilova «Qishloq joylardagi kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarga qoramolni bepul berish shartlari to‘g‘risida»gi Nizomga ko‘ra, uy xo‘jaligida qoramol boqish uchun sharoit va imkoniyatlari, shu jumladan yer uchastkasi mavjud ko‘p bolali oilalarga bepul qoramol beriladi. Kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarga qoramolni bepul berish xayriya yordami sifatida amalga oshiriladi. Qoramolni bepul berishga ehtiyojmand oilalarni aniqlash Vazirlar Mahkamasining «Bolali oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish har bir organida tuzilgan fuqarolar yig‘ini maxsus komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.

Muhammadamin KARIMJONOV

Mehnat huquqi kafedrasi katta o‘qituvchisi, TDYU

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring