Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Islom Karimov o‘z avtomashinasiga «GAI» va «KGB» hamrohlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan. Birinchi Prezidentning birinchi tansoqchisi hikoya qiladi

Islom Karimov o‘z avtomashinasiga «GAI» va «KGB» hamrohlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan. Birinchi Prezidentning birinchi tansoqchisi hikoya qiladi

Sadullo Muhammadqulov

Foto: «Sputnik O‘zbekiston»

O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘z vaqtida mashinasiga maxsus xizmat xodimlarining hamrohlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan. Bu haqda uning sobiq xos soqchilari boshlig‘i, o‘z vaqtida Prezident xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan, zaxiradagi polkovnik Sadullo Muhammadqulov «Sputnik» nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

«Darhaqiqat men O‘zbekistonning birinchi Prezidenti uchun va mamlakatimiz uchun og‘ir bo‘lgan vaqtda Islom Abdug‘aniyevich Karimov bilan yonma-yon turib ishlaganman. 1988-yilning sentyabr oyida Afg‘onistondan qaytgandan keyin men Respublika xavfsizlik komiteti markaziy apparatining bo‘limlaridan birida ishga tayinlandim. Bu bo‘limda ikki yil ishlagandan keyin meni KGB raisining o‘rinbosari G.Aliyevning tavsiyasi bilan Komitetdagi 9-bo‘linma boshlig‘ining o‘rinbosari — xos soqchilar boshlig‘i etib tayinlashdi. Bu vazifa menga faol ishlashim uchun katta imkoniyatlarni ochib berar edi, chunki 1980-84-yillarda 9-bo‘limda xos soqchi lavozimida xizmat qilgan edim. Sovet ittifoqi davrida 9-bo‘lim O‘zbekistonning birinchi rahbari xavfsizligini ta’minlash bilan birga, xorijiy mamlakatlardan respublikaga davlat tashrifi bilan keladigan oliy darajadagi delegatsiyalarning xavfsizligi bilan bog‘lik tadbirlarni amalga oshirar edi. Men xos soqchilar guruhining boshlig‘i sifatida ish boshlaganimda 9-bo‘linmada ancha muammolar mavjud edi», — deydi S.Muhammadqulov.

Uning aytishicha, birinchi Prezident respublikaning avvalgi rahbarlaridan farqli o‘laroq, xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan juda «noqulay rahbar» edi. Masalan, O‘zbekiston kompartiyasining birinchi kotibi etib saylangandan keyin kamtarinlik qilib, o‘zining avtomashinasiga GAI va KGB xodimlarining hamrohlik qilishiga yo‘l qo‘ymagan.

«Uning avtomashinasiga oldindan GAIning bir mashinasi va orqadan GAI belgilari bo‘lmagan oddiy «VAZ — 2106 «JIGULI» avtomashinasi hamrohlik qilar edi. Albatta, biz birinchi navbatda ishni o‘sha davrda mavjud buyruq va instruksiyalarga muvofiq tashkil qila boshladik. Bu ba’zilarga ma’qul emas edi. Lekin biror kor-hol bo‘lsa, birinchi navbatda, professional sifatida biz javobgar bo‘lishimizni bilib, mavjud sistemani tartibga soldik», — deydi Sadullo Muhammadqulov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring