Jaziramada chiqindi idishlari chiqarayotgan badbo‘y hiddan qanday qutulish mumkin?
Havoning isib ketishi natijasida yuzaga keladigan turli noqulayliklar yoniga chiqindilardan taralayotgan yoqimsiz hid ham qo‘shiladi. Bunga sabab nima, muammoga qanday barham berish mumkin?
Gap shundaki, jazirama havoda chiqindi saqlanayotgan chelaklar va konteynerlarda kislorod yetarli bo‘lmagani bois ular o‘zidan badbo‘y isni tezroq chiqara boshlaydi. Bundan tashqari, issiq havoda tez ko‘payuvchi bakteriya va zamburug‘lar ham havoni ifloslantiradi.
Tozalik bobida gap ketganida ko‘pincha nemislarni ibrat qilib ko‘rsatishadi. Keling, biz ham nemischa usullarga murojaat qilamiz: Germaniyaning Kommunal korxonalar birlashmasi — «VKU» tashkiloti ekspertlarining maslahatlariga quloq tutamiz.
Demak, nemis mutaxassislarining aytishlaricha, quyidagi usullar badbo‘y hidni haydashda sizga yordam beradi:
Soya: bakteriyalarning ko‘payishiga o‘z qo‘lingiz bilan sharoit yaratmang, ya’ni chiqindi idishlarini doim soya joyda saqlang. Bu oshxona chiqindi chelagiga ham taaalluqli.
Gazeta qog‘ozi: oziq-ovqat chiqindilarini tashlash uchun mo‘ljallangan idishlarning ostiga gazeta qog‘ozlarini to‘shang. Nam-ho‘l chiqindilarni, yaxshisi, avval gazetaga o‘rang, so‘ng chelakka tashlang: qog‘oz namni o‘ziga tortib oladi va badbo‘y hid va mog‘or paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Tozalik: chiqindi chelak va idishlarini tez-tez yuvib turish kerak. Ulardagi yomon hidlardan esa soda, qahva, sirka yoki pista ko‘mir yordamida xalos bo‘lish mumkin. Buning uchun bu vositalardan birontasini picha vaqt idish ichida qoldirish kerak. Keyin esa idish yuvib tashlanadi.
Chiqindini vaqtida tashlab kelish: qanchalik bachkana tuyulmasin, bu eng samarali yo‘l. Agar chiqindini tez-tez tashlab kelishga odatlansangiz, yuqoridagi muammo siz uchun begona, ishonavering.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter