Kimlarga yashil stiker tekshiruvlarsiz beriladi? Ro‘yxat
O‘zbekistonda avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda imtiyozlar tasdiqlandi va undan kimlar foydalana olishi belgilandi.
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining bu bo‘yicha qarori qabul qilingan. Qarorda 1 iyundan boshlab barcha toifalardagi transport vositalaridan ifloslantiruvchi moddalar tashlamalarining atmosferaga zararli ta’siri bo‘yicha yo‘l qo‘yiladigan normativlarga mosligini nazorat qilish bo‘yicha «Ekologik transport» tizimi bosqichma bosqich joriy etilishi belgilangan.
Endilikda ekologik stikerlar berish orqali transport vositalari «yashil», «sariq» va «qizil» ranglar bilan belgilanadigan «toza», «o‘rta» va «zararli» ekologik toifalarga ajratib boriladi. Toifasi hududning ekologik zonasiga muvofiq bo‘lmagan transport vositalariga nisbatan ekologik kompensatsiya to‘lovlari joriy etilishi yoki ulardan tegishli ekologik zonalar hududida foydalanishni cheklash-taqiqlash mumkin.
Qarorda yozilishicha, 1 iyundan boshlab respublikaning barcha hududlarida transport vositalarining normativlarga mosligi darajasini aniqlash va natijalar bo‘yicha ekologik stikerlar berish bepul, ro‘yxatga olish va qayta ro‘yxatga olish jarayoni esa bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Ekologik stikerlarga ega mashinalar ixtiyoriy ravishda ularning normativlarga mosligi darajasini qayta aniqlash va natijalari bo‘yicha yangi ekologik stikerlar berish bir yilda bir marotaba mazkur xizmatlar uchun alohida to‘lov undirilmasdan o‘tkazilishi mumkin.
Elektromobil va elektromototsikllar hamda ishlab chiqarilganiga uch yildan oshmagan boshqa turdagi transport vositalariga ularning egalari tomonidan onlayn axborot tizimlari orqali yuborilgan murojaatlar asosida «yashil» ekologik toifasiga mansub ekologik stikerlar alohida to‘lov undirilmasdan diagnostik tekshiruvsiz beriladi va pochta orqali yuboriladi.
Hududlardagi ekologik zonalar chegaralarini belgilash hamda ularni o‘zgartirish tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan Ekologiya vazirligi taklifiga asosan amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, aholiga «zararli» toifadagi transport vositalarini «toza» toifadagi transport vositalariga almashtirish uchun subsidiya berish tizimi joriy etiladi. Shoshilinch va tezkor xizmat transport vositalaridan hamda jamoat transportidan (taksi va yo‘nalishli taksidan tashqari) barcha ekologik zonalar hududida hech qanday cheklov va taqiqlarsiz foydalaniladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter