Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Jartepa» postidan noqonuniy tovar olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

«Jartepa» postidan noqonuniy tovar olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Foto: «uznet.press»

Joriy yilning 1-martidan boshlab Samarqand viloyati va Tojikistonning So‘g‘d viloyati o‘rtasidagi «Jartepa» avtomobil o‘tkazish punkti faoliyati qayta tiklandi va unga chegara bojxona posti maqomi berildi.

Fuqarolarning yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarini to‘ldirishlariga qulaylik yaratish maqsadida kirish va chiqish zallariga namuna sifatida foydalanishlari uchun me’yoriy hujjatlar aks ettirilgan peshtaxtalar o‘rnatildi.

Peshtaxtalarda fuqarolar o‘zlari bilan olib o‘tishi mumkin bo‘lgan tovar va moddiy boyliklar me’yori hamda valyutalar to‘g‘risida barcha ma’lumotlarga ega bo‘lishlari ta’minlandi. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi «Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib o‘tishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq jismoniy shaxslar 300 (uch yuz) AQSh dollarigacha qiymatdagi tovarlarni bojxona deklaratsiyasi taqdim etmasdan olib kirishlari mumkin.

Biroq oramizda ayrim kimsalar qonun talablariga rioya etmay, noqonuniy va yashirin yo‘llar bilan chegaramiz orqali tovarlarni olib kirishga urinishmoqda. Bu kabi holatlar milliy bozorlarimizga noqonuniy, arzon va sifatsiz mahsulotlarning kirib kelishiga, mamlakatimiz iqtisodiyotiga zarar yetishiga sabab bo‘lishi mumkin.

«Jartepa» chegara bojxona postida ana shunday noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirgan huquqbuzarlardan biri fuqaro L.N.dir. U 2018-yil 2-mart kuni soat 18:30 larda Tojikistondan O‘zbekistonga kiryotganda uning «Kobalt» rusumli avtomashinasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Avtomashina yukxonasiga o‘rnatilgan siqilgan gaz balloni ichida «Yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi»da ko‘rsatilmagan jami 4 374 000 so‘mlik 243 dona ayollar ro‘molini yashirincha olib o‘tayotganligi aniqlanib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Huquqbuzar L.N.ga nisbatan sud adolatli qaror chiqardi. Unga ko‘ra L.N. MJTKning 22722-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, unga eng kam ish haqining 5 (besh) baravari miqdorida, ya’ni 861200 (sakkiz yuz oltmish bir ming ikki yuz) so‘m jarima jazosi tayinlandi va 243 (ikki yuz qirq uch) dona ro‘moli musodara qilindi.

Noqonuniy yo‘l bilan daromad topish ilinjida bo‘lganlar qattiq adashadi. Axir, shahar bedarvoza emas-ku.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring