«Katta og‘a», «Kalmar o‘yini» va «ko‘zadagi jin» haqida longrid
Bir qarashda «Google» insoniyat kashf etgan eng beminnat, har qanday so‘rovingizga «labbay» deb javob beradigan va buning uchun sariq chaqa ham olmaydigan xolis ko‘makchidek ko‘rinadi. Aslida ham shundaymi? Bu boradagi tadqiqotlar jiddiy xavotirga asos borligini, ya’ni hammasi biz o‘ylagandek emasligini ko‘rsatyapti.
Tekin pishloq qopqonda bo‘ladi
Tasavvur qiling, vaqtning ma’lum ulushlarida qidiruv tizimidan «Soch o‘stiradigan gel», «Bali orollari» hamda Napaleon Xillning «O‘yla va boy bo‘l» kitobi to‘g‘risida ma’lumot izladingiz. Tabiiyki, «Google» bajonidil sizga atalganlarni taqdim etdi. Siz keraklisini oldingiz va yana odatiy yumushlaringizga sho‘ng‘idingiz. Ya’ni, bu siz uchun oddiy jarayon. So‘radingiz, oldingiz, ko‘rdingiz, ketdingiz.
Ammo, «Google» uchun bu shunchaki o‘tkinchi holat emas. Qidiruv tizimining sun’iy intellekti «so‘radi, topib berdim, o‘ng yelkamdagi farishta yana bitta savob yozib qo‘ydi» demaydi. Aksincha, siz uchun ochilgan maxsus fayl quyidagi qo‘shimcha ma’lumotlar bilan to‘ldiriladi: «Eshmat Toshmatov — IP-manzili falonchi, pistonchi identifikatorli kompyuter orqali tizimga kirdi. Mijoz taqirbosh, soch to‘kilishidan aziyat chekadi, keyin ruhan toliqqan, dam olishga ehtiyoji bor, yana moddiy tomondan qiynalgan ham va hokazo».
Bu hali hammasimas. «TruePeopleSearch» tahliliy-statistika portaliga ko‘ra, «Google», shuningdek: qanday rusumdagi smartfon ishlatasiz, qaysi mobil operator xizmatidan foydalanasiz, shu paytgacha qidiruvga bergan jamiki «kalit» so‘zlaringiz, elektron pochtadagi yozishmalaringiz, geolokatsiya va kontaktlaringiz, onlayn xaridlaringiz, brauzeringiz tarixi, telefoningizga yuklangan ilovalar, fotolar, yaratilgan hujjatlar kabi boshqa o‘nlab ma’lumotlar «xazinasiga» ega.
Internet manbalariga ko‘ra, «Google» korporatsiyasi foydalanuvchilar to‘g‘risidagi gigant hajmdagi shaxsiy ma’lumotlarni sotish ortidan yiliga 100 milliard dollardan ko‘proq pul topadi. Solishtirish uchun, bu — o‘rtacha taraqqiy etgan davlatlar, deylik Slovakiya yoki Marokashning yillik yalpi milliy daromadiga teng. Endi aytingchi, siz iste’molchimisiz yoki mahsulot?
Kimdir ikkinchi, kimdir bir milliard ikkinchi...
Albatta, mediagigantda folbinlar yoki g‘aybni ko‘radigan sehrgarlar ishlamaydi (tag‘in kim bilsin), foydalanuvchilar kompaniya tomonidan yaratilgan 200 dan ortiq raqamli dasturlar («Google Play», «Google Chrom», «Google Photos», «Google Maps» «Gmail» va h.k.) orqali kuzatiladi.
— «Google» insonlarni onlayn ta’qib qilish va ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini boyitishning boshqa innovatsion usullaridan ham «samarali» foydalanyapti, — deydi Garvard universiteti doktori, Kaliforniyadagi xulq-atvor tadqiqoti va texnologiyasi instituti psixologi Robert Epshteyn. — Masalan, bir necha yil avval mediakorporatsiya tomonidan aqlli termostatlar ishlab chiqaradigan «Nest» kompaniyasi sotib olingan hamda hech qanday rasmiy bayonotlarsiz mahsulotga yashirin mikrafon va kamera o‘rnatilgan. Bundan tashqari, shu yilning yanvarida «Fitbit» aqlli soatlar brendiga egalik huquqi ham qo‘lga kiritildi. Bularning hammasi kuzatuv maqsadlariga xizmat qiladi.
Shuningdek, «gugloidlar» (qidiruv tizimi xodimlari – D.N.) AQSh milliy DNK-ombori tadqiqotlarida muntazam ishtirok etishi, hattoki ular 30 dan ortiq davlatlarda ko‘chama-ko‘cha yurib, himoyalanmagan wi-fi tizimi orqali aholining «shaxsiy tomorqasiga ko‘z olaytirgani» ham bor gap.
Ko‘rinishidan, bu ham koreyslarning «Kalmar o‘yini» serialiga o‘xshaydi. Kimdir ikkinchi, kimdir bir milliard ikkinchi... Ya’ni, «Google» yoki unga tegishli ilovalar, mahsulotlardan foydalandingizmi, tamom, kompaniya serverlarida nechanchidir raqamli navbatdagi «qurbon» paydo bo‘ladi.
Nega faqat u?
Veb-trafiklar tahlili bilan shug‘ullanuvchi «Statcounter.com» veb-saytida qayd etilishicha, 2021 yil oktyabrda dunyo bo‘yicha qidiruv tizimlariga berilgan so‘rovlarning qariyb 92 foizi «Google» hissasiga to‘g‘ri keladi. Taqqoslash uchun, bu borada keyingi o‘rinlarni 2,7 foiz bilan «Bing» hamda 0,96 foiz bilan «Yandex» egallab turibdi.
Ushbu texnogigantning uzoq yillardan beri qidiruv tizimlari orasidagi monopol mavqeni saqlab turishi bejiz emas. Buning zamirida doimiy ravishda algoritmni takomillashtirib borish hamda ...raqobatchilarni sindirish, ularga yo‘l bermaslik va boshqa virtual nayranglar yotibdi.
Masalan, normal holatda «Google» kiritilgan so‘rovlarni saqlash uchun foydalanuvchidan ruxsat olishi yoki ular yozib olinayotgani to‘g‘risida iste’molchini ogohlantirishi kerak. Biron joyga sim qoqqanda «Aloqa sifatini yaxshilash maqsadida sizning qo‘ng‘irog‘ingiz yozib olinadi» degan ovozni eshitgansiz-ku, xuddi shunday. Ammo, «do‘stimiz» hech qachon bunday qilmaydi. Chunki, «Reklama yoki boshqa maqsadlarda foydalanish uchun siz kiritayotgan so‘rovlar yozib boriladi» desa ko‘pchilik o‘ylabroq qadam bosishi, «e shoshma, bu dunyoda gugldan boshqa qidiruv tizimi qurib qoptimi», qabilida xushyor tortishi mumkin-da...
Shu o‘rinda, o‘tmishdan ham misol keltirsak. 2005 yilda angliyalik er-xotin Adam va Shivon Raff internet tarmog‘idan mahsulotlarni foydalanuvchi uchun qulay va arzon narxlarda topib beruvchi «Foundem» portalga asos soladi. 2009 yilda, veb-sayt yaxshigina ishlab turgan bir paytda, to‘satdan «Google» bazasidan nom-nishonsiz g‘oyib bo‘ladi. Chunki, o‘sha yili «Google» ham ayni funksiyani ishga tushirgan edi. Xuddi shunday «taktika» keyinchalik «Expedia», «TripAdvisor», «Yandex», «Yelp» kabi boshqa raqobatchilarga ham qo‘llanilgan.
«Don’t be Evil» endi — tarix...
Ishonish qiyin va qo‘rqinchli: axborot ustidan total nazorat hamda infosayyoraning tayanch nuqtasiga egalik «Google» ga insonlar ongi, fikri, tanloviga ta’sir ko‘rsatish imkonini ham taqdim etayotir.
Boshqacha aytganda, nima yeb nima ichish, qanday kiyinib qayerda dam olish, kimga ovoz berib kimni saylashni o‘zim hal qilayapman deb o‘ylaysiz, aslida esa sun’iy intellekt, ya’ni algoritm tomonidan miyaga maxsus uzatilgan, to‘g‘rirog‘i tiqishtirilgan buyruqlarni bajarayotgan bo‘lishingiz ham mumkin.
Deylik, 2018 yilda «The Wall Street Journal» jurnalida korporatsiya xodimlarining ommaga sizgan o‘zaro yozishmalaridagi ayrim gap-so‘zlar chop etiladi. Unda gugloidlardan biri sheriklariga amerikaliklarda Trampning antimigratsion farmoniga nisbatan salbiy munosabat shakllantirish uchun «muvaqqat tajriba», ya’ni har bir foydalanuvchiga uning qarashidan kelib chiqib (!) qidiruv natijalarini ko‘rsatish usulini qo‘llashni taklif qilgan.
Sodda tilda aytgada, texnogigant o‘zining (yoki boshqa institutning) manfaatini ko‘zlab, real vaqt rejimida bir xil kalit so‘z kiritgan ikkita odamga mutlaqo boshqa-boshqa natijalar taqdim etishi ham mumkin ekan.
— Tadqiqotlarimiz bu usul foydalanuvchilar fikrini o‘zgartirishi, hatto saylovlar taqdirini ham qilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda, — deydi Robert Epshteyn. — Dastlabki eksperimentlardan ma’lum bo‘ldiki, agarda qidiruv tizimi natijalari qaysidir nomzod foydasiga moslab tartiblansa, bu holat tanlovda hali aniq bir qarorga kelmagan (tushunyapsizmi, «Google» hatto qaysidir masalada ikkilanayotganingizgacha biladi — D.N) 48 foizdan 63 foizgacha bo‘lgan saylovchilarning oxirgi so‘zini belgilab beradi. Men so‘nggi lahzalarda ham «buning iloji yo‘q» deb ishongan edim. Lekin...
Darvoqe kichik sarlavha haqida. Bir paytlar kompaniyaning jamoa kodeksida yozilgan norasmiy shiori «Don’t be Evil», ya’ni «Zulm tarafida bo‘lma» edi. Ammo 2015 yilda, «Google» barcha raqobatchilarni yanchib, qidiruv tizimlari qiroliga aylangach, hech kimga bildirmasdan qadriyatlarini o‘zgartirdi, shiorini ham. Hozir xodimlar uchun mo‘ljallangan korporativ kodeks: «Do the Right Thing» — «To‘g‘risini bajar» iborasi bilan boshlanadi. Ya’ni, endi zulm tarafida ham bo‘lish mumkin, agar texnogigant rahbarlari buni to‘g‘ri deb topsa...
Yagona chora — o‘yin qoidalaridan xabardor bo‘lish
— Bir narsa aniq, «ezgulik korporatsiyasi» allaqachon Oruell tasvirlagan «Katta og‘a»ga aylanib bo‘lgan, — deb yozadi Garvard universiteti doktori. — Odamlar sun’iy intellekt taqdim etayotgan natijalarga ko‘r-ko‘rona ishonib, algoritmlar ortida o‘z qarashlari va ambitsiyalariga ega tirik jonlar turganini unutib qo‘yayotir. «Google» ularning qo‘lida dunyoga hukmronlik qilishning ta’sirchan vositasiga aylanmoqda...
Biz uchun haqiqat shuki, hozirgi kunimizni guglsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Gap faqat boshqa tanlov yo‘qligida emas. Balki «Google» izlagan ma’lumotingizni topib beradigan oddiy sayt yoki qidiruv tizimidan — insonlarning hayotni yengillashtirish borasidagi tabiiy instinktlariga mos harakat qilayotgan ko‘pfunksiyali aqlli robot maqomiga ko‘tarilganida. Ko‘zadan jin chiqib, tila tilagingni, deb tursa kimga ham yoqmaydi...
Shu jihatdan «bu g‘irt shpion ekan-ku» deb undan voz kecholmaymiz. Bu xuddi gazsiz, chiroqsiz yoki cho‘lni o‘rtasida suvsiz qolishdek gap. Yuqorida texnogigantni «Kalmar o‘yini» serialida odamlar to‘g‘risida ma’lumot yig‘ib, keyin ularni o‘ynatadiganlarga qiyoslagan edik. Hozir bizdan talab etiladigan yagona va eng to‘g‘ri chora — o‘yin qoidalaridan xabardor bo‘lish.
Ya’ni, bolalarga maktab davridan boshlab mediasavodxonlik, tanqidiy fikrlash, axborot manipulyasiyasi, internetda shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligi to‘g‘risida tushunchalar berilishi, ularda zamonaviy infomuhitga to‘g‘ri yondashuvni shakllantirish kerak. Bugun bu har qachongidan ham dolzarb!
Dilshod NURULLOH
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter