Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jurnalistlarga bosim o‘tkazgan IIBning ikki mansabdori jazoga tortiladi — Bosh prokuratura

Jurnalistlarga bosim o‘tkazgan IIBning ikki mansabdori jazoga tortiladi — Bosh prokuratura

Foto: Videolavhadan skrinshot

Aprel oyi oxiri va mayning boshida Human.uz sayti jurnalistlari ketma-ket ichki ishlar organlari xodimlarining bosim va tazyiqlariga uchragani xabari berilgandi.

Avvaliga sayt bosh muharriri Xurshid Daliyev tadbirkorning intensiv bog‘i atrofiga o‘rnatilgan to‘siq sud qarorisiz, mutasaddilar buyrug‘i bilan buzilayotgani haqidagi murojaatni o‘rganish  chog‘ida Toshkent tumani IIB mansabdorlarining bosimiga duch keladi.

Ayni voqelik hali sovub ulgurmay, mazkur sayt xodimlari «Sardoba» to‘g‘oni o‘pirilishi oqibatida evakuatsiya qilingan aholi haqida reportaj tayyorlayotgani jarayonida Guliston shahar IIB xodimlarining tazyiqiga uchraydi.

Bugun Bosh prokuratura matbuot xizmati har ikki holat yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari haqida ma’lum qildi.

Mahkama matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning «Xabar.uz»ga aytishicha, Toshkent tumanida ro‘y bergan holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi o‘tkazgan xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra Toshkent tuman 10-sonli IIB boshlig‘i Yo.Komilov intizomiy jazoga tortilishi ko‘rib chiqilishi belgilandi.

Gulistonda yuz bergan ikkinchi holat yuzasidan ham xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan. Uning natijasiga ko‘ra Guliston shahar IIO FMB 2-son IIB boshlig‘i J.Shodmonqulovning xatti-harakatlari ichki ishlar organlarining  intizomiy kengashida ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

Bundan tashqari o‘tkazilgan har ikki xizmat tekshiruvi xulosasi bilan ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan bu kabi holatlarga kelgusida yo‘l qo‘ymasligi bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilangani alohida qayd etiladi Bosh prokuratura javobida.

IIB mansabdoriga qanday intizomi jazo qo‘llangani haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

Bu haqda IIV matbuot xizmati rahbari Shohruh G‘iyosov bayonot berar balki?!

Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerak, X.Daliyev bilan Toshkent tumanida yuz bergan voqelikdan sanoqli kunlar o‘tib, Toshkent viloyati hokimligi va viloyat IIBB axborot xizmatlari qo‘shma bayonot berib, jurnalistga bosim o‘tkazilganini astoydil inkor qilishgan edi. Bosh prokuratura ma’lumotlari esa, ko‘rib turganingizdek, ularning inkorini bir zarb bilan yo‘qqa chiqarmoqda. Voqealar rivojining ayni nuqtasi ham jiddiy e’tibor talab qiladi. Zero, vaziyatni xaspo‘shlash yolg‘on axborot tarqatish bilan barobar. Bu esa yaxshigina huquqiy oqibat keltirib chiqarishiga ta’kid shart bo‘lmasa kerak.

Eslatib o‘tamiz, keyingi paytlarda ommaviy axborot vositalari xodimlariga nisbatan tez-tez turli shakldagi bosim, tazyiq, hatto ochiqdan ochiq hujumlar ham bo‘lmoqda.

Oxirgi qirq kun davomida yuqoridagi ikki holatdan tashqari Farg‘onada jurnalist Sharifa Madrahimova Uchko‘prik tumani hokimligi vakili va tuman IIB xodimining bosimiga duch keldi (buning natijasida hokimlik xodimi ishdan ketdi). Ko‘p o‘tmay yana Farg‘ona  «Effect.uz» sayti xodimlari noma’lum shaxslar hujumiga uchradi. Hozirda hujum qilganlarning shaxsi aniqlanib, ularga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring