«Jarqo‘rg‘on ishi» yopildi, tarqalinglar!

Shunday qilib, «Jarqo‘rg‘on ishi»yam yopildi. Ya’nikim, hech kimning harakatida jinoyat alomatlari yo‘q, hammayoq top-toza!
Gap nima haqida ketayotganini ko‘pchilik ilg‘adi, chamasi. Shunga qaramay, voqelikni yana bir karra yodga olish zarar qilmaydi.
2020-yil 10-iyul kuni ertalab Jarqo‘rg‘on tuman ma’muriy va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari raislari bilan yoqimsiz holat ro‘y beradi. Ishxonasiga ketayotgan sud raislarining xizmat avtomashinalari tuman markaziga kiraverishdagi blokpostda to‘xtatiladi. Karantin qoidalari tag‘in kuchga kirgan o‘sha kunlari shu yerda bo‘lgan hokim Z. Davlatov Vazirlar Mahkamasining maxsus komissiyasi qaroriga zid ravishda, tuman sudi xizmat avtomashinalarini postdan o‘tkazmay (xizmat avtomashinasi daxlsizligini buzib!) to‘sqinlik qiladi. So‘ng xizmat avtomashinasining orqa o‘ng eshigini ochib, shu atrofda turgan odamlar oldida sud xodimlarini obro‘sizlantirishga urinadi (mana, ko‘rib qo‘yinglar, sudyalarning o‘zi karantin qoidalarini buzmoqda, degan ma’noda!), hatto YPX xodimlarini ularga nisbatan ma’muriy protokol tuzishga da’vat etadi?!
Bu orada tuman sudining haydovchisi R.Rahimnazarovning qo‘lidan mashina kaliti kuch bilan tortib olinadi. So‘ng IIB boshlig‘i o‘rinbosari Sh. Azizberdiyev tuman sudiga tegishli mashina boshqaruvini qo‘lga olib, orqa o‘rindiqqa haydovchini «bosgan» (ikki nafar IIB xodimi yordamida) holda IIB binosiga olib ketadi. Yo‘l-yo‘lakay haydovchini haqoratlab ketgan Sh. Azizberdiyev tuman IIB binosiga kelgach, uni vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga tiqib qo‘yadi.
Haydovchi R. Rahimnazorovga ko‘ra, IIB binosiga kelgach, Sh. Azizberdiyev unga jismoniy kuch ishlatib, yerga yotqizadi va tirsagi bilan uning bosh qismini bosib, «seni qamoqqa olayin, keyin sayrataman», deya ochiqdan-ochiq tahdid qiladi.
2020-yil 10-iyuldagi 442-sonli sud-tibbiy tekshiruvi dalolatnomasiga ko‘ra, R.Rahimnazarovning badanida qontalash va shilinma aniqlanib, yengil tan jarohati olingani aniqlangan...
Oradan uch kun o‘tib, Surxondaryo viloyat prokuraturasi holat bo‘yicha JKning 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgani ma’lum qilindi.
Bu orada «Adolat» SDP mazkur voqeani qoralab, aybdorlar tegishli jazoga tortilishi haqida bayonot berdi. Bayonotda yuz bergan holat daxlsiz organga qilingan tahdid sifatida baholanadi.
Senatorlar ham jim turgani yo‘q. Senator Odiljon Iminov yuz bergan voqelik Surxondaryo viloyatiga biriktirilgan senat a’zolari tomonidan mutasaddilar ishtirokida o‘rganilgani va nazoratga olinganini bildirdi.
...Mana, oradan salkam uch oy o‘tgach, nihoyat, Surxondaryo viloyat prokuraturasi qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari nihoyasiga yetgani, pirovardida, hech kimning harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmagani uchun «ish» yopilgani haqida xabar berdi. Unga ko‘ra, haydovchi R. Rahimnazarov «hech kim urib tan jarohati yetkazmagani va hech kimga da’vosi yo‘qligini bildirgan». Uning ayni ko‘rsatmasi jinoyat ishini «yopish»ga yetib-ortgan ko‘rinadi. Vaholanki, uch oy burun sud-tibbiy ekspertizasi uning «yengil tan jarohati olgani»ni aniqlagandi...
Qoyil qolmay iloj yo‘q. Surxondaryoda jinoyat ishi qo‘zg‘atish ham, uni «yopish» ham buncha oson bo‘lmasa?! Tag‘in deng, sud xodimlariga nisbatan sodir bo‘lgan holat bo‘yicha ham!
Qisqasi, «Jarqo‘rg‘on ishi» shu tariqa yopildi. Ya’niki, hech kimning harakatida jinoyat alomatlari yo‘q, hammayoq top-toza!
Tarqalinglar...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter