Mirziyoyev Italiya muxolif partiyalarini birlashtirgan Abdulla Oripov haqida xotirladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 11-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Prezident o‘z nutqida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishda muhim bir masalaga e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi. Ushbu masalaga ko‘pincha ikkinchi darajali ish sifatida qarashga o‘rganib qolinganini qayd etdi.
— Misol uchun, agar Italiyadagi elchimiz shu mamlakat ishbilarmonlarining vakillarini yig‘ib, buyuk italyan shoiri va mutafakkiri Aligeri Dantening «Ilohiy komediya» asarini bizning ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov tarjima qilganini aytib, o‘zbekcha dantexonlik uyushtirsa, bilasizlarmi, nima bo‘ladi? Ularda O‘zbekistonga hurmat, qiziqish, hamkorlik qilishga intilish paydo bo‘ladimi-yo‘qmi? Men, o‘ylaymanki, albatta, paydo bo‘ladi, — dedi Prezident.
— Men Abdulla akaning bir kitobida shunday gaplarni o‘qiganman, — gapida davom etadi davlat rahbari. — U kishi Italiyaga borganida «O‘zbekistondan Dantening tarjimoni kelibdi», deb turli partiyalarning vakillari bir joyga to‘planib, shoirimiz bilan suhbatlashgan ekan. O‘shanda bir siyosatchi Abdulla akaga: «Hurmatli mehmon, biz aslida bir-birimizga ashaddiy raqibmiz. Partiyalarimiz, mafkuralarimiz har xil. Bir-birimiz bilan doim keskin raqobatdamiz. Lekin mana bugun buyuk Dantening hurmati, sizning sharofatingiz bilan bir dasturxon atrofida ahil-inoq to‘planib turibmiz. Sizga katta rahmat», degan ekan.
Mana, odamning yuragiga qanday yo‘l topish mumkin! Inson qalbini, xalq qalbini avvalo uning madaniyati, adabiyoti va san’atiga, milliy qadriyatlariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish orqali zabt etish mumkin, — deydi Shavkat Mirziyoyev.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter