Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ka’bani tavof qilgan Markaziy Osiyo prezidentlari (foto)

Ka’bani tavof qilgan Markaziy Osiyo prezidentlari (foto)

Kollaj: Xabar.uz

Makkai mukarramaga safar qilib, islom olamining yuragi – Ka’bani tavof qilish, haj va umra amallarini ado etish musulmonlarning eng ardoqli orzulari sirasiga kiradi. Markaziy Osiyoning amaldagi prezidentlaridan to‘rt nafariga Allohning uyida mehmon bo‘lish nasib etgan.

O‘zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy 18-avgust kuni Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘i muqaddas Makka shahrida bo‘lib, umra amallarini bajardi. Ka’batullohning ichiga kirish va u yerda namoz o‘qish ulug‘ sharaf sanaladi. Shavkat Mirziyoyev ana shunday sharafga muyassar bo‘ldi.

Foto: President.uz

Qozog‘iston

Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev joriy yil 24-iyul kuni Makka shahrida umra ruknlarini bajardi. Qozog‘iston yetakchisiga ham Ka’bai muazzama eshigi ochildi. 

Foto: Akorda.kz

Tojikiston

Imomali Rahmonga salkam 30 yillik prezidentlik davrida to‘rt bor haj va umra amallarini ado etish nasib etgan (1997, 2001, 2005 va 2016-yillar). Tojikiston yetakchisi Ka’ba ichiga ikki bora kirgan sanoqli siyosatchilardan sanaladi. 

Foto: President.tj

Turkmaniston

Prezident Sardor Berdimuhammedov joriy yil 2-iyun kuni ilk xorijiy tashrif sifatida Saudiya Arabistoniga bordi hamda umra ziyoratini bajardi. Turkmanistonning yangi rahbariga ham Ka’ba ichiga kirish baxti nasib qildi. 

Foto: Tdh.gov.tm

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov hozircha Makka ziyoratiga bormadi. Ammo mazkur mamlakatning sobiq rahbarlari Almazbek Atambayev (2014) va Sooronbay Jeenbekov (2019) umra ruknlarini ado etgan.

Mintaqa sobiq prezidentlaridan Islom Karimov (1992), Nursulton Nazarboyev (1994) va Gurbanguli Berdimuhammedov (2016) ham muqaddas ziyoratni amalga oshirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring