Klaudio Raneri professional faoliyatiga yakun yasadi
Italiyalik futbol murabbiyi Klaudio Raneri professional faoliyatiga yakun yasashga qaror qildi. Bu haqda Sky Sports jurnalisti Janluka Di Marsio xabar berdi.
Eldor Shomurodov to‘p surayotgan «Kalyari» 72 yoshli Raneri boshqargan so‘nggi klub bo‘ldi. 2023/2024-yil mavsumini ushbu jamoa Italiya chempionatida 15-o‘rin bilan yakunladi.
Klaudio Raneri futbolchi sifatida 1973-yilda «Roma» (shu jamoa tarbiyalanuvchisi)da faoliyat boshlab, keyinchalik «Katandzaro», «Kataniya» va «Palermo»da to‘p surgan, biroq bironta natijaga erisholmagan.
Murabbiylik faoliyatini 1986-yilda boshlagan. Uzoq yillik faoliyati davomida 20 ga yaqin jamoalarni boshqargan, bu ro‘yxatda «Napoli», «Inter», «Yuventus», «Roma», «Atletiko Madrid», «Chelsi», «Monako» singari dongdor jamoalar bor. «Fiorentina»ni A seriyaga olib chiqib, Italiya kubogi va superkubogini yutgan, «Valensiya» bilan Ispaniya superkubogini, Intertoto kubogini hamda UYeFA superkubogini qo‘lga kiritgan. Ammo eng esda qolarli mavsumi Angliyada o‘tgan: 2015/2016-yillar mavsumida turnirda jon saqlash uchun kurashayotgan «Lester»ni APL chempioniga aylantirib sensatsiya qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter