Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jarrohlik amaliyotidan keyingi ahvol... E’tiborsiz qolayotgan bemorlar hayotidan reportaj

Jarrohlik amaliyotidan keyingi ahvol... E’tiborsiz qolayotgan bemorlar hayotidan reportaj

Foto: «Xabar.uz»

Inson salomatligi – eng buyuk ne’mat. U shunchalik bebahoki, hech qanday mezonga tenglashtirib, hech bir narsa yoki buyumga almashtirib bo‘lmaydi. Yo‘qotilgan sog‘liqni qaytarish va topishning imkoni yo‘q. Uni birgina aql-idrok va yuqori madaniyat bilan sog‘lom yashash tarziga amal qilibgina asrash-avaylash mumkin. Yana bir haqiqat shuki, el salomatligi millat boyligidir.

Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etilgani tizimda o‘tkazilayotgan katta islohotlarning amaliy hosilasidir. Mazkur dargohda davolashning yuqori texnologik usullari va zamonaviy standartlaridan keng foydalangan holda gemodializ yordamga muhtoj bemorlar umrining uzayishi va ularning turmush sifati oshishiga erishilmoqda.

Ammo, gemodializ yordami doim ham muammoning to‘liq yechimi emas, bemorga buyrak ko‘chirib o‘tkazish zarurati paydo bo‘ladi. Yaqin vaqtgacha bunday operatsiyalarni chet el klinikalaridagina amalga oshirish mumkin edi. Xorijdagi bunday amaliyot katta mablag‘ talab qilgani bois, bunga hammaniyam qurbi yetmasdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita topshirig‘i asosida mamlakatimizda ilk bor dunyo tibbiyotida eng murakkab va nozik amaliyot hisoblangan organlar transplantatsiyasi bo‘yicha zamonaviy operatsiyalar amalga oshirilayotgani yuzlab bemorlarga qayta hayot, minglab qalblarga umid bag‘ishladi.

Biroq... Biroq...

Jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi — bo‘ldi, bemor sog‘ayib ketadi, degani emas. Buning uchun tegishli muolaja, ayniqsa, dori-darmonga ehtiyoj katta ekani ma’lum. Organlar transplantatsiyasiga oid operatsiyalardan keyingi jarayonlarni-ku aytmang.

...Bekobodlik Muxtasar Qurbonova murakkab jarrohlik amaliyotini boshidan o‘tkazgan. O‘tgan yilning fevralida 51 yoshli onasi Manzura Qurbonova donorligida unga buyrak ko‘chirib o‘tkazildi. Operatsiyadan keyin qariyb bir yildan oshiq davr mobaynida «maysept» va «panGraf» dori vositalarini qabul qiladi. Ammo yaqinda — 4 aprelda bo‘lgan suhbatimizga ko‘ra, uning qo‘lida atigi uch kunga yetadigan «maysept» dori preparati qolgan ekan. Vaholanki, unga shifokorlar muntazam mazkur dorilarni ichishni, og‘ir yumushlarni bajarmaslikni, to‘liq sog‘ayib ketmaguncha parhez taomlar iste’mol qilishni, infeksion kasalliklardan qattiq himoyalanishni va organizmni zo‘riqtiradigan darajada tik turmaslik, piyoda yurmaslik hamda qattiq silkinmaslikni tavsiya qilgan. Muxtasar agarda uzog‘i bilan uch kun mazkur «maysept» dori-preparatini qabul qilmasa, buyragi ishlashdan to‘xtab qolishidan qattiq tashvishda.

– Ochig‘i, operatsiyadan keyin dori muammosiga duch kelaman deb hech o‘ylamagandim, – deydi 28 yoshli Muxtasar Qurbonova. – Ammo operatsiya bo‘lgan bemorga alohida parvarish kerak ekan. Ayniqsa, dorilar masalasi odamni qiynab qo‘yarkan. Otam ancha yil oldin vafot etgan. Onam yolg‘iz o‘zi to‘rt farzandni katta qilmoqda. Menga bitta buyraklarini bergandan so‘ng ular ham bir necha oy ishlay olmadilar. Shifokorlar aytgan muddat bo‘lmasa-da, ishga chiqib ketishga majbur bo‘ldilar. Oyiga taxminan dorilarimning o‘ziga bir yarim-ikki million so‘m atrofida mablag‘ kerak bo‘ladi. Onamning oyliklari nari borsa yetti yuzmingga yetadi, bo‘lmasa yo‘q. Kichik ukamga nafaqa olamiz. U ham ko‘p emas. Xullas, topganimiz dori-darmondan ortmaydi. Hatto yetmaydiyam... Ayniqsa, bizni qiynayotgan bir muammo borki, «panGarf» va «maysept» dorisini hech qaysi dorixonadan topib bo‘lmaydi, sotilmaydi. U faqatgina davlat tomonidan beriladi. Menga har oy to‘rt quti «maysept» ketadi. Kuniga to‘rt: ertalab ikki, kechki payt ikki donadan, 3 kapsula «panGarf» tabletkasini ichaman. Qo‘limda esa atigi uch kunginaga yetadigan «maysept» qolgan...

Shu kuni (4 aprel) respublikamizning turli hududlaridan poytaxtga kelgan va Sog‘liqni saqlash vazirligi binosi oldida yig‘ilgan 40 nafarga yaqin bemorning barchasida dori yetishmasligi muammosi bor edi. Ular madad topish ilinjida Buxoro, Surxondaryo, Andijon, Sirdaryo, Xorazm, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand, Navoiy, Namangan, Toshkent va boshqa viloyatlardan kelishgan.

Foto: «Xabar.uz»

– 21 yoshli qizim Bozorgul Boboyevaga 2018 yil noyabrida Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida otasining bitta buyragi ko‘chirib o‘tkazilgandi, – deydi Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida istiqomat qiluvchi bemorning onasi Navro‘za Boboyeva. – Qizim ikki yil gemodializda yurdi, ikki yil deganda bazo‘r operatsiya qildirdik. Buni tasavvur qilishning o‘zi qo‘rqinchli, oson narsa emas. Butun bir oilaning kulfati desa ham bo‘ladi. Bunday vaziyatda boshqa farzandlarga nimayam orttira olardik?! Hamma narsani chetga yig‘ishtirib, ikki yil davomida, ehhe, nimalar qilmadik, ne qiyinchiliklarni ko‘rmadik. Farzandimiz uchun bor-budimizni tikib, qarindosh-urug‘lardan yordam so‘rab, qarzga botib operatsiya qildirdik. Yaxshiyam mamlakatimizda buyrak ko‘chirib o‘tkazishga imkoniyat yaratildi. Bo‘lmasa chet elga chiqishga hatto birgina yo‘lkira uchun mablag‘ topishning imkoni bo‘lmasdi. Buning uchun davlatimiz rahbaridan minnatdormiz. Qizimning sog‘ayishiga yordam berayotgan barcha shifokorlarning umrlari uzun bo‘lsin. Endi birgina dorini deb shuncha qilgan harakatlarimiz, umidlarimiz puch bo‘lmasin deyman-da. Ikki-uch kun shu dorilarni ichmasa, buyrak ishdan chiqishi hech gapmas. Axir bizga davlat tomonidan bir necha turdagi dorilar ajratiladi-ku. Nima sababdan bu dorilar bemorlarga muntazam ravishda berilmayapdi? Qachonki, yugur-yugur qilsak, unga uchrash, bunga uchrashishlardan keyina bir oyga yetadigan dori berilyapti, bo‘lmasa yo‘q.  Toshkentga kelsak «o‘zlaringning viloyatlaringga boringlar», deydi, viloyatdagilar esa: «tepadan berishsa beramiz, bizning qo‘limizda emas» deydi. Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘ziga shu yil uchinchi marta kelishimiz. Foydasi bo‘lgani yo‘q... Ming afsuski, ayrim kerakli dorilar —  «maysept» hamda «panGraf» faqatgina davlat tomonidan berilsa bor, bo‘lmasa yo‘q. Dorixonalarda sotilmas ekan. Bir oy undan, bir oy bundan falon pulga topganimiz bilan bo‘lmayapti.

– Men ham ana shu dori masalasida Navoiy shahridan keldim, – deydi Quvondiq Bobomurodov. – Menga bir yarim yilcha oldin opam donorlik qilgan. Ungacha besh yil mobaynida gemodializ apparati yordamida yurganman. O‘tgan yili bir-ikki quti deb berilib turardi: yil davomida taxminan sakkiz quticha oldim. U ikki oyga yetdi, xolos. Qolgan paytlari sotib olib ichdim. Ana shu dorilar uchun har oy o‘rtacha hisobda bir yarim-ikki million so‘m xarajat qilaman. Shu muammomizni hal qilib berishsa, ortiqcha ovora bo‘lmasmidik...

– Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanidan keldim, – deydi 30 yoshli Zilola Normatova. – Ikki nafar 8-9 yoshli bolalarimni yolg‘iz o‘zim katta qilyapman. 188 ming so‘m nafaqa olaman. Davlat tomonidan beriladigan dorilarni oxirgi marta o‘tgan yilning dekabrida olgan edim. Shundan beri boshqa dori berishgani yo‘q. O‘zim bir amallab sotib olyapman. Yordam beradigan hech kimim yo‘q. Ko‘cha-ko‘yda odamlar bergan pulga dori olyapman. Qachongacha bu zaylda dori ichaman. Farzandlarim uchun yashashim kerak-ku, axir! Operatsiya qildirganimning boisi ham shu edi. 2018 yil 28 iyulda otamdan iltimos qilib, bitta buyraklarini olib qo‘ydirdim. Shifokorlarimizga rahmat, bir so‘m olmasdan operatsiya qilishdi, dori-darmonlarniyam o‘zlari berishdi. Shunday bo‘lsa-da, ul-bul xarajatlar uchun, to‘g‘risini aytsam, masjidlardan yordam so‘radim. Shukrki, yaxshi odamlar ko‘p ekan. Menga yordam berishdi. Dori masalasida juda ham qiynalib qoldim. Har kuni belgilangan dozani ichmasam bo‘lmaydi. Mana hozirgina «selseft»ni uch yuz mingga oldim. Uniyam bir kishidan yordam so‘raganim uchun o‘zi kelib olib berdi – qo‘limga pul bergani yo‘q. Ichida ellikta tabletka bo‘ladi. Bu o‘n ikki kunga yetadi, xolos. Shundayam kechki mahalga yetmaydi. Yana o‘n kundan keyin kimdan yordam so‘rayman? Bir quti «panGarf» esa atigi olti kunga yetadi. Yana boshqa qo‘shimcha dorilar, har oyda bir takrolimus tekshiruvi bor. Ungayam ikki yuz ming, jami kelib ketish xarajatimiz uchun besh-olti yuz ming so‘m ketadi. Chirchiqda uchrashmagan, murojaat qilmagan tashkilotim, yordam so‘ramagan odamim qolmadi hisob. Yordam bermaydimas, berishadi. Mahalla, hokimiyat yilda bir-ikki moddiy yordam ko‘rsatishadi. Buning uchunam hazilakam yugurtirishmaydi, hazilakam hujjat qildirishmaydi, hazilakam gaplarni eshitmayman... Hatto yashash uchun o‘z uyim yo‘q. Farzandlarim bilan bir kun u akamnikida, bir kun bu qarindoshnikida yashayman. Ikkita kelin bor: kasal odam hech kimga yoqmasakan...

Foto: «Xabar.uz»

...Ko‘rib turganingizdek, ularning aksariyati navqiron yoshdagi qizlar-yigitlar. Bugun buyrak transplantatsiyasi amaliyotini boshdan kechirgan yuzlab yurtdoshlarimiz (balki undan ham ko‘pdir) ana shunday muammo bilan yashamoqda. Salomatligi bois, turli qiyinchiliklarga, azoblarga uchrab, ikkinchi hayot boshlagan bu insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish insoniylikning eng oliy namunasi emasmi!? Ammo ularning dard-u hasratlarini eshitib, mutasaddilar inson hayoti bilan bog‘liq masalaga sovuqqonlik bilan qarayotganini tushunib bo‘lmaydi. Vazirlik binosi oldida to‘planib turgan 40 nafarga yaqin fuqaro hech bir mutasaddining e’tiborini tortmasa-ya?.. «Bizni eshitadigan odam topilib qolar, ichkariga kirishga ruxsat berishar», degan umidda 4-5 soatlab sovuq havoda o‘tirishni tasavvur qilasizmi? Ayniqsa, buyrak ko‘chirib o‘tkazilganiganiga borsa bir-bir yarim, olti oy ham bo‘lmagan bu bemorlarning. Ularga bekorga nogironlik darajalari berilmagandir?

Foto: «Xabar.uz»

Nihoyat soat 14:00 ga yaqin uch nafar vazirlik xodimi kelib, bu yerda to‘planib turganlardan izoh so‘radi. Yig‘ilganlarning «ichkariga kirishimizga ruxsat beringlir, dori kerak, bizni kimdir tinglasin» deyishi bilanoq «men bu yerda praktikantman», deya juftakni rostlab qoldi. Bu basavlat kishi ko‘rinishidan amaliyotchiga o‘xshamaydiku-ya?!

Shundan so‘ng soat 14:30larda qabulxonada o‘tirgan, ism-sharifini aytishni istamagan ayol ertalabdan buyon vazirlik mutasaddilaridan uch kishi murojaatchilar bilan uchrashganini ta’kidladi.

Shunda atrofimdagi o‘n-o‘n beshtacha murojaatchi bir ovozdan «nega yolg‘on gapirasiz, opa?! Bizning oldimizga hech kim kelmadi. Hozirgilarni aytayotgan bo‘lsangiz, hayronmiz, he yo‘q, be yo‘q qochib qolishdi», – deya hayratlarini yashira olishmadi.

Prezidentimiz takror va takror mutasaddi vazirliklar xodimlariga, rahbarlarga xalq dardi bilan ishlash, yashash kerakligini ta’kidlasada, oramizda xalqni yolg‘on bilan aldab bo‘lmasligini, ularni tinglashi, qalbiga yo‘l topish kerakligini hali ham tushunib yetmagan, mas’uliyatni his qilmaydigan mutaxassislar Sog‘liqni saqlash vazirligida yetarlicha, shekilli...

– O‘sha kuni soat uchda vazirning qabuli ekan. To‘rt kishiga  qabulga kirish uchun ruxsat berishdi, – deydi Quvondiq Bobomurodov, 6 aprelda telefon orqali bo‘lgan suhbatimizda. – Ammo aytishlaricha, vazir Alisher Shodmonov va o‘rinbosari Elmira Bositxonova xizmat safarida ekan. Bizni qabul qilgan vazirlik xodimi gap-so‘zlarimizni eshitgach, biz so‘rayotgan dorilar tender asosida chet eldan keltirilishini, bu jarayon o‘ziga bog‘liq emasligini, uzog‘i bilan bir-bir yarim oyda bu masala hal etilishi va shu yerdagi bemorlarga Toshkentdagi bor dorilarni yig‘ib keltirib berishni aytib, bizni tashqariga chiqarib yubordi. Mana uch kun bo‘ldiki, yangilik yo‘q.

Qiziq, buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti qo‘llanilgan hamyurtlarimiz mazkur ijtimoiy ahamiyatga ega «maysept» («mikofenolata»), «panGraf» («takrolimus») dori vositalari bilan o‘z vaqtida muntazam ravishda ta’minlanmayotganini Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari qanday izohlasharkin?

Mohigul Qosimova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring