IT-maslahat. Kompyuter ishlashini tezlashtirishning 10 usuli
Hamma tadbirkorlar ham o‘z biznes-masalalari bo‘yicha «Apple» texnikasidan foydalanmaydi – bizning sharoitimizda ko‘pchilik hali hanuz «Windows» o‘rnatilgan shaxsiy kompyuterlardan foydalanishni afzal deb biladi yoki bunga ko‘nikib qolgan. «IT-specialist» kanali operatsion tizimni qayta o‘rnatishdan tashqari kompyuter funksionalligini tezlashtiruvchi 10 ta umumiy usullar bilan bo‘lishdi.
1. Dasturlar tomonidan yaratilgan fayllarini muntazam ravishda «tozalab» turish
Har xil ilovalar tomonidan yaratilgan vaqtinchalik fayllarni topish va o‘chirishga yordam beradigan juda ko‘p sonli dasturlar mavjud (bu masala bo‘yicha ushbu maqolamizga murojaat eting). Vaqt o‘tib, kompyuterning ishlashini sekinlashtiruvchi bu ko‘rinishdagi ma’lumotlar katta miqdorda yig‘ilib qolishi mumkin.
2. Kompyuter ishlashi uchun shart bo‘lmagan vizual effektlar va animatsiyani o‘chirib qo‘yish
Chiroyli vidjetlar va effektlar tizimdan foydalanishni yoqimliroq qilishiga qaramasdan, ular qurilma ishini sekinlashtiradi. Masalan, «Windows 7»dagi «Aero» dizayn komponenti anchagina resurslarni talab etadi. Uning o‘rniga soddalashtirilgan uslub (stil)dagi standart mavzu (tema)lardan foydalangan ma’qul.
3. Viruslar kompyuter ishini sekinlashtiradi
Yovuz niyatli shaxslarga kerak bo‘lgan vazifalarni bajarish va shu bilan birga tizim resurslaridan ortiqcha foydalanuvchi zararli dastur va viruslar fon rejimida ishlashi mumkin. Ushbu holatning yuzaga kelishi xavfini minimallashtirish uchun to‘liq (ya’ni sinov muddati belgilanmagan) versiyali antivirusli dasturiy ta’minotlardan foydalanish lozim – chunki «trial» versiyalarda ko‘pincha foydalanuvchilar g‘ashiga teguvchi va antivirusni o‘chirib qo‘yishga undaydigan ko‘p sonli xabarnomalar mavjud. Bu uchun bepul mahsulot «Microsoft Security Essentials» yomon variant emas. Antivirusni o‘rnatgandan so‘ng uning sozlamalarida kompyuterni muntazam tekshirib turish va bazalarni yuklash hisobga olinganligiga amin bo‘lish lozim.
4. Xotira hech qachon ko‘p bo‘lmagan
Operativ xotira (RAM)ni «kuchaytirish» – kompyuter ishini tezlashtirish uchun bajarilishi eng qulay usul sanaladi. Muayyan bir qurilma uchun kerakli xotira turini aniqlashga yordam beruvchi maxsus servislar mavjud.
5. SSD-disklar tezroq ishlaydi
Ushbu usul nafaqat shaxsiy, balki har qanday turdagi kompyuter ishini tezlashtirishda yordam beradi. An’anaviy qattiq disklar (HDD – Hard Disk Drive) qattiq sirtli saqlovchi qurilmalar (SSD – Solid State Drive)ga nisbatan sekinroq ishlaydi. Bundan tashqari bu kabi disklarda qo‘zg‘aluvchi qismlar yo‘q, bu esa kompyuter ishlashida shovqinni nisbatan kamaytiradi. SSD-disklar standart saqlovchi qurilmalarga nisbatan qimmatroq, lekin narxlari borgan sari pasayib bormoqda.
6. Ko‘p sondagi avtomatik ishga tushuvchi dasturlar ishni sekinlashtiradi
Ko‘pincha kompyuter ishga tushirilgan paytida u uzoq vaqt “o‘ziga kela olmaydi” va odatdagidan sekinroq ishlaydi, buning sababi operatsion tizim ishga tushganidan so‘ng yuklanayotgan ko‘p sonli dasturlar hisoblanadi.
Ushbu ro‘yxatni boshqarishga yordam beruvchi menyuni chaqirish uchun «Pusk» menyusining qidiruv maydoni yoki «Win+R» tugmasini bosganimizda ochiladigan «Vipolnit» oynasining matn satriga «msconfig» buyrug‘i kiritiladi («Windows»ning so‘nggi versiyalarida bu Ctrl+Shift+Esc klavishalar birikmasi orqali chaqiriluvchi «Dispetcher zadach» oynasida joylashtirilgan). Biroq notanish dasturlarni qidiruv tizimiga kiritib, ahamiyatini o‘rganib ko‘rmaganingizga qadar o‘chirib qo‘yish joiz emas – ular «tizimli» dasturlar hisoblanib, kompyuterning to‘g‘ri ishlashiga ta’sir qilishi mumkin.
7. Eng «og‘ir» ishlovchi dasturlarni o‘z nazoratimizga olishimiz lozim
«Dispetcher zadach» (taskmgr.exe) yordamida joriy ishlab turgan jarayonlar ro‘yxatini va ularning har biri qancha resurs iste’mol qilayotganligini bilish mumkin. «Dispetcher zadach»dan foydalanish juda ahamiyatli emas, lekin samarali. Misol uchun, agar foydalanuvchi ko‘p bo‘limlar (vkladki) ochishga odatlangan bo‘lsa, ba’zi brauzerlar har bir ochilgan bo‘lim uchun alohida jarayon (protsess) yaratadi, keyin esa ularning orasida keraksiz hisoblanganlari katta hajmdagi xotirani egallab turgan bo‘lib chiqadi. «Dispetcher zadach»da ushbu bo‘lim (vkladka) jarayonini to‘xtatish joriy sahifada xatolik keltirib chiqaradi, bo‘limning o‘zi esa yopilib qolmaydi va istalgan vaqtda unga qaytish mumkin hisoblanadi.
8. Brauzer keshini tozalash
Veb-sahifalarga murojaat etganda kompyuter sekin ishlashni boshlasa, muammo qurilma yoki operatsion tizimda emas, balki brauzerda bo‘lishi mumkin. Keshni tozalash aksariyat hollarda brauzer ishlashini tezlashtirishga yordam beradi.
9. Defragmentatsiya kompyuter ishlashini tezlashtirishga imkon beradi
Kompyuterni tezlashtirish uchun defragmentatsiyaga murojaat qilishni hattoki «Microsoft»ning rasmiy sayti ham tavsiya etadi. Darhaqiqat, fayllarning yuqori darajadagi fragmentatsiyasi qattiq diskning qo‘shimcha ishlarni amalga oshirishiga majbur qiladi, bu esa qurilmaning umumiy sekinlashishiga olib keladi.
«Windows»da ma’lumotlarni tartibga keltirish maqsadida disklarni defragmentatsiya qilish uchun o‘rnatilgan vositasi mavjud – bu diskning yanada samarali ishlash imkonini beradi. Defragmentatsiya jarayonini foydalanuvchi tomonidan hamda aniq boshlanish vaqtini belgilash orqali avtomatik ishga tushirish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga defragmentatsiyaning SSD-disklarga zarar keltirishi haqida ko‘rsatmalar bor. Shuning uchun bu turdagi disklarda ushbu jarayonni amalga oshirmagan ma’qul (vaholanki ularni qo‘llab-quvvatlovchi defragmentatsiya dasturlari mavjud, dasturlar ko‘rsatmalariga aniq rioya etish esa juda muhim).
10. Vaqti-vaqti bilan kompyuterni qayta ishga tushirish (perezagruzka)
Kompyuterning to‘xtovsiz ishlashi bilan ba’zi dasturlar kerak bo‘lganidan ko‘ra ko‘proq xotira iste’mol qilishni boshlaydi – bu esa vaqt o‘tishi bilan kompyuterning sekin ishlashiga olib keladi. Qayta ishga tushirish ortiqcha band bo‘lib turgan xotirani “bo‘shatishga” yordam beradi. Bundan tashqari, ishni to‘xtatib qo‘ymaslik uchun foydalanuvchi tomonidan ancha payt ortga surilayotgan yangilanishlar (obnovleniya) kompyuter qayta ishga tushganidan so‘ng (agar ular mavjud bo‘lsa) o‘rnatiladi – ular turli xatolarni yopishi va qurilmaning tezlashishiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
E’tiboringiz uchun rahmat, ushbu ko‘rsatmalarning sizga foydasi tegadi, degan umiddamiz!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter