Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Islohotlar aholining dasturxonida aks etishi kerak» — Prezident

«Islohotlar aholining dasturxonida aks etishi kerak» — Prezident

Foto: Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi s’yezdida qilgan chiqishi davomida islohotlarga alohida e’tibor qaratdi.

— Har qanday islohot quruq raqamlarda emas, balki, eng avvalo, aholining kundalik hayotida, uning dasturxoni va ro‘zg‘orida o‘z aksini topishi zarur. Bu – hayotiy haqiqat.

Barcha orzu-niyatlarimiz, mashaqqatli mehnatimiz, kechani – kecha, kunduzni – kunduz demasdan amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz – hamma-hammasi, bizga katta umid va ishonch bilan qarab turgan xalqimiz uchundir.

Biz ushbu yo‘nalishdagi ezgu ishlarimizni davom ettirib, ijtimoiy adolat tamoyili asosidagi barqaror rivojlanish dasturini ishlab chiqdik va mazkur sohadagi faoliyatimizni davlat siyosati darajasiga ko‘tardik.

O‘zbekiston tarixida ijtimoiy soha bo‘yicha bunday keng ko‘lamli ishlar ilgari hech qachon bo‘lmagan.

Yurtimizda yashayotgan oilalar hayotini shu nuqtai nazardan tahlil qiladigan bo‘lsak, o‘tgan davrda qanday katta natijalarga erishganimiz ayon bo‘ladi.

Misol uchun, hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi har 100 ta oilaga 162 ta televizor, 107 ta xolodilnik, 287 ta mobil telefon, 49 ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelmoqda. Boshqacha aytganda, mamlakatimizdagi oilalarning qariyb yarmi, o‘zining shaxsiy avtomobiliga ega.

Yoki so‘nggi yillarda yurtimizda, ipoteka dasturlari doirasida, 140 mingdan ortiq uy-joylar barpo etildi. Bu raqamni oldingi yillarga solishtirganda, 11 martadan ham ko‘p demakdir, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, ushbu qurultoy davomida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan Shavkat Mirziyoyev nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga ko‘rsatildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring